O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2020-yil 23-aprelda qabul qilingan
Senat tomonidan 2020-yil 19-iyunda ma’qullangan
Senat tomonidan 2020-yil 19-iyunda ma’qullangan
1-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 25-aprelda qabul qilingan 409-I-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil, № 6, 175-modda; 2003-yil, № 9-10, 149-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 6, 248-modda, № 9, 422-modda, № 12, 595-modda; 2008-yil, № 4, 187-modda, № 12, 636, 641-moddalar; 2009-yil, № 4, 136-modda, № 12, 470-modda; 2010-yil, № 9, 334-modda; 2012-yil, № 9/1, 238-modda; 2014-yil, № 9, 244-modda; 2015-yil, № 8, 310-modda; 2017-yil, № 3, 47-modda, № 10, 605-modda; 2019-yil, № 3, 165-modda, № 5, 267-modda, № 8, 469-modda, № 9, 588, 592-moddalar, № 12, 880-modda) quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilsin:
1) 11-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mahkum shaxsiy xavfsizlik huquqiga ega.
Intizomiy qismga jo‘natishga yoki ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxsning shaxsiy xavfsizligiga tahdid yuzaga kelgan taqdirda, u o‘z shaxsiy xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risidagi ariza (xabar) bilan jazoni ijro etish muassasasining yoki organining har qanday xodimiga og‘zaki yoki yozma ravishda murojaat qilishga haqli. Mahkumning arizasini (xabarini) qabul qilgan xodim zudlik bilan uni jazoni ijro etish muassasasining yoki organining boshlig‘iga taqdim etadi.
Mahkumning shaxsiy xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risidagi arizasi (xabari) mahkumlarning shaxsiy xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risidagi arizalarini (xabarlarini) qayd etish kitobida jazoni ijro etish muassasasining yoki organining mas’ul shaxsi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Jazoni ijro etish muassasasi yoki organi boshlig‘i shaxsiy xavfsizlikni ta’minlash to‘g‘risidagi arizani (xabarni) olgandan so‘ng mahkumni xavfsiz joyga vaqtinchalik joylashtirishi shart.
Jazoni ijro etish muassasasi yoki organi boshlig‘i shaxsiy xavfsizlikni ta’minlash to‘g‘risidagi arizani (xabarni) ko‘rib chiqadi va mahkumga nisbatan xavfsizlik choralarini qo‘llash to‘g‘risida yoxud ularni qo‘llashni rad etish haqida uch sutka ichida qaror qabul qiladi. Kechiktirib bo‘lmaydigan hollarda mahkumga nisbatan xavfsizlik choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi qaror darhol qabul qilinadi.
Mahkum qabul qilingan qaror bilan imzo qo‘ydirib tanishtiriladi.
Xavfsizlik choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi yoki ularni qo‘llashni rad etish haqidagi qaror ustidan yuqori turuvchi organga, prokurorga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin. Shikoyat berilgan paytdan e’tiboran yigirma to‘rt soat ichida ko‘rib chiqilishi lozim.
Jazoni ijro etish muassasasi yoki organi boshlig‘i mahkumning xavfsizligini ta’minlash maqsadida “Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunida belgilangan xavfsizlik choralarini qo‘llaydi.
Xavfsiz joyga o‘tkazilgan mahkum jazoni bu erga o‘tkazilguniga qadar belgilangan saqlash sharoitlarida o‘taydi”;
2) 67-moddaning:
birinchi qismi quyidagi mazmundagi birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlar bilan almashtirilsin:
“Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar, ularning buyumlari va kiyimlari, shuningdek jazoni ijro etish muassasalarining obyektlari va xonalari tintuv qilinishi hamda ko‘zdan kechirilishi mumkin. Shaxsiy tintuv mahkum bilan bir jinsda bo‘lgan shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
Tayyorlanayotgan yoki sodir etilayotgan jinoyatlar, taqiqlangan narsalar va buyumlar saqlanayotganligi haqida axborot kelib tushgan hollarda, jazoni ijro etish muassasalarining turar joylarini ularda mahkumlar bo‘lganda tintuv qilishga yo‘l qo‘yiladi.
