O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA DAVLAT ARXITEKTURA-QURILISh NAZORATI BOShQARMASI TO‘G‘RISIDAGI VA DAVLAT IDORADAN TAShQARI EKSPERTIZA BOSh BOShQARMASI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMLARNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 2-dekabrdagi 538-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar tasdiqlansin:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining Davlat arxitektura-qurilish nazorati boshqarmasi (“Davarxitektqurilishnazorat”) to‘g‘risida Nizom 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining Davlat idoradan tashqari ekspertiza bosh boshqarmasi (“Boshdavlatekspertiza”) to‘g‘risida Nizom 2-ilovaga muvofiq.
2. Qurilish sifatini oshirish, O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining “Davarxitektqurilishnazorat” organlari faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish masalalarida tegishli tartib o‘rnatish maqsadida respublikada qurilish mahsulotlari sifatining ahvoli masalalari bo‘yicha bir yilda kamida ikki marta seminar-kengashlar o‘tkazib turilsin.
3. Belgilab qo‘yilsinki, loyiha tashkilotlari va buyurtmachilar 1995-yildan boshlab respublika hududida obyektlar qurilishi qiymati hisob-kitoblarida “Davarxitektqurilishnazorat” organlariga sarflanadigan xarajatlarni, qurilishning smeta qiymatini ko‘paytirmagan holda, nazorat funksiyalarini bajarish bo‘yicha xarajatlar tarkibida 0,10 foiz miqdorida nazarda tutadilar.
Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda bir oy muddatda ushbu mablag‘larni “Davarxitektqurilishnazorat” organlari schyotlariga o‘tkazish tartibini va ulardan belgilangan maqsadda foydalanish shartlarini belgilasin.
“Davarxitektqurilishnazorat” organlariga nazorat funksiyalarini bajarish uchun zarur hollarda ko‘rsatib o‘tilgan mablag‘lar hisobiga shtatdan tashqari inspektorlarni jalb etishga ruxsat berilsin.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga mazkur qaror asosida davlat ekspertizasining mahalliy organlari to‘g‘risidagi nizomlarni ishlab chiqish va tasdiqlash tavsiya etilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Davarxitektqurilishnazorat” ning mahalliy organlarini, qurilayotgan korxonalar direksiyalarini, texnikaviy va mualliflik nazoratini mablag‘ bilan ta’minlash uchun amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan ajratmalar miqdori doirasida qurilish-montaj ishlari smeta qiymatidan mablag‘ ajratish miqdori va tartibini belgilasin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi hamda Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarini mazkur qarorga muvofiqlashtirish to‘g‘risidagi takliflarni bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsinlar.
Respublika vazirliklari va idoralari ana shu muddatda o‘zlarining normativ hujjatlarini mazkur qaror bilan tasdiqlangan normativ hujjatlarga muvofiqlashtirsinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.R. Yunusov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1995-yil 26-yanvar,
19-son
O‘zbekiston Respublikasi davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining davlat arxitektura-qurilish nazorati boshqarmasi (“davarxitektqurilishnazorat”) to‘g‘risida
nizom
1. Davlat arxitektura-qurilish nazorati boshqarmasi (“Davarxitektqurilishnazorat”) O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi va mazkur Nizom asosida faoliyat ko‘rsatadi.
2. “Davarxitektqurilishnazorat” o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining boshqa qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga, qarorlariga va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining qarorlariga hamda mazkur Nizomga amal qiladi.
