Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish kengaytirilishi hamda “yashil moliyalashtirish” mexanizmlarining takomillashtirilishi munosabati bilan “Yashil energiya” sertifikatlarini berish va muomalaga kiritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan toʻrtinchi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 30-avgustdagi PF-132-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
“yashil moliyalashtirish” mexanizmlarini takomillashtirish;
“yashil energiya” sertifikatlari joriy etilishini kengaytirish;
kichik quvvatli generatsiya obyektlarini qoʻshimcha ragʻbatlantirish.
2. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda energetika vaziri J.T. Mirzamahmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 14-aprel,
225-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 14-apreldagi 225-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 29-sentabrdagi 515-son qarori bilan tasdiqlangan “Yashil energiya” sertifikatlarini berish va muomalaga kiritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 2-bandda:
ikkinchi va uchinchi xatboshilar quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“ariza — muayyan davrda elektr energiyasi ishlab chiqarilganligi va yagona elektr tarmogʻiga yoki toʻgʻridan-toʻgʻri soʻnggi foydalanuvchiga uzatilganligini tasdiqlovchi “yashil energiya” sertifikatlarini berish uchun emitentga generatsiya obyektini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi ariza;
generatsiya obyekti — qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi qurilma”;
oʻninchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“qayta tiklanuvchi energiya manbalari — quyosh, shamol, gidroelektr, geotermal va biogaz elektr stansiyalari”;
oʻn toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“yashil energiya” sertifikati (keyingi oʻrinlarda — sertifikat) — platforma reyestriga kiritilgan generatsiya obyekti tomonidan tegishli hajmda ishlab chiqarilgan hamda yagona elektr energetika tarmogʻiga yoki toʻgʻridan-toʻgʻri oxirgi foydalanuvchiga uzatilgan elektr energiyasini tasdiqlovchi yozuv”.
2. 5-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“5. Muayyan davr davomida qayta tiklanuvchi energiya manbalarida ishlab chiqarilgan hamda yagona elektr tarmogʻiga yoki toʻgʻridan-toʻgʻri oxirgi foydalanuvchiga uzatilgan tegishli miqdordagi MVt/soat elektr energiyasi uchun sertifikatlar faqat bir marta beriladi”.
3. 7-banddagi “bitta generatsiya obyekti” soʻzlari “bir registrant” soʻzlari bilan almashtirilsin.
4. 8-banddagi “elektr tarmogʻiga uzatilmagan” soʻzlari “foydalanilgan” soʻzi bilan almashtirilsin.
5. 15-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“15. Generatsiya obyektini roʻyxatga olish uchun registrant tomonidan emitentga quyidagi miqdordagi bir martalik yigʻim amalga oshirilayotgan sanadagi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining rasmiy valyuta kursi boʻyicha milliy valyutada undiriladi:
umumiy quvvati 1 MVtgacha boʻlgan generatsiya obyektlari uchun — 100 yevro miqdorida;
umumiy quvvati 1 MVtdan 5 MVtgacha boʻlgan generatsiya obyektlari uchun — 500 yevro miqdorida;
umumiy quvvati 5 MVtdan 10 MVtgacha boʻlgan generatsiya obyektlari uchun — 1 000 yevro miqdorida;
umumiy quvvati 10 MVtdan 50 MVtgacha boʻlgan generatsiya obyektlari uchun — 1 500 yevro miqdorida;
umumiy quvvati 50 MVtdan katta boʻlgan generatsiya obyektlari uchun — 2 000 yevro miqdorida”.
6. 20-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“20. Sertifikatlarni chiqarish uchun registrant tomonidan platforma orqali emitentga ariza beriladi va quyidagi maʼlumotlar kiritiladi:
a) yagona elektr energetikasi tarmogʻiga uzatilgan elektr uchun:
CCD04 shakldagi toʻldirilgan va imzolangan soʻrovnoma (generatsiya obyekti yoki obyektlari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi miqdori, ishtirokchi nomi);
korxonaning umumiy faoliyati toʻgʻrisida maʼlumotlar;
elektr energiyasi ishlab chiqarish davomiyligi va uning hajmi (kVt.s);
generatsiya obyektlarida elektr energiyasini ishlab chiqarish holati “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ (“Oʻzenergosotish” AJ yoki “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ) tomonidan tasdiqlangan hujjat;
sertifikat chiqarish uchun moʻljallangan registrantning ishtirokchi akkaunti maʼlumotlari;
b) toʻgʻridan-toʻgʻri soʻnggi foydalanuvchiga uzatilgan elektr uchun:
CCD04 shakldagi toʻldirilgan va imzolangan soʻrovnoma (generatsiya obyekti yoki obyektlari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi miqdori, ishtirokchi nomi);
korxonaning umumiy faoliyati toʻgʻrisida maʼlumotlar;
elektr energiyasi ishlab chiqarish davomiyligi va uning hajmi (kVt.s);
elektr energiyasini toʻgʻridan-toʻgʻri qabul qilgan soʻnggi foydalanuvchi va generatsiya obyekti egasi tomonidan tuzilgan muayyan davrda uzatilgan elektr hajmini tasdiqlovchi dalolatnoma;
sertifikat chiqarish uchun moʻljallangan registrantning ishtirokchi akkaunti maʼlumotlari;
generatsiya obyektlarida elektr energiyasini ishlab chiqarish holati boʻyicha elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimidan (EHNAT) olingan va elektr energiyasini sotib oluvchi tomonidan tasdiqlangan hujjat”.
7. 23 va 24-bandlar quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“23. Ishlab chiqarilgan elektr energiyasini hisoblash nuqtasi:
yagona elektr energetika tarmogʻiga uzatilganida — elektr tarmogʻiga uzatish joyida;
toʻgʻridan-toʻgʻri oxirgi foydalanuvchiga uzatilganida — elektr tarmoqlarining balans boʻyicha mansublik chegarasi boʻladi.
24. Tekshirish natijalariga koʻra ishlab chiqarilgani va yagona elektr energetika tarmogʻiga yoki toʻgʻridan-toʻgʻri soʻnggi foydalanuvchiga uzatilgani tasdiqlangan “yashil elektr” energiyasi hajmiga mos ravishda emitent tomonidan platforma orqali har 1 MVt/soat elektr energiyasi uchun 1 ta noyob identifikatsiya raqamli sertifikat chiqariladi”.
8. 31-banddan “elektr tarmogʻiga” soʻzlari chiqarib tashlansin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.04.2025-y., 09/25/225/0339-son)