Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent shahridagi Britaniya menejment universitetini tashkil etish toʻgʻrisida
Xalqaro talab va standartlarga muvofiq yuqori malakali kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish, xorijiy mamlakatlarning yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan uzoq muddatli aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qarar qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda “British management university” masʼuliyati cheklangan jamiyatining (keyingi oʻrinlarda Muassis deb ataladi) nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatuvchi Toshkent shahridagi Britaniya menejment universitetini (keyingi oʻrinlarda Universitet deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
Universitetda London universiteti, Reding universiteti (Buyuk Britaniya) hamda yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalarining taʼlim dasturlarini joriy etish, ularning malakali professor-oʻqituvchilari, olim va mutaxassislarini oʻquv jarayoniga jalb qilish;
respublika iqtisodiyoti real sektori ehtiyojlarini hisobga olgan holda yuqori malakali oliy maʼlumotli mutaxassislarni tayyorlash;
oʻquv reja va dasturlarni zamonaviy fanlar asosida takomillashtirib borish, innovatsion texnologiyalarni tatbiq qilish;
xorijning yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik asosida tajriba almashish dasturlarini amalga oshirish;
taʼlim jarayoniga zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, shuningdek ilm-fan va texnikaning yangi yutuqlarini joriy etish;
professor-oʻqituvchilar malakasini oshirish va qayta tayyorlash, shu jumladan nufuzli xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida ularning stajirovkasini tashkil etish;
loyiha boshqaruvi, logistika, tadbirkorlik, innovatsiyalar, elektron tijorat sohalari boʻyicha hamda respublika iqtisodiyoti tarmoqlari uchun xalqaro standartlar darajasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni taʼminlash;
respublika iqtisodiyot tarmoqlariga innovatsiyalarni joriy qilish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish imkoniyatlarini kengaytirish, taʼlim oluvchilarning innovatsion gʻoyalarini amalga oshirish uchun investitsiyalarni jalb etish;
respublika oliy taʼlim tizimiga zamonaviy taʼlim texnologiyalariga asoslangan oʻquv jarayonini tashkil qilish boʻyicha ilgʻor xorijiy tajribani tatbiq etish, ochiq axborot-taʼlim muhitini rivojlantirishga koʻmaklashish;
taʼlim va ilm-fanning uzluksizligi hamda izchilligi tamoyili, shuningdek, jahon taʼlimi va ilmiy hamjamiyatga uygʻun integratsiyalashuvi asosida mutaxassis va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish;
taʼlim va ilm-fan sohasida xorijiy mamlakatlarning yetakchi oliy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari bilan uzoq muddatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash.
3. Belgilansinki:
Universitet nodavlat oliy taʼlim tashkiloti hisoblanadi;
Universitetda oʻqitish Oʻzbekiston Respublikasida amalda mavjud taʼlim shakllari hamda ingliz tilida toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;
Universitetda oʻqitishning toʻlov-kontrakt miqdori Muassis tomonidan belgilanadi;
bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul parametrlari respublika mehnat bozori ehtiyojlari hamda Universitetning moddiy-texnik imkoniyatidan kelib chiqqan holda Universitet tomonidan belgilanadi;
Universitetda dastlabki bosqichda “Loyihalarni boshqarish”, “Logistika va yetkazib berish zanjirlarini boshqarish”, “Tadbirkorlik va innovatsiyalar”, “Xalqaro elektron tijorat” hamda “Raqamli iqtisodiyot” bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha talabalar qabuli amalga oshiriladi;
abituriyentlarni qabul qilish tartibi va qoidalari Universitet tomonidan belgilanadi;
Universitetda taʼlim faoliyati 2020/2021 oʻquv yilidan boshlanadi;
Universitet bitiruvchilariga Oʻzbekiston Respublikasida oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat sifatida eʼtirof etiladigan belgilangan namunadagi diplom beriladi;
Universitetga belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasidan litsenziya olgandan soʻng taʼlim faoliyati bilan shugʻullanishiga ruxsat etiladi.
4. Muassisning quyidagi majburiyatlarni uz zimmasiga olishi toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin:
Universitetning bino va inshoatlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash hamda jihozlash;
Universitetni zamonaviy laboratoriya uskunalari, oʻquv va ilmiy adabiyotlar, mebel, kompyuter texnikasi bilan taʼminlash hamda oʻquv jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
Universitetni tanlov asosida malakali professor-oʻqituvchilar tarkibi bilan toʻldirish;
har yili ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli, iqtidorli hamda oʻzlashtirish koʻrsatkichlari yuqori boʻlgan farzandlari orasidan tanlov asosida bepul (Universitet granti asosida) 20 nafardan kam boʻlmagan abituriyentlarni oʻqishga qabul qilish.
5. Universitetga har yili yangi oʻquv yili boshlanguniga qadar mavjud talab va ehtiyoj hamda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish istiqbollaridan kelib chiqib, mehnat bozori konyunkturasining tez oʻzgaruvchan sharoitida yuqori malakali kadrlarning amaliy tayyorgarligini taʼminlaydigan yangi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarini ochishga ruxsat berilsin.
6. Universitet faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
Muassis mablagʻlari;
toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar;
xoʻjalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
(6-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
7. Toshkent shahar hokimligi Universitetni joylashtirish uchun doimiy foydalanish huquqi asosida belgilangan tartibda Toshkent shahridan yer uchastkasi ajratilishida Muassisga amaliy yordam koʻrsatsin,
8. Muassisning Universitet faoliyatini 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab yoʻlga qoʻyish uchun uning bino va inshoatlarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda kapital taʼmirlashda, oʻqituvchi va talabalar uchun turar joy binosini qurishda, zarur oʻquv-laboratoriya uskunalari, kompyuter texnikasi va kutubxona fondlari bilan taʼminlashda Universitet bilan oʻzaro hamkorlik qilishi inobatga olinsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Universitetda taʼlim sifatini va qonunchilikka rioya etilishini belgilangan tartibda nazorat qilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.U. Madjidov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi U.N. Tashkenbayev zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari kotibiyatiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 8-may,
272-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.05.2020-y., 09/20/272/0550-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)