O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
VAZIRLAR MAHKAMASINING “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA KO‘ChMAS MULK DAVLAT KADASTRINI YURITISh TO‘G‘RISIDA” 1997-YIL 2 IYuNDAGI 278-SON QARORIGA QO‘ShIMChALAR KIRITISh HAQIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 19-oktabrdagi 483-sonli “O‘zbekiston Respublikasi yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri Davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasidagi viloyat, tuman va shahar ko‘chmas mulk kadastri xizmatlari ishlarini muvofiqlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida ko‘chmas mulk davlat kadastrini yuritish to‘g‘risida” 1997-yil 2-iyundagi 278-son qarorining 2-bandi quyidagi mazmundagi xatboshilar bilan to‘ldirilsin:
“O‘zgeodezkadastr” bosh boshqarmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar er, binolar va inshootlar davlat kadastri bosh boshqarmalari ishlarini muvofiqlashtirish hamda ularga tashkiliy-uslubiy rahbarlik qilish uchun ko‘chmas mulk davlat kadastri maxsus xo‘jalik hisobidagi xizmatini tashkil etsin.
Belgilab qo‘yilsinki, ko‘chmas mulk davlat kadastri maxsus xizmatini mablag‘ bilan ta’minlash Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, shaharlarning er, binolar, inshootlar davlat kadastri bosh boshqarmalarining xo‘jalik hisobidagi faoliyatidan ajratmalar hamda boshqa xo‘jalik hisobidagi manbalar hisobiga amalga oshiriladi”.
2. O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining “O‘zbekiston SSR Kommunal xo‘jaligi ministrligining O‘zbekiston SSR shaharlari va shahar posyolkalaridagi imoratlarni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi yo‘riqnomasini tasdiqlash haqida” 1972-yil 2-noyabrdagi 480-son qarori (O‘zSSR QT., 1972-y., 10-son, 65-modda) o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri O‘. SULTONOV
Toshkent sh.,
1997-yil 9-dekabr,
541-son