Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
DAVLAT STATISTIKASI TOʻGʻRISIDA
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 11-avgustdagi OʻRQ-707-sonli “Rasmiy statistika toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
1-modda. Ushbu Qonunning asosiy vazifalari
Ushbu Qonun davlat statistikasini tashkil etish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi, davlat statistikasi organlarining vakolatlarini belgilaydi hamda yagona statistika axboroti tizimi yuritilishi uchun normativ asos yaratadi.
2-modda. Davlat statistikasi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Davlat statistikasi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining davlat statistikasi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-modda. Davlat statistikasining asosiy vazifalari
Davlat statistikasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
ijtimoiy-iqtisodiy hodisalar va jarayonlar hamda ularning natijalari toʻgʻrisidagi statistika maʼlumotlarini yigʻish, qayta ishlash, toʻplash, saqlash, umumlashtirish, tahlil etish va eʼlon qilish;
xalqaro standartlarga mos keluvchi yagona statistika uslubiyatini taʼminlash;
davlat organlari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, yuridik shaxslar, davlat muassasalari va xalqaro tashkilotlarni, shuningdek jamoatchilikni belgilangan tartibda statistika maʼlumotlari bilan taʼminlash;
statistika ishlarini tashkil etish uchun zarur boʻlgan iqtisodiy-statistika tasniflagichlar tizimini hamda Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registrini yuritish.
4-modda. Davlat statistikasining asosiy prinsiplari
Davlat statistikasining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
ishonchlilik, xolislik, begʻarazlik;
dolzarblik, qiyosiylik va barqarorlik;
qulaylik, ochiq-oydinlik va oshkoralik;
statistika hisobotini yigʻish, qayta ishlash va umumlashtirish tartibiga har qanday aralashishni istisno etuvchi statistika ishlarini tashkil etish tizimini yaratish.
5-modda. Davlat statistikasi organlari
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat statistikasi vakolatli organi hamda uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi, tumanlar va shaharlardagi organlari davlat statistikasi organlari hisoblanadi. Davlat statistikasi vakolatli organining rahbari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
(5-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 3-sentabrdagi OʻRQ-253-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2010-yil, 35-36-son 299-modda)
Davlat statistikasi organlari maʼlumotlar manbalarini, statistika usullarini, statistika maʼlumotlarining mazmuni, shakli, vaqti va tarqatilishini tanlashda mustaqildir. Davlat statistikasi organlarining faoliyatiga davlat organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari aralashishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Davlat statistikasi organlarini moliyalashtirish hamda moddiy-texnika jihatidan taʼminlash Davlat statistika ishlari dasturiga muvofiq Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi. Davlat statistika ishlari dasturiga kiritilmagan statistika ishlariga haq toʻlash buyurtmachi tomonidan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Davlat statistikasi organlarining ayrim boʻlinmalari oʻz faoliyatini shartnoma asosida amalga oshirishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
6-modda. Davlat statistikasi organlarining huquqlari
Davlat statistikasi organlari oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga egadir:
davlat statistikasi sohasida muvofiqlashtirib borish va funksional tartibga solish ishlarini amalga oshirish;
davlat statistikasi organlari va boshqa davlat organlari tomonidan olib boriladigan davlat statistika kuzatuvlari dasturlarini tasdiqlash hamda idoraviy xususiyatdagi statistika kuzatuvlari shakllarini kelishib olish;
Oldingi tahrirga qarang.
