Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi va Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qoʻshma qarori
“Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari tahririyati” davlat korxonasi faoliyatini tashkil etishning ayrim masalalari toʻgʻrisida
“Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladilar:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari tahririyati” davlat korxonasi hammuassisligidan chiqqanligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
“Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari tahririyati” davlat korxonasining yangi tahrirdagi Ustavi 1-ilovaga* muvofiq;
“Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari tahririyati” davlat korxonasining Tahrir hayʼati 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-2-ilovalar berilmaydi.
3. “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari tahririyati bosh muharriri (Oʻ. Rahmatov) “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari tahririyati” davlat korxonasining yangi tahrirdagi Ustavini hamda “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalarini oʻrnatilgan tartibda qayta davlat roʻyxatidan oʻtkazishni taʼminlasin.
4. Abilov Fazliddin Ibragimovich “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari tahririyati” davlat korxonasi “Xalq soʻzi” gazetasi masʼul kotibi etib tayinlansin.
5. Toshkent shahar hokimligi “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari tahririyati” davlat korxonasini (bundan buyon matnda Tahririyat deb yuritadi) Toshkent shahar, Mirobod tumani, Matbuotchilar koʻchasi, 32-uy manzilida tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirish yuzasidan zarur choralarni koʻrsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Tahririyatning hududlardagi mintaqaviy muxbirlik punktlarini Nukus shahri va viloyatlar markazlaridagi zarur shart-sharoitga ega boʻlgan binolardan tekin foydalanish huquqi asosida joy bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligidan Tahririyatni yuqori tezlikdagi internet axborot tarmogʻi bilan belgilangan tartibda taʼminlash choralarini koʻrish soʻralsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari A.K. Kadirov va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining oʻrinbosari Z.M. Nizomxodjayevga muassislar bilan Tahririyat oʻrtasida shartnoma tuzish topshirilsin.
8. Tahririyat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaror, farmoyishlari, vazirliklar va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlari hamda rasmiy statistik toʻplamlari, majburiy ravishda yuboriluvchi tashkilotlar roʻyxatiga kiritilsin.
9. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 29-noyabrdagi “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari tahririyati” davlat korxonasining Ustavi toʻgʻrisida”gi 674-I/402-I/248-sonli Qoʻshma qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 11, 589-modda);
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-dekabrdagi “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari tahririyati” davlat korxonasi faoliyatini tashkil etishning ayrim masalalari toʻgʻrisida”gi 2964-III/KQ-649-III/1013-sonli Qoʻshma qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 12, 945-modda) 1-bandi.
10. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilsin.
11. Mazkur Qoʻshma qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2020-yil 27-fevral,
150-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2020-yil 27-fevral,
KQ-17-IV-son