O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
So‘nggi yillarda mamlakatimizda chorvachilik va parrandachilikni kompleks rivojlantirishda keng ko‘lamli islohotlar va davlat dasturlari, shuningdek, epizootik osoyishtalik va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha amaliy tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, iste’molchilarni xavfli va sifatsiz mahsulotlarni iste’mol qilishdan himoya qilishning yetarli darajada samarali tizimi yaratilmaganligi oqibatida qator muammolar, shu jumladan, respublikada hayvonlar va iste’molchilar orasida yuqumli kasalliklar qo‘zg‘atuvchilarining tarqalish xavfi yuzaga kelmokda.
Respublika hududiga o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarni qo‘zg‘atuvchilar kirib kelishining oldini olish hamda tarqalishi xavfini bartaraf etishning xavfsiz muhofazaning samarali tizimini yaratish, shuningdek, davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlarni olib kirish tartib- taomillarini yanada soddalashtirish va takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2021-yil 1-yanvardan boshlab shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
Oldingi tahrirga qarang.
faqat O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlarni ishlab chiqaradigan, qayta ishlaydigan va saqlaydigan eksport qiluvchi tashkilotlar va shaxslar (xorijiy eksport qiluvchilar) reyestriga (keyingi o‘rinlarda — Reyestr) kiritilgan eksport qiluvchi tashkilotlar va shaxslarning davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlarini O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishga ruxsat beriladi;
(1-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 10-apreldagi 148-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.04.2023-y., 09/23/148/0205-son)
davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlarni olib kirishga veterinariya ruxsatnomasi uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida yig‘im undiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
ushbu tartib favqulodda vaziyatlarda, xalqaro ko‘rgazmalarda qatnashishda, laboratoriya tahlillari uchun namunalarda, shuningdek, diplomatik korpus, o‘quv muassasalari, ilmiy va davlat maqsadlari hamda insonparvarlik (gumanitar) yordami uchun olib kelinadigan davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
(1-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 10-apreldagi 148-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.04.2023-y., 09/23/148/0205-son)
2. O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi uch oy muddatda Reyestrni shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 10-apreldagi 148-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.04.2023-y., 09/23/148/0205-son)
4. O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov hamda O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi B.T. Norqobilov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 11-may,
277-son
Oldingi tahrirga qarang.
(ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 10-apreldagi 148-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.04.2023-y., 09/23/148/0205-son)
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 12.05.2020-y., 09/20/277/0573-son; 11.04.2023-y., 09/23/148/0205-son)