Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ozarbayjon Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bayonnoma
1997-yil 18-iyundagi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ozarbayjon Respublikasi Hukumati oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi fuqarolarining vizasiz safar qilishlari toʻgʻrisidagi Bitimga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan davlat reyestrida 4520-AZ-2023 (2)-H tartib raqami bilan roʻyxatga olindi.]
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ozarbayjon Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Tomonlar davlatlari fuqarolarining oʻzaro safar qilishlarini tartibga solishga boʻlgan intilishni ifoda etib,
1997-yil 18-iyundagi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ozarbayjon Respublikasi Hukumati oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi fuqarolarining vizasiz safar qilishlari toʻgʻrisidagi Bitimning (keyingi oʻrinlarda — Bitim) 7-moddasiga asoslangan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Bitimning 2-moddasi quyidagi mazmundagi ikkinchi va uchinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“2. Bir Tomon davlatining boshqa Tomon davlatining hududida vaqtincha boʻlib turgan fuqarolari, basharti ularning boʻlib turish muddati Tomonlar davlatlarining Davlat chegarasini mazkur Bitimning 1 va 2-ilovalarida koʻrsatilgan shaxsni va fuqarolikni tasdiqlovchi hujjatlar asosida kesib oʻtgan paytdan boshlab 15 (oʻn besh) kalendar kundan oshmasa, oʻzlari boʻlib turgan Tomon davlatining vakolatli organlarida roʻyxatdan oʻtish (hisobga qoʻyish) majburiyatidan ozod etiladilar.
3. Agar bir Tomon davlatining fuqarosi boshqa Tomon davlatining hududida 15 (oʻn besh) kalendar kundan ortiq boʻlib turgan taqdirda, ushbu fuqaro oʻzi boʻlib turgan Tomon davlatining milliy qonunchiligiga muvofiq uning vakolatli organlarida roʻyxatdan oʻtishi (hisobda turishi) lozim”.
2-modda
Bitimning 1 va 2-ilovalari mazkur Bayonnomaning 1 va 2-ilovalariga muvofiq yangi tahrirda bayon etilsin.
3-modda
Mazkur Bayonnoma kuchga kirgan sanadan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ozarbayjon Respublikasi Hukumati oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi fuqarolarining vizasiz safar qilishlari toʻgʻrisida 1997-yil 18-iyundagi Bitimga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi 2010-yil 27-sentabrda Toshkent shahrida imzolangan Bayonnoma oʻz kuchini yoʻqotadi.
4-modda
Mazkur Bayonnoma Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarilganligi toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali oxirgi yozma bildirishnoma olgan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Bayonnoma Bitimning ajralmas qismi hisoblanadi va Bitimning amal qilishi tugatilgan sanadan eʼtiboran oʻz kuchini yoʻqotadi.
Boku shahrida 2023-yil 22-avgustda, ikki nusxada, har biri oʻzbek, ozarbayjon va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir.
Mazkur Bayonnomaning matnlari oʻrtasida tafovutlar yuzaga kelgan taqdirda, Tomonlar rus tilidagi matnga murojaat qiladidar.
(imzolar)
1-ilova
Ozarbayjon Respublikasi fuqarolarining Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirishlari, undan chiqishlari va harakatlanishlari uchun hujjatlar
RUYXATI
1. Ozarbayjon Respublikasi umumiy fuqaro pasporti;
2. Ozarbayjon Respublikasi xizmat pasporti;
3. Ozarbayjon Respublikasi diplomatik pasporti;
4. Ozarbayjon Respublikasi dengizchisi guvohnomasi (kema ekipaji roʻyxati yoki koʻchirmasi bilan);
5. Havo kemasi ekipaji aʼzosining guvohnomasi (parvoz topshirigʻida tegishli yozuv boʻlganda);
6. Ozarbayjon Respublikasiga qaytish uchun guvohnoma (faqat Ozarbayjon Respublikasiga qaytish uchun).
2-ilova
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining Ozarbayjon Respublikasi hududiga kirishlari, undan chiqishlari va harakatlanishlari uchun hujjatlar
RUYXATI
1. Faqat Oʻzbekiston Respublikasiga qaytish uchun Oʻzbekiston Respublikasi biometrik boʻlmagan namunadagi fuqaro pasporti;
2. Quyidagilar uchun berilgan Oʻzbekiston Respublikasi biometrik pasporti:
a) chet elda doimiy yashash uchun Oʻzbekiston Respublikasidan roʻyxatdan chiqarilgan fuqarolar;
b) Oʻzbekiston Respublikasiga qaytishda barcha fuqarolar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasporti;
4. Oʻzbekiston Respublikasi biometrik diplomatik pasporti;
5. Oʻzbekiston Respublikasiga qaytish guvohnomasi (faqat Oʻzbekiston Respublikasiga qaytish uchun);
6. Havo kemasi ekipaj aʼzosining guvohnomasi (ekipaj tarkibida parvoz qilish vaqtida);
7. Hukumatlararo feldyeger xizmati xodimining shaxsni tasdiqlovchi guvohnomasi.