moliya, bojxona, soliq organlaridan, banklardan, boshqa idoralar va xizmatlardan, yuridik shaxslar hamda ularning vakolatxonalari va filiallaridan, yakka tartibdagi tadbirkorlardan davlat statistika hisobotlarini, idoraviy hisobga olish maʼlumotlarini olish va ulardan statistika maqsadlarida foydalanish;
moliya, bojxona, soliq organlaridan hamda davlat tashkilotlaridan davlat statistika ishlarini olib borish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni (ularni tayyorlashning har qanday bosqichida), shuningdek ularga ilova etiladigan tushuntirishlarni soʻrash va olish;
(6-moddaning birinchi qismi toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2005-yil 20-dekabrdagi OʻRQ-16-sonli Qonuni bilan toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar bilan almashtirilgan — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 51-son, 376-modda)
korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda statistika maʼlumotlari ishonchliligini tekshirish, qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda ularni bartaraf etish haqida koʻrsatma berish va statistika maʼlumotlariga tegishli tuzatishlar kiritish;
olinayotgan statistika maʼlumotlarining toʻliqligi hamda xolisligini ekspertizadan oʻtkazish;
statistika maʼlumotlarini taqdim etayotgan davlat organlari, yuridik shaxslar, ularning vakolatxonalari va filiallari, jismoniy shaxslar, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlar bajarishi majburiy boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish;
davlat statistika hisobotlarini taqdim etish tartibini buzgan shaxslarga nisbatan qonunga muvofiq ravishda jarima sanksiyalarini qoʻllash;
yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish ishini amalga oshirayotgan organlardan Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registrini yuritish uchun zarur maʼlumotlar olish;
Davlat statistika ishlari dasturiga kiritilmagan statistikaga oid, tahliliy, axborot, noshirlik xizmatlari va boshqa xizmatlarni shartnoma asosida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda koʻrsatish;
boshqa davlatlarning statistika organlari va xalqaro statistika tashkilotlari bilan hamkorlik toʻgʻrisida bitim tuzish;
ayrim vazifalarni bajarish uchun funksional boʻlinmalar tashkil etish.
Keyingi tahrirga qarang.
Davlat statistikasi organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
7-modda. Davlat statistikasi organlarining majburiyatlari
Davlat statistikasi organlari:
davlat statistikasi prinsiplariga rioya etilishini va xalqaro standartlarga monand statistika uslubiyati birligini taʼminlashi;
Davlat statistika ishlari dasturlari bajarilishini taʼminlashi;
mamlakatni, uning mintaqalarini, iqtisodiyotning tarmoqlari va shuʼbalarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish davlat dasturlarining bajarilish jarayoni ustidan davlat statistika kuzatuvlarini tashkil etishi;
davlat statistika hisobotlarini yigʻish ishini, uy xoʻjaliklarining statistika kuzatuvlarini roʻyxatga olish, bir marotabalik hisobga olish, soʻrovlar, tanlanma monografik va boshqa xil kuzatuvlar oʻtkazilishini tashkil etishi va taʼminlashi;
davlat hokimiyati va boshqaruv organlarini belgilangan tartibda statistika maʼlumotlari va tahliliy axborot bilan taʼminlashi;
jamlanma statistika maʼlumotlari eʼlon qilinishini hamda yuridik va jismoniy shaxslarga ularning soʻrovlariga binoan shartnoma asosida taqdim etilishini taʼminlashi;
yakka tartibdagi statistika maʼlumotlarining maxfiyligini, davlat sirlari va yuridik shaxslarning tijorat sirlariga rioya etilishini, jismoniy shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning egasi mavhumlashtirilishini taʼminlashi;
davlat statistikasi axborot tizimi davlatning boshqa axborot tizimlariga moslashuvchanligini hamda Oʻzbekiston Respublikasining yagona axborot makonida oʻzaro hamkorlik qilishini taʼminlashi;
xalqaro va mintaqalararo statistika qiyoslashlarini oʻtkazishi;
Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registrini hamda davlat statistikasi uchun zarur boʻlgan tasniflash tizimini yuritishi shart.
Davlat statistikasi organlari zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
8-modda. Statistika kengashi
Statistika kengashi davlat statistikasi vakolatli organi huzuridagi davlat statistikasining rivojlantirilishi, faoliyat koʻrsatishi va muvofiqlashtirilishi muammolari boʻyicha kollegial maslahat organidir.
