Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Respublika oliy taʼlim muassasalariga talabalikka qabul qilingan iqtidorli yoshlarni yanada qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Yoshlarni oʻz ustida muntazam ishlashga undash hamda bilimli yoshlarni yanada qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida:
1. 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab davlat oliy taʼlim muassasalari bakalavriatining kunduzgi taʼlim shakliga kirish imtihonlarida (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) eng yuqori ball toʻplagan 200 nafar yoshlar uchun Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti granti (keyingi oʻrinlarda — Prezident granti) joriy qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
a) davlat oliy taʼlim muassasalari bakalavriatining kunduzgi taʼlim shakliga kirish imtihonlari natijalariga koʻra, taʼlim sohalari kesimida, taʼlim olish tilidan qatʼi nazar, respublika boʻyicha eng yuqori ball toʻplagan abituriyentlarning 200 nafari Prezident grantiga daʼvogar boʻladi.
Bunda:
Prezident granti uchun ajratilgan kvotaning taʼlim sohalari boʻyicha taqsimoti har yili Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi;
muayyan taʼlim sohasi uchun ajratilgan Prezident granti kvotasi boʻyicha soʻnggi oʻrindagi abituriyent va u bilan bir xil ball toʻplagan barcha fuqarolar Prezident grantiga daʼvogar boʻladi;
b) qonunchilik hujjatlariga muvofiq oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirishda qoʻshimcha ball shaklida imtiyoz beriladigan toifadagi abituriyentlarning kirish imtihonlari natijalariga koʻra toʻplagan baliga qoʻshib berilgan ballar Prezident grantiga daʼvogarlarni aniqlashda hisobga olinmaydi;
v) Prezident grantiga daʼvogar boʻlgan abituriyentlar roʻyxati har yili kirish imtihonlari va tanlov toʻliq yakunlangandan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi;
g) Prezident grantiga daʼvogar boʻlgan abituriyentlar davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadi;
Oldingi tahrirga qarang.
d) Prezident granti sovrindorlari birinchi kursda barcha fanlarni “aʼlo” baholarga oʻqigan, maʼnaviy-maʼrifiy va ilmiy-tadqiqot yoʻnalishlarida yutuqlarga erishgan mazkur grantga daʼvogar talabalar orasidan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Respublika oliy taʼlim kengashi hamda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan oʻtkaziladigan tanlov asosida aniqlanadi;
(2-bandning “d” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)
e) oʻtkazilgan tanlov natijalariga koʻra gʻolib boʻlgan talabalarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi tayinlanadi va toʻlanadi.
Bunda talabaga:
Prezident granti uchun belgilangan stipendiya ikkinchi kursning oʻquv yili boshidan oyma-oy toʻlanadi va shu munosabat bilan unga umumiy shartlarda belgilanadigan stipendiya tayinlanmaydi;
oʻquv semestri yakuniga koʻra kamida bitta fandan oʻzlashtirish koʻrsatkichi “aʼlo” baho boʻlmaganda, Prezident granti sohiblariga kelgusi oʻquv semestri mobaynida umumiy tartibda belgilanadigan stipendiya tayinlanadi va toʻlanadi;
navbatdagi oʻquv semestri yakuniga koʻra barcha fanlar boʻyicha oʻzlashtirish koʻrsatkichi faqat “aʼlo” baho boʻlganda, Prezident granti uchun belgilangan stipendiya qayta tayinlanadi va toʻlab boriladi;
j) oʻqish yakuniga qadar Prezident grantini uzluksiz olgan talabalar bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga mos va turdosh mutaxassislik boʻyicha magistraturaga kirish imtihonlarisiz qoʻshimcha davlat granti asosida talabalikka qabul qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Bilim va malakalarni baholash agentligi Prezident grantiga daʼvogar boʻlgan abituriyentlar roʻyxatini har yili kirish imtihonlari toʻliq yakunlangandan soʻng bir hafta muddatda taʼlim sohalari boʻyicha oliy taʼlim muassasalari va bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari kesimida shakllantirib, Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasiga kiritib borsin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)
4. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Yoshlar ishlari agentligi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-sentabrga qadar, jumladan quyidagilarni nazarda tutuvchi Prezident granti sovrindorlarini tanlov asosida aniqlash tartibini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
a) tanlovda ishtirok etish uchun oliy taʼlim muassasasi rektori (direktori) tomonidan birinchi kursda barcha fanlarni “aʼlo” baholarga oʻqigan Prezident grantiga daʼvogar talabaga uning oʻqish davridagi yutuqlari, jumladan ilmiy-tadqiqot faoliyati, tashabbuskorligi, zamonaviy bilim va koʻnikmalarni oʻzlashtirganligi, namunali xulq-atvorga, sohasi boʻyicha zarur bilimga hamda respublikada olib borilayotgan islohotlarga oʻz fuqarolik pozitsiyasini bildira olish koʻnikmalariga ega ekanligi kabi shaxsiy fazilatlari boʻyicha tavsifnoma berish;
b) Prezident grantiga daʼvogar talabalarga quyidagi minimal talablarni qoʻyish:
oʻqiyotgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga oid konferensiya (tanlov)larda ishtirok etish;
oʻqiyotgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga mos kamida ikkita ilmiy-tadqiqot ishi (asar)ni eʼlon qilish;
davlat tili bilan bir qatorda kamida bitta xorijiy tilni (MDH mamlakatlari davlat tillaridan tashqari) va Oʻzbekiston tarixini bilish.
5. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
6. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.A. Musayev hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 6-iyul,
PQ-5172-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2021-y., 07/21/5172/0640-son; 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)