3. “Davarxitektqurilishnazorat” boshqarmasi o‘z vakolati doirasida quyidagilarni amalga oshiradi:
ishlab chiqaruvchilar va qurilish ishtirokchilarining idoraviy mansubligi va mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, obyektlar qurilishi, ishlab chiqarilayotgan binokorlik materiallari, buyumlar va konstruksiyalarning sifatini tekshirish;
O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, idoralari va davlat qo‘mitalarining obyektlar qurilishi sifatini nazorat qiluvchi ishlab chiqarish xizmatlariga, loyihalash tashkilotlarining mualliflik nazoratiga uslubiy rahbarlik qilish, ularning faoliyatini muvofiqlashtirish ishini tanlab nazorat qilish;
O‘zbekiston Respublikasi hududida qurilish sifati ustidan nazoratni tashkil etish va amalga oshirish masalalari bo‘yicha nizomlar, qoidalar, yo‘riqnomalar, uslubiy va boshqa ko‘rsatmalar ishlab chiqish;
investitsiya jarayoni ishtirokchilariga obyektlar qurilishi sifati ustidan zarur darajada nazorat o‘rnatilishini ta’minlashda tashkiliy-maslahat va Amaliy yordam berish;
qurilish sohasida huquq buzilishlari uchun ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishda qatnashish.
O‘zbekiston Respublikasi hududida obyektlar qurilishini va binokorlik materiallari, buyumlar, konstruksiyalar ishlab chiqarishni amalga oshirayotgan qo‘shma korxonalar va chet el firmalariga nisbatan “Davarxitektqurilishnazorat” boshqarmasi, agar xalqaro shartnomalarda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, o‘ziga berilgan vakolatlardan to‘liq foydalanadi.
4. Qurilish qatnashchilari tomonidan qurilayotgan binolar, inshootlar, ishlab chiqarilayotgan binokorlik materiallari, buyumlar va konstruksiyalarning normativ-texnik va loyiha hujjatlariga muvofiqligini hamda qurilishning barcha bosqichlarida tashkiliy-huquqiy tartibga amal qilinishini ta’minlash “Davarxitektqurilishnazorat” boshqarmasining asosiy vazifalari hisoblanadi.
5. “Davarxitektqurilishnazorat” boshqarmasi o‘ziga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi asosiy funksiyalarni bajaradi:
a) bajarilayotgan qurilish-montaj ishlari va ishlab chiqarilayotgan binokorlik materiallari, buyumlar va konstruksiyalarning tasdiqlangan normativ-texnik va loyiha hujjatlariga muvofiqligini;
b) qurilish qatnashchilari tomonidan normativ-texnik va loyiha hujjatlarida nazarda tutilgan sinovlarning, s’yomkalarning, o‘lchovlarning o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishini, shuningdek, zarur texnik-ijro hujjatlarining yuritilishini;
v) tasdiqlangan loyihalarning amalga oshirilishi hamda arxitektura-qurilish yechimlari bo‘yicha texnik talablarga rioya qilishini;
g) O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tomonidan nazarda tutiladigan ro‘yxat bo‘yicha qurilishning belgilangan tartibda kelishilgan va tasdiqlangan hujjatlari, shuningdek, pudratchida litsenziyalanadigan faoliyat turlarini va ishlarni amalga oshirish uchun litsenziyalar mavjudligini tanlab tekshiradi;
qurilish sifati ustidan ishlab chiqarish nazorati, mualliflik va texnika nazorati yuritilishini nazorat qiladi;
binolar, inshootlar, ularning qismlari va tarkibiy elementlari buzilishi sabablarini tekshirish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq buzilishlar va buzilish holatlarining sabablarini tekshiruvchi texnik komissiyalar ishida qatnashadi;
qurilish mahsulotlari sifatini ta’minlash, qurilish qonunchiligiga rioya qilish masalalari bo‘yicha davlat nazoratining boshqa organlari, ilmiy-tadqiqot, loyiha va jamoat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlik qiladi;
amalga oshiriladigan nazorat natijalari bo‘yicha materiallarni umumlashtiradi va tahlil qiladi, normativ talablar, uslubiy va amal qilinuvchi materiallarni takomillashtirish bo‘yicha tegishli takliflarni ishlab chiqadi;
O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq qurilish sohasidagi qonunni buzishlar uchun jazolar qo‘llash to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar kiritadi.