Statistika kengashi davlat statistikasining ayrim masalalarini koʻrib chiqish uchun ekspert komissiyalari tayinlashi mumkin. Statistika kengashi va ekspert komissiyalarining yigʻilishlariga ekspertlar taklif etilishi, yigʻilishlarda vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar vakillarining davlat statistikasi masalalari boʻyicha axborotlari eshitilishi mumkin.
Statistika kengashining tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
9-modda. Davlat statistikasi organlarining boshqa davlat organlari hamda yuridik shaxslar bilan oʻzaro hamkorligi
Davlat statistikasi organlari Davlat statistika ishlari dasturini bajarishda davlat statistikasi organlariga yordam berishi shart boʻlgan boshqa davlat organlari hamda yuridik shaxslar bilan statistika ishlarini oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Davlat statistikasi organlari oʻzlarining vakolat doirasiga kiruvchi ayrim ishlarning boshqa davlat organlari hamda yuridik shaxslar tomonidan bajarilishiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yoʻl qoʻyadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Boshqa davlat organlari hamda yuridik shaxslar Davlat statistika ishlari dasturiga muvofiq umumdavlat statistika kuzatuvlarini, shuningdek davlat statistikasi vakolatli organi bilan kelishilgan shakllarda idoraviy statistika kuzatuvlarini oʻtkazadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Idoraviy statistika kuzatuvlarining maʼlumotlari davlat statistikasi vakolatli organiga uning soʻroviga binoan taqdim etiladi.
10-modda. Davlat statistika ishlari dasturi
Davlat statistika ishlari dasturi mamlakatda sodir boʻlayotgan ijtimoiy-iqtisodiy hodisalar va jarayonlar toʻgʻrisida statistika axborotini tayyorlash uchun aniq yoʻnaltirilgan topshiriqlar hamda statistika ishlarini moliyalashtirish hajmlari qamrab olingan hujjatdir.
Davlat statistikasi vakolatli organi statistika maʼlumotlaridan foydalanuvchilar talabini oʻrganish asosida koʻp yillik Davlat statistika ishlari dasturini ishlab chiqadi, bu dasturda davlat statistikasining istiqbolga moʻljallangan maqsadlari va yoʻnalishlari belgilab beriladi.
Davlat statistika ishlari koʻp yillik dasturini bajarish maqsadida davlat statistikasi vakolatli organi tomonidan davlat statistika ishlari yillik dasturi ishlab chiqilib, unda ishlarning bajarilish muddatlari, davlat statistika kuzatuvlari davriyligi va shakllari belgilab olinadi.
Davlat statistika ishlari dasturi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
11-modda. Davlat statistika kuzatuvlari
Davlat statistika kuzatuvlari iqtisodiyotda va jamiyatda sodir boʻlayotgan hodisalar va jarayonlar toʻgʻrisidagi statistika maʼlumotlarini izchil yigʻib borishdan iborat boʻlib, ular birlamchi hisob hujjatlari asosida ham, bevosita kuzatuvlar yoʻli bilan ham oʻtkaziladi.
Davlat statistikasi vakolatli organi tomonidan tasdiqlanadigan davlat statistika kuzatuvlari dasturlari statistika maʼlumotlarini taqdim etuvchi davlat organlari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, yuridik shaxslar, ularning tuzilmaviy boʻlinmalari, jismoniy shaxslar, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun majburiydir.
Davlat statistikasi organlari davlat statistika kuzatuvlarini oʻtkazish uchun shartnoma asosida yuridik va jismoniy shaxslarni jalb etishi mumkin.
Davlat statistika kuzatuvlari umumdavlat va idoraviy (tarmoq) kuzatuvlar tarzida boʻlishi mumkin.
Yuridik shaxslar davlat statistika kuzatuvlari oʻtkazilayotganida qonun hujjatlariga muvofiq birlamchi hujjatlardan foydalanish, zarur hollarda esa, xizmat binolari va yer uchastkalariga kirish erkinligini taʼminlashi shart.
