Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAKILLARINI OʻQITISHNI TASHKIL ETISH UCHUN YAPONIYA HUKUMATINING BEGʻARAZ YORDAMIDAN SAMARALI FOYDALANISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyuldagi 396-sonli “Qonunchilik bazasini yanada tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi vakillarini Yaponiyada oʻqitishni tashkil etish uchun berilayotgan Yaponiya Hukumatining 348 mln Yaponiya yeni miqdoridagi begʻaraz yordamidan samarali foydalanishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Yaponiya Hukumatining Oʻzbekiston Respublikasi vakillarini Yaponiyaning yetakchi universitetlari magistraturasida oʻqitishni tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S.Azimov Ayirboshlash notasi sifatidagi bitimni Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan imzolashga vakil qilinsin.
3. Quyidagilarga:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga Yaponiya tomoni bilan kelishgan holda loyihani amalga oshirish uchun begʻaraz yordam mablagʻlarini olish va ularga xizmat koʻrsatishga doir barcha tartibotlarni rasmiylashtirish, shu jumladan stipendiatlarni tanlash va Yaponiyaga yuborish;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga yuqorida koʻrsatilgan begʻaraz yordamga hisob-kitob yuzasidan xizmat koʻrsatish yuklansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi Ayirboshlash notalarida belgilangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qabul qilingan majburiyatlari bajarilishini taʼminlasinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining buyurtmanomalari boʻyicha loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari konsullik yigʻimlari undirilmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining buyurtmanomalari boʻyicha loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi yaponiyalik mutaxassislarni davlat boji undirmasdan yashash joyida vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazsin va vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazishni uzaytirsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R.S.Azimov va H.S.Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 24-iyul,
264-son