Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
“Buxoro va Navoiy viloyatlarida qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Buxoro va Navoiy viloyatlarida ekologik vaziyatni yaxshilash, chiqindilarni qayta ishlash sohasiga zamonaviy yechimlar va texnologiyalarni joriy etish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish hamda sohaga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb etish maqsadida qaror qilaman:
I. Qattiq maishiy chiqindilardan elektr energiyasi ishlab chiqarishni tashkil etish
1. Toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar natijasida:
(a) “Wangneng (UZ) Environmental Protection Energy Pte. Ltd” kompaniyasi (Singapur) (keyingi oʻrinlarda — Investor) tomonidan “Buxoro va Navoiy viloyatlarida qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish” investitsiya loyihasi (keyingi oʻrinlarda — Loyiha) doirasida xorijiy korxona (keyingi oʻrinlarda — Loyiha kompaniyasi) taʼsis etilishi;
(b) Investor va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi oʻrtasida 2026-yil 14-sentabrda investitsiya shartnomasi imzolangani;
(v) “Oʻzenergosotish” AJ va Investor oʻrtasida 2026-yil 11-sentabrda Loyiha doirasida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitim imzolangani;
(g) Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) va Investor oʻrtasida 2026-yil 11-sentabrda qattiq maishiy chiqindilarni Loyiha kompaniyasiga yetkazib berish toʻgʻrisidagi bitim imzolangani;
(d) “WANGNENG GREEN ENERGY Pte. Ltd”, “WANGNENG URBAN ENVIRONMENT” hamda Buxoro viloyatida chiqindilarni yigʻish va olib chiqib ketish xizmatlarini koʻrsatuvchi “Aholitrans” MCHJ va “Maxsusavtoxoʻjalik” MCHJ oʻrtasida mulklarning oldi-sotdi shartnomasi imzolangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Loyihani amalga oshirish doirasida Investor va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi oʻrtasida tuzilgan investitsiya shartnomasi tasdiqlansin.
II. Majburiyat va imtiyozlar
3. Belgilansinki, elektr energiyasini sotib olish va qattiq maishiy chiqindilarni yetkazib berish toʻgʻrisidagi bitimlarga muvofiq:
(a) Loyiha kompaniyasi ishlab chiqarilgan elektr energiyasini 30 yil davomida “Oʻzenergosotish” AJga kafolatlangan tarzda sotadi;
(b) Loyiha kompaniyasi Loyiha doirasida elektr stansiyasini yagona elektr energiyasi tarmogʻiga ulash uchun zarur boʻlgan havo elektr uzatish tarmoqlari va tegishli elektr infratuzilmasi qurilmalarini “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan beriladigan texnik shartlar asosida quradi va ishga tushirilgandan soʻng ularni “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga topshiradi;
(v) Loyiha kompaniyasi elektr stansiyasini ishga tushirishdan oldin “Milliy dispetcherlik markazi” DUK va “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ bilan birgalikda uning elektr energetika tizimiga taʼsirini baholash boʻyicha texnik xulosa tayyorlaydi hamda mazkur xulosa asosida tarmoqqa ulanishning yakuniy shartlari kelishiladi;
(g) “Oʻzenergosotish” AJ 30 yil davomida elektr energiyasini kafolatlangan tarzda milliy valyutada xarid qiladi;
(d) Agentlik Loyiha kompaniyasiga 30 yil davomida qattiq maishiy chiqindilarni kafolatlangan hajmda yetkazib beradi;
(j) Loyiha kompaniyasi qurilish davridagi oʻz majburiyatlari lozim darajada bajarilishining taʼminoti sifatida 8 million AQSH dollari miqdorida birinchi darajali bank kafolatini taqdim etadi;
(z) Investor oʻz huquq va majburiyatlaridan Loyiha doirasida oʻzi tomonidan taʼsis etiladigan Loyiha kompaniyasi foydasiga voz kechadi.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) Loyiha kompaniyasi va “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan yer uchastkalari uchun toʻlanadigan ijara toʻlovi miqdori yer soligʻi miqdoriga tenglashtiriladi;
(b) Loyiha chiqindilarni utilizatsiya qilish va qayta ishlashga ixtisoslashgan sanoat zonalari (keyingi oʻrinlarda — ekosanoat zonasi) va ularga tutash boʻlgan hududlarda amalga oshiriladi.
5. Agentlik:
(a) havo elektr uzatish tarmoqlari uchun ajratilgan yer uchastkalarini Loyiha kompaniyasiga va “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga ijaraga beradi;
(b) ekosanoat zonalaridagi yer uchastkalarini ulardan Loyiha doirasida foydalanish uchun Loyiha muddatiga teng boʻlgan muddatga Loyiha kompaniyasiga ijaraga beradi.
6. Belgilansinki, Investor va Loyiha kompaniyasi 2026 — 2028-yillarda Buxoro viloyatida 165 million AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb etgan holda kuniga 1,5 ming tonna chiqindilarni termik usulda qayta ishlash orqali 238 million kVt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega uskunalar ishga tushirilishini taʼminlaydi.