Aholi punktlarida har bir xoʻjalik uchun alohida yuritiladigan hisob-kitob davlat statistika kuzatuvlari turlaridan biridir va u qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
12-modda. Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri
Davlat statistika organlari Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registrini, shuningdek toʻplanadigan maʼlumotlar hisobga olinishini va koʻrsatkichlar identifikatsiya qilinishini taʼminlaydigan statistika kuzatuvlari obyektlarining statistika registrlarini yuritadi.
Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri axborot-maʼlumotnoma xususiyatidagi, vaqti-vaqti bilan yangilab turiladigan maʼlumotlarni oʻz ichiga oluvchi avtomatlashtirilgan tizim boʻlib, korxonalar va tashkilotlar yagona tasniflash tizimi asosida davlat hisobiga olinishi va identifikatsiya qilinishini taʼminlaydi.
Yuridik shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar registrini va axborot bazalarini yaratadigan va yuritadigan davlat organlari hamda ularning tasarrufidagi tashkilotlar davlat statistikasi organlariga Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registrini shakllantirish hamda uning dolzarbligini taʼminlash uchun zarur boʻlgan axborotni bepul beradi.
13-modda. Statistika maʼlumotlarini taqdim etish
Moliya, bojxona, soliq organlari, banklar hamda boshqa idoralar va xizmatlar, shuningdek yuridik shaxslar, ularning vakolatxonalari va filiallari, jismoniy shaxslar, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlar davlat statistikasi organlariga davlat statistika hisobotlarini, idoraviy hisobga olish maʼlumotlarini hamda davlat statistika ishlarini olib borish uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlarni (ularni tayyorlashning har qanday bosqichida), shuningdek ularga ilova etiladigan tushuntirish-izohlarni bepul taqdim etadi.
Statistika maʼlumotlari ishonchli boʻlishi va ular davlat statistika kuzatuvlari dasturlariga muvofiq belgilangan hajmlarda, muddatlarda va shakllarda taqdim etilishi kerak.
Buxgalteriya hisobi, moliyaviy va boshqa hisobotlarni tartibga soluvchi, qonun hujjatlari bilan belgilangan normalar statistika hujjatlarini toʻldirish (statistika koʻrsatkichlarining hisob-kitobi) uchun asos boʻlib xizmat qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
14-modda. Statistika maʼlumotlaridan foydalanish
Statistika maʼlumotlaridan davlat manfaatlarini koʻzlab va ilmiy maqsadlarda, jamoatchilikni xabardor etish, bunday maʼlumotlardan foydalanuvchilarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash uchun foydalaniladi.
Davlat statistikasi organlari yuridik shaxslardan, ularning vakolatxonalari va filiallaridan, jismoniy shaxslar, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlardan olgan birlamchi statistika maʼlumotlari faqat jamlanma statistika koʻrsatkichlarini tayyorlashda statistika maqsadlarida ishlatiladi hamda jamlanma holatda va egasi mavhumlashtirilgan tarzda eʼlon qilinadi.
Tarkibida davlat siri va tijorat sirlari boʻlgan statistika maʼlumotlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda taqdim etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
15-modda. Nizolarni hal etish
Davlat statistikasi sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
16-modda. Davlat statistikasi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Davlat statistika hisobotlarini buzib koʻrsatganlik, statistika maʼlumotlarini yashirganlik va davlat statistikasi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini boshqacha tarzda buzganlikda aybdor shaxslar qonunga muvofiq jinoiy, maʼmuriy va boshqa yoʻsinda javobgar boʻladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 12-dekabr,
441–II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-y., 12-son, 219-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 51-son, 376-modda; 2010-yil, 35-36-son, 299-modda; 2012-y., 1-son, 1-modda; 2015-y., 52-son, 645-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)