Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OPEK xalqaro taraqqiyot jamgʻarmasi ishtirokida “Namangan viloyatining Zarkent, Xodikent, Isqovot, Buloqboshi, Yoshlik shaharchalari va Namangan shahrining suv taʼminotini yaxshilash” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Namangan viloyati aholisi va xoʻjalik yurituvchi subyektlarini sifatli ichimlik suv bilan taʼminlash, shuningdek, OPEK xalqaro taraqqiyot jamgʻarmasi bilan hamkorlikni kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Namangan viloyatining Zarkent, Xodikent, Isqovot, Buloqboshi, Yoshlik shaharchalari va Namangan shahrining suv taʼminotini yaxshilash” loyihasini (keyingi oʻrinlarda loyiha deb ataladi) amalga oshirish uchun:
a) 2019-yil 19-martda OPEK xalqaro taraqqiyot jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda OPEK jamgʻarmasi deb ataladi) Oʻzbekiston Respublikasiga 5 yillik imtiyozli davrni oʻz ichiga olgan 20 yil mobaynida qaytarish muddati bilan 53,96 mln AQSH dollari miqdoridagi qarz berilishini maʼqullanganligi;
b) loyihaning umumiy qiymati 68,05 mln AQSH dollarini, shu jumladan:
OPEK jamgʻarmasi qarzi — 53,96 mln AQSH dollarini;
loyihani amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi hissasi — soliq va bojxona imtiyozlari berish, shuningdek, investitsiya davrida moliyaviy chiqimlarni toʻlash tarzida ekvivalentda 8,1 mln AQSH dollarini tashkil etishi;
v) loyihani amalga oshirish davri 6 yilni (2020 — 2025-yillar) tashkil etishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi huzuridagi “Kommunxizmat” agentligi (keyingi oʻrinlarda “Kommunxizmat” agentligi deb ataladi) loyiha amalga oshirilishi, OPEK jamgʻarmasining qarz mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishi uchun masʼul boʻlgan ijro etuvchi organ hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Quyidagilar:
“Namangan viloyatining Zarkent, Xodikent, Isqovot, Buloqboshi, Yoshlik shaharchalari va Namangan shahrining suv taʼminotini yaxshilash” loyihasini texnik-iqtisodiy asoslashning asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari 1-ilovaga* muvofiq;
“Namangan viloyatining Zarkent, Xodikent, Isqovot, Buloqboshi, Yoshlik shaharchalari va Namangan shahrining suv taʼminotini yaxshilash” loyihasi boʻyicha OPEK jamgʻarmasining qarzini qaytarish, foizlar va vositachilik haqi toʻlashning prognoz jadvali 2-ilovaga* muvofiq;
“Namangan viloyatining Zarkent, Xodikent, Isqovot, Buloqboshi, Yoshlik shaharchalari va Namangan shahrining suv taʼminotini yaxshilash” loyihasi doirasida OPEK jamgʻarmasining qarz mablagʻlariga xizmat koʻrsatish xarajatlarini qoplash boʻyicha ulushlar taqsimotining prognozi 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 — 3-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
4. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziriga:
Oʻzbekiston Respublikasi nomidan OPEK jamgʻarmasi bilan loyihani amalga oshirish uchun qarz bitimini;
OPEK jamgʻarmasining qarz mablagʻlarini Oʻzbekiston Respublikasi, “Kommunxizmat” agentligi, Namangan viloyati “Suvoqava” DUK va Namangan viloyati hokimligi oʻrtasida qayta kreditlash toʻgʻrisidagi bitimni imzolash vakolati berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi bilan OPEK jamgʻarmasi oʻrtasidagi qarz bitimi boʻyicha belgilangan tartibda yuridik xulosa bersin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri, “Kommunxizmat” agentligi bosh direktori va Namangan viloyati hokimiga:
Keyingi tahrirga qarang.
tasdiqlangan texnik-iqtisodiy asoslash parametrlariga muvofiq loyiha oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlaydigan tashkiliy-texnik tadbirlar amalga oshirilishi;
qayta kreditlash toʻgʻrisidagi bitim shartlariga muvofiq OPEK jamgʻarmasi qarzini qaytarish va u boʻyicha foizlarni va vositachilik haqini toʻlash uchun zarur boʻlgan mablagʻlar Namangan viloyati “Suvoqava” DUKda oʻz vaqtida jamlanib borilishini taʼminlash uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Namangan viloyati hokimligi:
suv quvuri inshootlari va tarmoqlarini qurish uchun yer uchastkalari belgilangan tartibda ajratilishini;
2020-yildan boshlab Namangan viloyati mahalliy budjeti parametrlarida OPEK jamgʻarmasining qarzi boʻyicha foizlarni va vositachilik haqini toʻlashga, asosiy qarzni qaytarishga Namangan viloyati “Suvoqava” DUKning ushbu maqsadlarga yoʻnaltiriladigan oʻz mablagʻlariga qoʻshimcha ravishda mablagʻlarni nazarda tutsin.
8. “Kommunxizmat” agentligi huzuridagi Arab muvofiqlashtirish guruhining ishlab turgan Loyihalarini boshqarish guruhiga loyihani muvofiqlashtirish va boshqarish hamda ushbu guruhni malakali mutaxassislar bilan butlash funksiyasi yuklansin.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi loyiha 2020-yil va keyingi yillar uchun moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasi investitsiya dasturlariga belgilangan tartibda kiritilishini taʼminlasin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — transport vaziri A.J. Ramatov, Bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari E.M. Ganiyev va Oʻzbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri M.X. Saliyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 5-sentabr,
739-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.09.2019-y., 09/19/739/3698-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2021-y., 09/21/786/1216-son; 28.07.2026-y., 06/26/140/0792-son)