Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi Vazirlar Mahkamasi boʻysunuviga oʻtkazilishi munosabati bilan Hukumatning ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoqilgʻi-energetika tarmogʻida davlat nazorati tizimini takomillashtirish chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024-yil 23-avgustdagi PF-118-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2024-yil 1-oktabrdan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
a) oilaviy korxonalar, hunarmandlar, diniy tashkilotlar, yotoqxonalar, uy-joy mulkdorlari shirkati hamda koʻp kvartirali uyni boshqaruvchi tashkilotlarga ularning ixtiyoriga koʻra soliq va boshqa imtiyozlarni saqlab qolgan holda elektr energiyasi uchun toʻlovlarni II yoki III tarif guruhlarida amalga oshirishga ruxsat beriladi.
Bunda isteʼmolchilar hisobot oyi boshlanguniga qadar elektr taʼminoti korxonasiga murojaat qilishlari zarur;
b) yoqilgʻi-energetika resurslaridan noqonuniy foydalanish bilan bogʻliq qoidabuzarliklar boʻyicha undirilgan zarar summasining Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasining maxsus maqsadli hisobvaragʻiga kelib tushgan qismidan 20 foizi noqonuniy foydalanish holatini fosh etishda tashabbus koʻrsatgan organga hamda 10 foizi Bosh prokuraturaning rivojlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.
Mazkur kichik bandda belgilangan qoida 2024-yil 1-oktabrga qadar aniqlangan noqonuniy holatlarga hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi bayoni bilan tasdiqlanadigan taqsimot proporsiyasiga muvofiq tushadigan mablagʻlarga nisbatan tatbiq etilmaydi;
v) yoqilgʻi-energetika resurslarini iqtisod qilish rejalari bajarilishini taʼminlagan hamda huquqbuzarlikka qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etgan prokuratura organlari xodimlari Bosh prokuraturaning rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan har oyda xodim ish haqining 50 foiz miqdorida ragʻbatlantiriladi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 1-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlari 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi boshligʻi I.A. Nimatullayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 25-sentabr,
603-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.09.2024-y., 09/24/603/0751-son; 05.01.2026-y., 09/26/850/0011-son)