Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“UzVC” milliy venchur fondi faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik va innovatsiyalar sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 24-noyabrdagi PF-5583-son Farmoniga muvofiq hamda respublikada innovatsion loyihalar va startap-ekotizimni har tomonlama qullab-quvvatlash, innovatsion infratuzilmani rivojlantirish jarayonini jadallashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekistan Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining:
Innovatsion gʻoyalar va startap-ekotizimni qoʻllab-quvvatlash infratuzilmasini yaratish maqsadida “UzVC” milliy venchur fondini (keyingi oʻrinlarda — Fond) masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etish;
Fondning boshlangʻich ustav kapitalini 15 milliard soʻm miqdorida belgilash;
Fondning boshlangʻich ustav kapitalini 2020-yil Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga ajratilgan mablagʻlar hisobidan shakllantirish va Fondning ustav kapitalidagi 100 foiz ulushni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga berish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Belgilansinki:
Fondning ustav kapitalini konunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan oshirishga ruxsat beriladi;
Fond yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan xorijiy yuridik va jismoniy shaxslar bilan sheriklikda venchur loyihalarni moliyalashtirish maqsadida venchur fondi muassisi boʻlishi mumkin;
Fondni saqlash xarajatlari uning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
Fond boshqaruviga malakali va xalqaro tajribaga ega chet el fuqarolari jalb etiladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda:
ikki oy muddatda Fondning belgilangan tartibda davlat ryxatidan oʻtkazilishini;
Fondning Toshkent shahri, Olmazor tumani, Universitet koʻchasidagi Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining maʼmuriy binosida tekin foydalanish huquqi bilan joylashtirilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Kapital bozorini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda toʻrt oy muddatda Fond faoliyatini amalga oshirish uchun shaffof, raqobatbardosh va tanlov muhiti asosida ustav kapitalida davlat ulushi boʻlmagan mustaqil xususiy boqaruv kompaniyasini davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tanlasin va shartnoma asosida boshqaruvga berilishini taʼminlasin.
Markazlashgan manbalar hisobidan venchur loyihalarni moliyalashtirish uchun Fondga ajratilgan resurslarga teng miqdorda xususiy sektor mablagʻlarini jalb qilish boshqaruv kompaniyasini tanlashning asosiy shartlaridan biri etib belgilansin.
5. Innovatsion rivojlanish vazirligi 2021-yil 1-iyunga qadar Fondning samarali faoliyatini taʼminlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif va zarur hollarda tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini kiritsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2020-yil Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga ajratilgan mablagʻlar hisobidan Fondning ustav kapitalini shakllantirish uchun 15 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻlarni moliyalashtirsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiy taraqqiyot va qambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov, Innovatsion rivojlanish vaziri I.Y. Abduraxmonov va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori S.X. Bekenov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 3-noyabr,
684-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.11.2020-y., 09/20/684/1449-son)