6. “Davarxitektqurilishnazorat” boshqarmasi:
bajarilayotgan qurilish-montaj ishlarining va ishlab chiqarilayotgan binokorlik materiallari, konstruksiyalar va buyumlarning sifatini tekshirish maqsadida, qurilish usulidan va mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, qurilish obyektlariga hamda binokorlik materiallari va buyumlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga to‘siqsiz kirish;
qurilish-montaj ishlarining va qo‘llanilayotgan materiallar, buyumlar va konstruksiyalarning sifatini aniqlash uchun zarur bo‘lgan loyiha-smeta, texnologik va ijro hujjatlarini, boshqa materiallarni pudratchilar, buyurtmachilar, loyihalashtiruvchilardan tanishish uchun olish;
zarurat bo‘lganda pudratchilar va buyurtmachilarga konstruksiyalarning ayrim elementlarini ochishni, tuproq, materiallar, muhandislik tizimlarini sinab ko‘rishni topshirish, ekspertlarni jalb etish;
qurilish tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilib olish bo‘yicha komissiyalar ishida qatnashish;
o‘z vakolatlari doirasida tasdiqlangan loyihalarning, qurilish normalari va qoidalari, boshqa normativ-texnik hujjatlarning yo‘l qo‘yilgan buzilishini bartaraf etish to‘g‘risida qurilish qatnashchilari va materiallarni tayyorlovchilar bajarishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berish;
loyihalash tashkilotlarining mualliflik nazorati ishlarini tekshirish va mualliflik nazorati sifatsiz olib borilgan hollarda davlat korxonalari va budjet mablag‘lari hisobidan to‘langan summalarni loyiha tashkilotlaridan ushlab qolish to‘g‘risidagi taklifni mablag‘ bilan ta’minlovchi tashkilotlarga O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda kiritish;
davlat standartlariga va texnik shartlarga muvofiq kelmagan yoki transport tashish va saqlash jarayonida shikastlangan binokorlik materiallari, konstruksiyalari va buyumlari ishlab chiqarishni belgilangan maqsadda foydalanish uchun iste’molchilarga sotishni, shuningdek, ularni qo‘llashni to‘xtatib qo‘yish;
normativ talablar va tasdiqlangan loyiha yechimlarining qo‘pol ravishda buzilishi oqibatida mustahkamlik va chidamlilik darajasi pasayishiga olib kelgan, shuningdek, binolar va inshootlar buzilishi xavfi paydo bo‘lgan hollarda qurilish-montaj ishlarini davom ettirishni to‘xtatib qo‘yish;
obyektlarning o‘zboshimchalik bilan qurilishini to‘xtatib qo‘yish;
buyurtmachilar va pudratchilarga:
qurilish sifatini ta’minlashga doir qonunchilikni buzuvchi mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish haqida;
qurilayotgan obyektlarda loyihalar, norma va standartlar talablarining bajarilishini muntazam ta’minlamayotgan rahbarlarni, shuningdek, ish sifatini, mualliflik va texnik nazoratni qoniqarsiz amalga oshirayotgan xodimlarni lavozimdan ozod qilish to‘g‘risida taqdimnomalar berish;
mulkiy nizolarni hal qilish uchun bajarilgan qurilish-montaj ishlarining sifati va qurilish obyektlarining ahvoli haqida ekspert xulosalari berish huquqiga egadir.
7. “Davarxitektqurilishnazorat” boshqarmasi xodimlari pudratchilar va buyurtmachilarning vakillari ishtirokida obyektlarda tekshirish o‘tkazadilar. Bu maqsadlar uchun loyihalash va boshqa tashkilotlarning mutaxassislari jalb qilinishi mumkin.
Pudratchilar va buyurtmachilar tomonidan bu tekshirishlarni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi.
