Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining Hindiston Respublikasidagi Elchixonasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Hindiston Respublikasi oʻrtasida harbiy va harbiy-texnikaviy sohalarda samarali ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun qoʻshimcha qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasining Hindiston Respublikasidagi Elchixonasi (keyingi oʻrinlarda — Elchixona deb yuritiladi) shtat jadvaliga 2018-yilning 15-sentabridan boshlab harbiy atashe qoʻshimcha lavozimi (1 nafar) kiritilsin.
2. Yangi kiritilayotgan harbiy atashe lavozimi, maqomi, mehnatga haq toʻlash va maishiy xizmat koʻrsatish sharoitlari boʻyicha mehnatga haq toʻlash fondini tegishli ravishda oʻzgartirgan holda Elchixonaning diplomatik tarkibi birinchi kotibi lavozimiga tenglashtirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasining Hindiston Respublikasidagi Elchixonasi shtat jadvali ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi shtat jadvalidagi oʻzgarishlarni hisobga olgan holda 2018-yilda Elchixonani taʼminlab turish boʻyicha tasdiqlangan xarajatlar smetasiga oʻzgartirishlar kiritsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2018-yil uchun Davlat budjetida tasdiqlangan, xorijiy muassasalarni moliyalashtirish hajmlari doirasida Elchixona xarajatlarini moliyalashtirishni amalga oshirsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi belgilangan tartibda Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda Elchixonaning harbiy atashesi lavozimiga nomzod boʻyicha takliflarni kiritsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi belgilangan tartibda diplomatik kanallar orqali Hindiston Respublikasining vakolatli organlari bilan Elchixonaning harbiy atashe lavozimiga Oʻzbekiston tomoni nomzodini tayinlash masalasini kelishib olsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Hindiston Respublikasida Oʻzbekiston Respublikasining Elchixonasini ochish toʻgʻrisida” 1994-yil 11-martdagi 133-sonli qarorining 2-bandi, shuningdek, uning 1-va 2-ilovalari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi Kotibi V.V. Maxmudov va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri A.X. Komilov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 11-sentabr,
PQ-3940-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.09.2018-y., 07/20/3940/0902-son)