III. Loyihani amalga oshirishni jadallashtirish chora-tadbirlari
7. Belgilab qoʻyilsinki, ekosanoat zonalariga tutash hududlar hamda Loyiha doirasida havo elektr uzatish tarmoqlari va elektr infratuzilmasi qurilmalarini qurish uchun zarur boʻlgan yer uchastkalari doimiy foydalanish huquqi bilan Agentlikka oʻtkaziladi.
8. Quyidagilarga:
(a) Agentlik va “Oʻzenergosotish” AJga:
(i) Loyiha kompaniyasi bilan birgalikda Loyihani amalga oshirish uchun xalqaro mustaqil injiniring kompaniyasi va boshqa maslahatchilarni “taklif soʻrovi” xarid qilish tartib-taomili orqali jalb qilishga;
(ii) Loyiha doirasida uch oy davomida ishlab chiqariladigan elektr energiyasini sotib olish, chiqindilarni yetkazib berish majburiyati bajarilishining taʼminoti sifatida Loyiha kompaniyasi foydasiga respublika banklarida tasdiqlangan va tiklanadigan akkreditivlar ochishga;
(b) Agentlikning hududiy boʻlinmasi va Buxoro viloyati hokimligiga “WANGNENG GREEN ENERGY Pte. Ltd” bilan davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisida bitimlarni toʻgʻridan-toʻgʻri tuzishga ruxsat berilsin.
9. Belgilansinki, Loyiha kompaniyasiga barcha soliqlar va yigʻimlar toʻlangan holda Loyihani moliyalashtirish doirasida:
(a) kredit olish, chet el valyutasida mablagʻlar olish va ulardan foydalanish (shu jumladan, chet el valyutasida kredit tushumlari) uchun chet eldagi xorijiy banklarda bank hisobvaraqlari ochish;
(b) Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida boʻlgan chet el pudrat tashkilotlari, yetkazib beruvchilar yoki chet el kreditorlariga toʻlovlarni Oʻzbekiston Respublikasidagi bank hisobvaraqlari orqali oʻtkazmasdan, toʻgʻridan-toʻgʻri amalga oshirish huquqlari beriladi.
10. Belgilansinki, Loyiha doirasida:
(a) infratuzilma obyektlarini qurish ishlarini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-dekabrdagi “Hududlarda muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4929-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi;
(b) infratuzilma obyektlarini qurish-taʼmirlash ishlari boʻyicha buyurtmachi vazifasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi “Maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5101-son qarorida belgilangan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi;
(v) Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Agentlik, “Oʻzenergosotish” AJ va “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga Investor tomonidan Loyihani amalga oshirish doirasida imzolangan bitimlar boʻyicha majburiyatlar bajarilmagan taqdirda, Loyiha kompaniyasi va Investor huquqini Loyihani moliyalashtirishda ishtirok etadigan boshqa kreditorlarga toʻgʻridan-toʻgʻri oʻtkazish haqida bitimlar tuzish huquqi beriladi;
(g) zarur yer uchastkalari hamda unga tutash hududlarda havo elektr uzatish tarmoqlari va elektr infratuzilmasi qurilmalarini qurishda qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan foydalanganlik (toifasi oʻzgartirilganligi) uchun qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiligi oʻrni (kompensatsiya toʻlovlari) qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qoplab beriladi.
11. Investorning buyurtmanomasiga binoan Loyihani amalga oshirish doirasida:
(a) Tashqi ishlar vazirligi — jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislar hamda ularning oila aʼzolari uchun kirish vizalari, zarur hollarda, Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini;
(b) Ichki ishlar vazirligi — jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislar hamda ularning oila aʼzolariga koʻp martalik viza berilishi va uning muddati uzaytirilishini, shuningdek, turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazilishi va uning muddati uzaytirilishini;
(v) Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi — xorijiy fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) belgilangan tartibda taʼminlasin.
12. Buxoro viloyati hokimligi bir oy muddatda Kogon tumani “Guliston” MFY hududidan 40 gektar yer maydoni ekosanoat zonasi tashkil etish uchun doimiy foydalanish huquqi bilan Agentlikka ajratilishini taʼminlasin.
13. Agentlik Energetika vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda, zaruratga koʻra, Loyihani amalga oshirish uchun zarur boʻlgan yer uchastkalarining yer fondi toifasini oʻzgartirish yuzasidan Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasiga takliflar kiritib borsin.
14. Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasiga, zarur hollarda, Loyihaning maqsadli koʻrsatkichlariga va texnik-iqtisodiy parametrlariga Investor bilan kelishgan holda oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi berilsin.
IV. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
15. Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi loyiha hujjatlari belgilangan tartibda ekologik ekspertizadan oʻtkazilishini va Loyihani amalga oshirishda tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini taʼminlasin.
16. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi hamda Energetika vazirligi Loyiha amalga oshirilishi, shuningdek, tomonlar oʻrtasidagi bitimlar doirasidagi majburiyatlar bajarilishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.
17. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 17-sentabr,
PQ-331-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.09.2026-y., 07/26/331/0943-son)