Tintuv o‘tkazish chog‘ida mahkumlarga nisbatan jismoniy kuch va maxsus vositalar qo‘llanilishi taqiqlanadi, bundan mahkumlarning tintuvni amalga oshirayotgan xodimga, boshqa mahkumlarga yoki o‘zga shaxslarga nisbatan g‘ayrihuquqiy xatti-harakatlarining, shuningdek mahkumlar tomonidan o‘ziga o‘zi zarar yetkazishining oldini olish hollari mustasno”;
ikkinchi va uchinchi qismlari tegishincha to‘rtinchi va beshinchi qismlar deb hisoblansin;
3) 76-moddaning sakkizinchi va to‘qqizinchi qismlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mahkumning iltimosiga ko‘ra uzoq muddatli uchrashuv qisqa muddatli uchrashuvga yoki masofali video-uchrashuvga yoxud telefon orqali so‘zlashuvga, qisqa muddatli uchrashuv esa masofali video-uchrashuvga yoki telefon orqali so‘zlashuvga almashtiriladi.
Mahkumlar uchun masofali video-uchrashuvlar jazoni ijro etish muassasasi va organi tomonidan tashkil etiladi. Masofali video-uchrashuv himoyalangan aloqa kanallari orqali videokonferensiya tizimi vositasida amalga oshiriladi”;
4) 79-moddaning sakkizinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Prokuror yoki sud nomiga yo‘llangan taklif, ariza va shikoyatlar ko‘zdan kechirilmaydi hamda bir sutkalik muddat ichida tegishliligi bo‘yicha jo‘natiladi. Xavfsizlik choralarini qo‘llash haqidagi yoki ularni qo‘llashni rad etish to‘g‘risidagi qarorlar ustidan shikoyatlar tegishliligi bo‘yicha darhol jo‘natiladi”;
5) 102-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga nisbatan quyidagi mezonlar asosida rag‘batlantirish choralari qo‘llaniladi:
mehnatga va ta’limga vijdonan yondashish;
tarbiyaviy tadbirlar o‘tkazishda faol ishtirok etish;
muassasaning ichki tartib-qoidalariga rioya etish.
Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga nisbatan quyidagi rag‘batlantirish choralari qo‘llaniladi:
tashakkur e’lon qilish;
ilgari qo‘llanilgan intizomiy jazoni muddatidan oldin olib tashlash;
yorliq, qimmatli sovg‘a yoki pul mukofoti bilan taqdirlash;
qo‘shimcha posilka, yo‘qlov yoki banderol olishga ruxsat etish;
qo‘shimcha uchrashuv yoki telefon orqali so‘zlashuv huquqini berish;
oziq-ovqat mahsulotlari va eng zarur narsalar sotib olish uchun pul summasini ko‘paytirish;
yengillashtirilgan saqlash sharoitiga o‘tkazish, manzil-koloniyalarda saqlanayotgan shaxslar bundan mustasno.
Yengillashtirilgan saqlash sharoitiga o‘tkazish tariqasidagi rag‘batlantirish mahkumlarga ushbu Kodeks 75-moddasining uchinchi qismiga muvofiq qo‘shimcha pul sarflash huquqini, shuningdek:
umumiy, qattiq tartibli koloniyalarda va tarbiya koloniyalarida ― yil mobaynida qo‘shimcha ravishda bir marta uchrashuv, bir marta telefon orqali so‘zlashuv, bitta posilka yoki yo‘qlov olish;
maxsus tartibli koloniyalarda ― kameralardan umumiy turar joylarga o‘tkazish hamda yil mobaynida qo‘shimcha ravishda bir marta qisqa muddatli uchrashuv, bir marta telefon orqali so‘zlashuv, bitta banderol olish;
turmalarda ― yil mobaynida qo‘shimcha ravishda bir marta qisqa muddatli uchrashuv, bitta posilka yoki yo‘qlov olish huquqini beradi”;
6) quyidagi mazmundagi 1021-modda bilan to‘ldirilsin:
“1021-modda. Rag‘batlantirish choralarini qo‘llash tartibi
Mahkumlarga nisbatan rag‘batlantirish choralarini qo‘llash har yili kamida ikki marta, shuningdek bayram kunlari munosabati bilan ko‘rib chiqiladi.