Tekshirishlar natijalari ishlarni bajarish daftarida qayd etiladi, zarurat bo‘lganda ko‘rsatmalar beriladi, dalolatnomalar tuziladi, ular “Davarxitektqurilishnazorat” organlari xodimlari va boshqa tekshirishda qatnashganlar tomonidan imzolanadi. Tekshirish qatnashchilari dalolatnomada bayon qilingan xulosalarga rozi bo‘lishmagan taqdirda o‘z e’tirozlarini kiritgan holda uni imzolashlari shart.
“Davarxitektqurilishnazorat” organlari xodimlari o‘z vazifalarini bajarishda davlat nazoratining boshqa organlari, soliq inspeksiyalari, bank muassasalari, prokuratura organlari, sudlar, hokimliklarning xizmatlari, iste’molchilar jamiyatlari va axborot organlari bilan hamkorlik qiladilar.
8. “Davarxitektqurilishnazorat” boshqarmasi mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari ustidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasiga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin. Shikoyat va da’vo arizalarini berish “Davarxitektqurilishnazorat” boshqarmasi xodimlari tomonidan berilgan ko‘rsatma va talablarning bajarilishini to‘xtatib qo‘ymaydi.
9. “Davarxitektqurilishnazorat” boshqarmasi xodimlari g‘ayriqonuniy xatti-harakatlar va zarar yetkazilganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
10. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Davlat arxitektura-qurilish nazorati organlari “Davarxitektqurilishnazorat” boshqarmasiga bo‘ysunadi. Ular faoliyatiga uslubiy rahbarlik qilish, faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish, ishda ularga yordam ko‘rsatish boshqarma tomonidan amalga oshiriladi.
Inspeksiyalar to‘g‘risidagi namunaviy Nizom O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
11. Davlat arxitektura-qurilish nazorati boshqarmasiga O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan boshliq rahbarlik qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining Davlat idoradan tashqari ekspertiza bosh boshqarmasi (“Boshdavlatekspertiza”) to‘g‘risida
nizom
1. Davlat idoradan tashqari ekspertiza bosh boshqarmasi (“Boshdavlatekspertiza”) O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasiga bo‘ysunadi va ushbu Nizom asosida faoliyat ko‘rsatadi.
2. “Boshdavlatekspertiza” o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining boshqa qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining qarorlariga va ushbu Nizomga amal qiladi.
3 “Boshdavlatekspertiza” ning asosiy vazifalari quyidagilardan iboratdir:
investitsiya loyihalarini ularda konstruksiya jihatdan mustahkamlik, ishlatish, ekologiya, yong‘in va portlash xavfsizligi, barcha turdagi resurslardan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanish, loyihalash va qurilish sohasidagi mamlakatimiz va jahon ilg‘or tajribalarini hisobga olish, arxitektura va shahar qurilish yechimlarining yuqori sifatli bo‘lishi talablari ta’minlanganligi, sanitariya-gigiyena normalari va qoidalariga muvofiqligi nuqtai nazaridan belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazish;
joylardagi ekspert organlari ishiga tashkiliy va uslubiy rahbarlik qilish;
loyihalash va qurilish ishlarini davom ettirishda davlat idoradan tashqari ekspertiza organlari takliflarining ro‘yobga chiqarilishi ustidan nazorat amalga oshirish.
4. “Boshdavlatekspertiza” texnik hujjatlar sifatsiz ekspertiza qilinganligi sababli yetkazilgan zarar uchun investor oldida moddiy javob beradi.
