Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining
buyrugʻi
“Qimmatli qogʻozlar emissiyasi va emissiyaviy qimmatli qogʻozlar chiqarilishlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyruqqa oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 29-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2000-9]
Oʻzbekiston Respublikasining “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-avgustdagi PF-6044-son “Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va 2020-yil 22-sentabrdagi PF-6065-son “Oʻzbekiston Respublikasida identifikatsiya ID-kartalarni joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonlari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-apreldagi PQ-5073-son “Kapital bozorini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi bosh direktorining 2009-yil 16-iyuldagi 2009-40-son “Qimmatli qogʻozlar emissiyasi va emissiyaviy qimmatli qogʻozlar chiqarilishlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2000, 2009-yil 30-avgust) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 36-son, 394-modda) ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakili bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir T. IShMETOV
Toshkent sh.,
2022-yil 1-avgust,
39-son
Kelishildi:
Savdo-sanoat palatasi Raisi D. VAXABOV
2022-yil 1-avgust
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil D. KASIMOV
2022-yil 1-avgust
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Direktori A. ORTIKOV
2022-yil 4-iyul
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
2022-yil 15-iyul
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2022-yil 1-avgustdagi 39-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
“Qimmatli qogʻozlar emissiyasi va emissiyaviy qimmatli qogʻozlar chiqarilishlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyruqqa kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. Buyruqning muqaddimasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasining “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi va “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq buyuraman:”.
2. Qoidalarda:
a) 1-bandning toʻqqizinchi xatboshisidagi “Kapital bozorini rivojlantirish agentligi va uning hududiy boshqarmalari” degan soʻzlar “Moliya vazirligi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
b) 7-bandning ikkinchi xatboshisidagi “20 foizidan” degan soʻzlar “25 foizidan” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
v) 8-banddagi “emitentning roʻyxatdan oʻtkazilgan ustav kapitalining 20 foizidan” degan soʻzlar “emitent ustav kapitalining 25 foizidan” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
g) 29-bandda:
birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Foizli, diskontli, yutuqli, seriyali (obligatsiyaviy dasturga asoslangan) va maqsadli (foizsiz) obligatsiyalar chiqarilishi mumkin.”;
quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Seriyali (obligatsiyaviy dasturga asoslangan) obligatsiyalar toʻlov muddati davriy ravishda tegishli emissiya qarori (risolasi) bilan belgilangan muddatlarda yuzaga keladigan obligatsiyalar hisoblanadi.”;
oltinchi xatboshi yettinchi xatboshi deb hisoblansin;
d) 1 va 1a-ilovalarning 11.7-bandidagi “baholash faoliyatini amalga oshirishga doir litsenziyaning raqami, berilgan sanasi va litsenziyaning amal qilish muddati, koʻrsatilgan litsenziyani bergan organ.” degan soʻzlar “baholovchi tashkilotning professional jamoat birlashmasiga aʼzoligi toʻgʻrisidagi guvohnoma raqami va berilgan sanasi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
e) 2v-ilovaning 7 va 10-bandlaridagi “pasport maʼlumotlari” degan soʻzlar “pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-karta maʼlumotlari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2022-y., 10/22/2000-9/0778-son)