O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yo‘l harakati qoidalariga avtomobil yo‘llarida harakat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida” 2023-yil 28-fevraldagi PF-27-son Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasini “shahar avtomobillar emas, balki piyodalar uchun” g‘oyasi asosida isloh qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida” 2023-yil 28-fevraldagi PF-27-son Farmonining 15-bandiga muvofiq 2023-yil 1-apreldan boshlab Toshkent va Nukus shaharlarida hamda viloyatlar va tumanlarning markazlarida transport vositalari harakatlanishining eng yuqori tezligi soatiga 70 kilometrdan 60 kilometrgacha tushirilishi belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 172-son qarori bilan tasdiqlangan Yo‘l harakati qoidalarining 78-bandi ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Nukus va Toshkent shaharlarida, viloyatlar va tumanlarning markazlarida, shuningdek shaharlar hududlarida transport vositalarining tezligini soatiga 60 kilometrdan oshirmasdan harakatlanishga ruxsat etiladi”.
3. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ushbu qarorning mazmun-mohiyati ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va rasmiy veb-saytda keng yoritilishi hamda aholi e’tiboriga yetkazilishini ta’minlasin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 3-aprel,
140-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2023-y., 09/23/140/0191-son)