Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
GʻUZOR — BOYSUN — QUMQOʻRGʻON (QIZIL OKTАBR) YАNGI TEMIR YOʻL LINIYASINI LOYIHALAShTIRISh VA QURISh MASALALARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 24-yanvardagi 43-sonli “Toshguzar — Boysun — Qumqoʻrgʻon” yangi temir yoʻl liniyasi qurilishini jadallashtirish toʻgʻrisida”gi qarorigi muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Foydali qazilmalar konlarini kompleks oʻzlashtirish, temir yoʻlda yuk tashishning transport taʼminotini yaxshilash, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining yangi mintaqalari ishlab chiqarish va ijtimoiy vazifalarini hal etish, Oʻzbekiston Respublikasining yagona temir yoʻl tarmogʻini shakllantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Gʻuzor — Boysun — Qumqoʻrgʻon (Qizil Oktabr) yoʻnalishida istiqbolda elektrlashtirish hisobga olingan holda yangi temir yoʻl liniyasini loyihalashtirish va qurish maqsadga muvofiq deb hisoblansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
loyihalashtirish va qurishning boshlanishi va tugallanishi muddatlari — 1995 — 2000-yillardir;
qurilishning buyurtmachisi — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksionerlik kompaniyasidir;
ishlab chiqarish va noishlab chiqarish ahamiyatiga ega boʻlgan obyektlar qurilishi boʻyicha bosh pudratchi — “Oʻzbektransqurilish” davlat uyushmasi va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa pudrat tashkilotlaridir.
Loyiha-qidiruv ishlarini bajarish uchun Qozogʻiston Respublikasining loyiha institutlarini jalb etish tavsiya qilinsin.
3. “Oʻzbektransqurilish” davlat uyushmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Energetika va elektrlashtirish vazirligi, “Oʻzbekneftgaz” milliy korporatsiyasi, Aloqa vazirligi bosh pudratchilar huquqi bilan “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksionerlik kompaniyasining topshirigʻi boʻyicha elektr uzatish, gaz va neft quvurlari, aloqa va boshqa muhandislik kommunikatsiyalari qurilmalarining mavjud liniyalarini koʻchirish va yangilarini qurishni buyurtmachining mablagʻlari hisobidan belgilangan muddatlarda taʼminlasinlar.
4. “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 1995 — 2000-yillarga moʻljallangan kapital qurilish prognozida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksionerlik kompaniyasiga yangi temir yoʻl liniyasini loyihalashtirish va qurish uchun respublika budjetidan zarur sarmoya mablagʻlari ajratilishini nazarda tutsinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasining aksionerlik-tijorat banklariga obyektni loyihalashtirish va qurishni mablagʻ bilan taʼminlashni amalda bajarilgan ishlar hajmi boʻyicha imtiyozli shartlarda amalga oshirish tavsiya etilsin.
6. Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari:
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksionerlik kompaniyasi bilan birgalikda temir yoʻl liniyalari, muhandislik va transport kommunikatsiyalari qurilishi, qurilishning boshqa obyektlari uchun yer maydonlari ajratishni belgilangan tartibda amalga oshirsinlar;
“Oʻzbektransqurilish” davlat uyushmasi bilan birgalikda qurilishga jalb etilgan xodimlarning ijtimoiy-maishiy sharoitlarini, ularning joylashishi, ovqatlanishini taʼminlasinlar;
temir yoʻl liniyasi qurilishiga qurilish boʻlinmalarini ularning mexanizmlari va odam resurslari bilan jalb etish imkoniyatini koʻrib chiqsinlar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi Gʻuzor — Boysun — Qumqoʻrgʻon (Qizil Oktabr) yangi temir yoʻl liniyasi qurilishi asosiy loyiha yechimlarining atrof muhitga taʼsirini baholashni ekologik ekspertizadan oʻtkazsin hamda xulosa tayyorlasin.
8. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksionerlik kompaniyasi, “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi, Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi asosiy loyiha yechimlari ekspertizasini amalga oshirsinlar va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
9. Istiqbolda elektrlashtirish hisobga olingan holda Gʻuzor — Boysun— Qumqoʻrgʻon (Qizil Oktabr) yangi temir yoʻl liniyasini loyihalashtirish va qurishni amalga oshirish davlat maqsadli dasturi deb hisoblansin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari R.R. Yunusov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 17-avgust,
323-son