Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi vakillarining oʻqishini tashkil etish uchun Yaponiya Hukumati grantidan samarali foydalanish chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi vakillarining 2020-2021-yillarda Yaponiyada oʻqishini tashkil etish uchun Yaponiya Hukumatining grantidan samarali foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining (keyingi oʻrinlarda — JICA) “Kadrlar tayyorlash uchun stipendiyalar taqdim etish loyihasi” (keyingi oʻrinlarda — loyiha) doirasida Yaponiyaning yetakchi universitetlari magistraturasida Oʻzbekiston Respublikasi vakillarining oʻqishini tashkil etish maqsadida quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
2018-2019-yillar uchun 261 mln yapon yeni (2,46 mln AQSH dollari ekvivalentida) va 2019-2020-yillar uchun 262 mln yapon yeni (2,47 mln AQSH dollari ekvivalentida) miqdorida grant ajratildi;
“Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ (keyingi oʻrinlarda — “Oʻzmilliybank” AJ) tomonidan Yaponiyaning MUFG Bank, Ltd. banki (keyingi oʻrinlarda — Yaponiya banki) bilan banklararo shartnoma hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishuv asosida oʻtgan davr uchun grant boʻyicha hisob-kitob xizmatlari koʻrsatildi;
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi vakillari ishtirokida Yaponiyaning Oʻzbekiston Respublikasidagi Elchixonasi va JICA bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tanlov natijalariga koʻra yiliga 17 nafardan, oʻtgan ikki yil uchun jami 34 nafar Oʻzbekiston Respublikasining vakillari Yaponiya universitetlarida oʻqishga yuborildi;
boshqaruv komissiyasi, ish beruvchilar va loyiha stipendiatlari oʻrtasida oʻqish davrida stipendiatlarning majburiyatlari va huquqlari, shuningdek, oʻqishni tamomlagach ishga joylashtirish majburiyatlari hamda kafolatlari belgilangan uch tomonlama bitimlar imzolandi.
2. 2019-yil 28-avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va JICA oʻrtasida Ayirboshlash notasi va Grant bitimi imzolangani hamda ularda quyidagilar nazarda tutilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin:
Oʻzbekiston Respublikasi vakillarining 2020-2021-yillarda Yaponiya yetakchi universitetlari magistraturasi va doktoranturasida oʻqishini tashkil etish uchun Yaponiya Hukumatining begʻaraz yordam dasturi boʻyicha Yaponiya Hukumati tomonidan 263 mln yapon yeni (2,48 mln AQSH dollari ekvivalentida) miqdorida grant taqdim etish;
JICA tomonidan belgilanadigan tashkilotning stipendiatni tanlash, unga oʻqish jarayonida hamrohlik qilish hamda uch tomonlama bitim bajarilishining monitoringi bilan bogʻliq xizmatlari uchun xarajatlarni grant hisobidan qoplash;
davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlarida mehnat qilayotganlar orasidan Yaponiya yetakchi universitetlari magistraturasida oʻqish uchun 18 nafar va doktoranturasida oʻqish uchun 1 nafar talabgorni tanlash shartlari;
Oldingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining Taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari kotibiyati, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Oʻzbekiston tomonidan, Yaponiyaning Oʻzbekiston Respublikasidagi Elchixonasi va JICA Yaponiya tomonidan ushbu loyihaning amalga oshirilishini va oʻqish uchun nomzodlarni tanlab olishni muvofiqlashtiruvchilar etib belgilash;
(2-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 16-avgustdagi 524-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.08.2021-y., 09/21/524/0802-son)
grantga hisob-kitob xizmatini koʻrsatish shartlari va tartibi, shuningdek, “Oʻzmilliybank” AJ tomonidan bank bitimlari tuzish asosida zarur hisob-kitoblarni amalga oshirish;
grant boʻyicha hisob-kitob xizmatini koʻrsatish uchun “Oʻzmilliybank” AJ va Yaponiya banki oʻrtasida banklararo shartnoma imzolash.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga:
Yaponiya tomoni bilan kelishgan holda loyihani amalga oshirish doirasida grant olish va unga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq barcha tartibotlarni rasmiylashtirish;
“Oʻzmilliybank” AJ tomonidan tegishli talabnoma taqdim etilgandan soʻng uch ish kuni ichida Yaponiya banki komissiyasi xarajatlarini toʻlab berish vazifasi yuklatilsin.
4. “Oʻzmilliybank” AJga har yili tegishli Yaponiya banki hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan loyiha doirasida shartnoma asosida hisob-kitob xizmatlarini amalga oshirish tavsiya etilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi grant boʻyicha hisob-kitob xizmati koʻrsatilganligi uchun Yaponiya tomoniga vositachilik xarajatlari uchun toʻlovni Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga amalga oshirsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining buyurtmanomalari boʻyicha loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari konsullik yigʻimlari va boshqa yigʻimlar undirilmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining buyurtmanomalari boʻyicha loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga davlat bojlari undirilmasdan vizalar berilishi va ularning muddati uzaytirilishi, shuningdek, ularning yashash joyida vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazilishi va vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazish muddati uzaytirilishini taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi manfaatdor davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda:
(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
loyiha doirasida Yaponiyaning yetakchi universitetlari magistraturasi va doktoranturasida maqsadli oʻqib kelgan bitiruvchilarning ishga joylashishi holati monitoringi va tahlilini taʼminlasin;
monitoring va tahlil natijalariga koʻra, har yili hisobot yilining oktabr oyigacha oʻqish tugagandan soʻng uch yil mobaynida bitiruvchilarni ish bilan taʼminlashning joriy holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni hamda Yaponiya Hukumati grantidan foydalanish samaradorligini yanada oshirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar taqdim etsin;
loyihaning barcha bitiruvchilarini ish bilan taʼminlashning joriy holati toʻgʻrisida bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga maʼlumotlar kiritsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari B.A. Musayev, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov hamda oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.U. Madjidov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 12-avgust,
478-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.08.2020-y., 09/20/478/1175-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.08.2021-y., 09/21/524/0802-son; 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)