Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
1992-YIL 1 OKTYABRDAN NAFAQALAR, STIPENDIYALAR HAMDA BUDJET HISOBIDAGI TAShKILOTLAR XODIMLARINING ISh HAQI MIQDORLARINI OShIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekistonga tashqaridan olib kelinadigan yoqilgʻi-energetika resurslari qimmatlashganligi munosabati bilan hamda respublika aholisini ijtimoiy muhofaza qilish borasida oldini olish choralarini taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasining hududida ish haqi va mehnat nafaqalarining miqdori oyiga 2000 soʻm qilib belgilansin.
2. Ulugʻ Vatan urushining qatnashchilari va nogironlariga eng oz miqdori 2500 soʻm boʻlishidan kelib chiqib, nafaqalar miqdori belgilansin. Ulugʻ Vatan urushi III guruh nogironlari nafaqalarining miqdori eng oz ish haqi darajasiga yetkazilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasining Ijtimoiy taʼminot vazirligi belgilangan eng oz miqdorga asoslanib, fuqarolar ish stajining oz-koʻpligiga va xizmatlariga qarab, mehnat nafaqalarini tabaqalashtirilgan miqdorlarda qaytadan hisoblab chiqsin.
4. Budjet hisobidagi muassasalar va tashkilotlar xodimlarining ish haqi 1,6 baravar oshirilsin.
5. Bolali oilalarga madad berish maqsadida bolalar uchun hozirgi vaqtda amalda boʻlgan ijtimoiy nafaqalar oʻrta hisobda 1,5 baravar oshirilsin. Belgilab qoʻyilsinki, jami daromadi oilaning har bir aʼzosiga hisoblaganda eng oz oylik ish haqidan oshmaydigan bolali oilalarga nafaqalar toʻlanadi.
6. Fuqarolarning soliq olinmaydigan daromadlarining eng past darajasi oyiga 2000 soʻm miqdorida belgilansin.
Oyiga 8 ming soʻmgacha boʻlgan ish haqidan olinadigan daromad soligʻining eng kam miqdori (12 foiz) belgilansin. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddat ichida belgilangan tartibda oyiga 8 ming soʻmdan oshadigan ish haqidan tabaqalashtirilgan tarzda soliq olish toʻgʻrisidagi takliflarni kiritsin.
7. Oliy oʻquv yurtlari talabalarining stipendiyalari, texnikumlar hamda kiyim-bosh va ovqat bilan taʼminlanmaydigan hunar-texnika bilim yurtlari oʻquvchilarining stipendiyalari 1,6 baravar koʻpaytirilsin. Talabalarning oshxonalari va bufetlarida tushlik ovqatlarning qiymatidan 50 foizli chegirmalar saqlab qolinsin.
8. Birinchi marta nikohdan oʻtayotgan kelin-kuyovlarga gilam buyumlar va mebel sotishda imtiyozli tartib saqlab qolinib, oilaga beriladigan tovon miqdori 5000 soʻmgacha koʻpaytirilsin.
9. Respublika mahalla komitetlari raislari va kotiblarining mansab maoshlari 2 baravar oshirilsin.
10. Budjetdan pul bilan taʼminlanadigan vazirliklar, idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasining Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari, tashkilotlar va muassasalar ish haqi, pensiyalar va stipendiyalar ushbu Farmonda belgilangan miqdorlarda oʻz vaqtida toʻlanishini taʼminlasinlar.
11. Respublika vazirliklari, idoralari, uyushmalari, konsernlari, korxonalari va xoʻjaliklari belgilangan eng oz miqdorga asoslanib, ishlovchilarning maoshini yanada oshirsinlar.
12. Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki korxonalarga, tashkilotlar, muassasalarga ish haqi oʻz vaqtida toʻlanishini taʼminlovchi choralar koʻrsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 8-oktabr,
PF-479-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 12-son, 451-modda)