Mahkumlarni rag‘batlantirish masalalari, shu jumladan qo‘llanilayotgan rag‘batlantirish choralarining ushbu Kodeks 102-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan mezonlarga muvofiqligi jazoni ijro etish muassasasida tuzilgan komissiya tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Komissiya jazoni ijro etish muassasasining xodimlari, shuningdek jamoatchilik vakillari orasidan kamida sakkiz nafar a’zodan iborat tarkibda tuziladi.
Komissiya tarkibiga jamoatchilik vakillaridan, qoida tariqasida, xalq deputalari mahalliy Kengashlari deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) mintaqaviy vakillari, o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, jamoat tashkilotlarining hayotiy tajribaga va aholi o‘rtasida obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan vakillari kiradi.
Jamoatchilik vakillari komissiya a’zolari umumiy sonining yarmini tashkil etishi kerak. Jazoni ijro etish muassasasi boshlig‘i komissiyaning raisi hisoblanadi.
Mahkumni rag‘batlantirish uchun tavsiya etish, zarur hujjatlarni tayyorlash va komissiya a’zolariga taqdim etish otryad boshlig‘i tomonidan amalga oshiriladi.
Komissiya majlisi ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan muddatlardan bir hafta ilgari o‘tkaziladi.
Komissiya a’zolari rag‘batlantirish uchun tavsiya etilgan mahkum bilan uning xulq-atvori belgilangan mezonlarga muvofiqligi yuzasidan suhbat o‘tkazadi.
Komissiya qarori majlisda ishtirok etayotgan a’zolarning ko‘pchilik ovozi bilan, ochiq ovoz berish orqali qabul qilinadi. Ovozlar soni teng bo‘lgan taqdirda, mahkumni rag‘batlantirish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
Komissiya qarori majlisda hozir bo‘lgan komissiya a’zolari tomonidan imzolanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi va komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Komissiyaning mahkumga nisbatan rag‘batlantirish chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi qarorni o‘z ichiga olgan bayonnomasiga muvofiq jazoni ijro etish muassasasi boshlig‘ining buyrug‘i uch ish kuni ichida chiqariladi va uning mazmuni mahkumga e’lon qilinadi.
Komissiyani tuzish va faoliyatini amalga oshirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlanadi”;
7) 125-modda:
quyidagi mazmundagi to‘rtinchi qism bilan to‘ldirilsin:
“Voyaga yetmagan mahkumlarga ota-onasi va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar bilan uchrashuvlar cheklanmagan miqdorda beriladi”;
to‘rtinchi qismi beshinchi qism deb hisoblansin;
8) 130-moddaning ikkinchi qismi quyidagi mazmundagi ikkinchi ― beshinchi qismlar bilan almashtirilsin:
“Mahkuma ayollarga voyaga yetmagan bolalari bilan bir yil ichida to‘rt marta, muddati besh sutkagacha bo‘lgan uzoq muddatli uchrashuv, manzil-koloniyada saqlanayotganlarga esa, ishdan bo‘sh vaqtda muassasa hududidan tashqarida yashash imkoniyati bilan uzoq muddatli uchrashuvlar cheklanmagan miqdorda beriladi.
Mahkuma ayollarning voyaga yetmagan bolalari bilan uchrashishiga o‘zining shaxsini, qarindoshligini yoki vasiyligini (homiyligini) tasdiqlovchi hujjatlarini taqdim etgan taqdirda bitta yaqin qarindoshi yoki vasiy (homiy) kuzatuvida yo‘l qo‘yiladi.
Mahkuma ayollarning voyaga yetmagan bolalari bilan uchrashuvlari ushbu Kodeksda belgilangan uchrashuvlarga qo‘shib hisoblanmaydi.
Mahkuma ayollarning muassasadan tashqaridagi bolalar uylaridagi voyaga yetmagan bolalar bilan uchrashuvlari mahkuma ayollarning iltimosiga ko‘ra amalga oshiriladi”;
9) 132-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mahkuma ayollar uch yoshga to‘lmagan bolalarini jazoni ijro etish koloniyalari qoshidagi bolalar uyiga joylashtirishga va ishdan bo‘sh vaqtida ular bilan cheklanmagan miqdorda muloqotda bo‘lishga haqli”.
2-modda. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
3-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
4-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 30-iyun,
O‘RQ-625-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.07.2020-y., 03/20/625/1007-son)