5. “Boshdavlatekspertiza” o‘ziga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagilarni amalga oshiradi:
texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarni (texnik-iqtisodiy asoslashlarni), korxonalar, binolar, inshootlar, muhandislik inshootlari qurilish, kengaytirilish va qayta qurilishi loyihalarini (ishchi loyihalarini), mulkchilik shakllaridan va mablag‘ bilan ta’minlash manbalaridan qat’i nazar, boshqa loyihalarni, rayonlashtirib rejalashtirish sxemalari va loyihalarini, shaharlar va boshqa aholi yashash joylarini, kurortlarni va dam olish zonalarini qurish bo‘yicha loyiha-rejalashtirish hujjatlarini belgilangan tartibda kompleks ekspertizadan o‘tkazadi hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat tabiatini muhofaza qilish qo‘mitasining takliflarini hisobga olgan holda ular bo‘yicha xulosalar beradi;
loyiha-smeta hujjatlarini kelishish masalalarida buyurtmachilar, loyihalash pudratchi va boshqa tashkilotlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni ko‘rib chiqadi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasiga takliflar kiritadi;
ekspertiza masalalariga oid uslubiy hujjatlarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi, ekspert organlari xodimlari o‘quvini tashkil qiladi;
ekspertiza natijalarini umumlashtiradi, loyihalashning sifat darajasini tahlil qiladi hamda loyiha-smeta ishini, uning normativ bazasini va ekspertizani takomillashtirish bo‘yicha belgilangan tartibda takliflar kiritadi.
6. “Boshdavlatekspertiza” ga quyidagi huquqlar beriladi:
ekspertiza natijalariga ko‘ra texnik-iqtisodiy asoslashlarni (hisob-kitoblarni) va loyihalarni rad etish yoki ularni qo‘shimcha ishlash uchun qaytarish;
zarurat bo‘lganda O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasiga ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlarining sifatini past ekanligida aybdor bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan jazo choralarini qo‘llash haqida takliflar kiritish;
ekspertiza o‘tkazishga O‘zbekiston Respublikasining loyihalash, ilmiy-tadqiqot va boshqa tashkilotlarini, olimlar va mutaxassislarni jalb qilish, zarurat hollarda vaqtinchalik ekspert jamoalarini tuzish.
Oldingi tahrirga qarang.
tobe ekspert tashkilotlar va mustaqil firmalar tomonidan qurilish, rekonstruksiyalar uchun beriladigan ekspert xulosalar sifatini nazorat qilish va monitoringini amalga oshirish.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 8-noyabrdagi 492-sonli qaroriga muvofiq beshinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan)
7. “Boshdavlatekspertiza” ga O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan boshliq rahbarlik qiladi.
8. “Boshdavlatekspertiza” boshlig‘i:
Bosh boshqarmaga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi, boshqarma faoliyatining alohida yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z o‘rinbosarlari va ekspertlarning mas’uliyati darajasini belgilaydi;
barcha tashkilotlarda va korxonalarda “Boshdavlatekspertiza” faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar bo‘yicha uning nomidan vakillik qiladi;
o‘rinbosarlarni, tuzilmani, xodimlar sonini va shtat jadvalini tasdiqlaydi;
amaldagi qonunchilikka muvofiq “Boshdavlatekspertiza” xodimlarini ishga qabul qiladi va ishdan bo‘shatadi;
moliya-shtat intizomiga rioya qilinishini ta’minlaydi, belgilangan smetalar va ajratilgan mablag‘lar doirasida boshqarma kreditlari va mablag‘lar doirasida boshqarma kreditlari va mablag‘larini tasarruf etadi.
9. “Boshdavlatekspertiza” faoliyati vazirliklar, idoralar, korxonalar va tashkilotlarga ko‘rsatiladigan ekspert xizmatlari va boshqa xizmatlar hamda ish turlari bajarilganligi uchun olinadigan mablag‘lar hisobiga amalga oshiriladi.
10. O‘zbekiston Respublikasi viloyatlari va Toshkent shahridagi davlat idoradan tashqari ekspertiza organlari tashkiliy va uslubiy rahbarlik qilish bo‘yicha “Boshdavlatekspertiza” ga bo‘ysunadilar. Ushbu organlar to‘g‘risidagi Namunaviy nizom O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
11. “Boshdavlatekspertiza” yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga ega bo‘ladi.
(O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari to‘plami, 1995-y., 1-son, 2-modda)