Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qoʻqon universitetini tashkil etish toʻgʻrisida
Jahon tajribasini hisobga olgan holda oliy maʼlumotli raqobatbardosh va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni tashkil etish, oʻquv jarayonining ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan uzviy bogʻliqligini kuchaytirish, oliy taʼlim sohasidagi xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish, mamlakat hududlaridagi yoshlarning salohiyatini roʻyobga chiqarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda “Da Vinci” masʼuliyati cheklangan jamiyatining (keyingi oʻrinlarda Muassis deb ataladi) Qoʻqon shahrida nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatuvchi Qoʻqon universitetini (keyingi oʻrinlarda Universitet deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilar Universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
Universitetda Oʻzbekiston oliy taʼlim dasturlari bilan birga dunyoning nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalarining oliy taʼlim dasturlarini joriy etish;
respublika iqtisodiyoti real sektorlari tarmoqlarining ehtiyojlarini hisobga olgan holda yuqori malakali oliy maʼlumotli mutaxassislarni tayyorlash;
xorijning ilgʻor oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik asosida tajriba almashish dasturlarini amalga oshirish;
oʻquv rejalariga zamonaviy fanlarni kiritib borish, innovatsion hamda ilm-fanga asoslangan texnologiyalarni tatbiq qilish;
taʼlim jarayoniga yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalarining malakali professor-oʻqituvchilari, olim va mutaxassislarini keng jalb qilish;
taʼlim jarayoniga zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, ilm-fan va texnikaning yangi yutuqlarini joriy etish;
professor-oʻqituvchilar malakasini oshirish va qayta tayyorlash, shu jumladan ularning stajirovkasini nufuzli xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida tashkil etish.
3. Muassisning quyidagi majburiyatlarni oʻz zimmasiga olishi toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin:
Universitetni zamonaviy laboratoriya asbob-uskunalari, oʻquv va ilmiy adabiyotlar, mebel, kompyuter texnikasi bilan taʼminlash hamda oʻquv jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
Universitetning bino va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash hamda jihozlash;
Universitetni tanlov asosida malakali professor-oʻqituvchilar tarkibi bilan toʻldirish;
har yili ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli, iqtidorli hamda oʻzlashtirish koʻrsatkichlari yuqori boʻlgan farzandlari orasidan tanlov asosida bepul (Universitet granti asosida) 10 nafardan kam boʻlmagan abituriyentlarni oʻqishga qabul qilish.
4. Belgilansinki:
Universitet nodavlat oliy taʼlim tashkiloti hisoblanadi;
Universitet taʼlim jarayonini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan malaka talablari, oʻquv reja va fan dasturlari asosida amalga oshiradi;
Universitetda oʻqitish Oʻzbekiston Respublikasida amalda mavjud taʼlim shakllari hamda oʻzbek, rus va ingliz tillarida toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;
bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul parametrlari respublika mehnat bozori ehtiyojlari hamda Universitetning moddiy-texnik imkoniyatidan kelib chiqqan holda Universitet tomonidan belgilanadi;
Universitetga abituriyentlarni qabul qilish tartibi va qoidalari Universitet tomonidan belgilanadi;
Universitetda taʼlim faoliyati 2019/2020 oʻquv yilidan boshlanadi;
Universitet bitiruvchilariga Oʻzbekiston Respublikasida oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat sifatida eʼtirof etiladigan belgilangan namunadagi diplom beriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Adliya vazirligi Universitetni tashkil etish davrida uning faoliyatini yoʻlga qoʻyish bilan bogʻlik tashkiliy, yuridik, iqtisodiy, oʻquv- uslubiy, moddiy-texnik va boshqa masalalarni hal etishda Muassisga koʻmaklashsin.
6. Quqon shahri, Turkiston koʻchasi, 28-a uy manzilida joylashgan Quqon servis va tadbirkorlik kasb-hunar kollejining bino va inshootlari tegishli hududi bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga operativ boshqaruv huquqi bilan berilsin va keyinchalik ushbu joyda Universitet tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
Belgilab qoʻyilsinki, Qoʻkon servis va tadbirkorlik kasb-hunar kolleji oʻquvchilari oʻqishni bitirgunlariga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga berilayotgan bino va inshootlarda oʻquv jarayonini davom ettiradilar.
7. Quyidagilar Universitet faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar;
xoʻjalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
(7-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
8. Universitetga har yili yangi oʻquv yili boshlanguniga qadar mavjud talab va ehtiyojni hamda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish istiqbollarini hisobga olib, mehnat bozori konyunkturasining tez oʻzgaruvchan sharoitida yuqori malakali kadrlarning amaliy tayyorgarligini taʼminlaydigan yangi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarini ochishga ruxsat berilsin.
9. Qoʻkon shahar hokimligi Universitet faoliyatini 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab yoʻlga qoʻyish uchun uning bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish hamda kapital taʼmirlash boʻyicha zarur loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlashda, oʻqituvchi va talabalar uchun turar joy binosini qurishda, zarur oʻquv-laboratoriya uskunalari, kompyuter texnikasi va kutubxona fondlari bilan taʼminlashda Muassis bilan hamkorlik qilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Universitetda taʼlim sifatini va qonunchilikka rioya etilishini belgilangan tartibda nazorat qilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Universitet buyurtmanomalariga binoan mazkur qarorni amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy professor-oʻqituvchilar tarkibi va maʼmuriy xodimlar hamda ularning oila aʼzolari uchun kirish vizalari konsullik hamda boshqa yigʻimlar undirilmasdan, belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Universitet buyurtmanomalariga binoan mazkur qarorni amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy professor-oʻqituvchilar tarkibi va maʼmuriy xodimlar hamda ularning oila aʼzolari uchun davlat boji undirilmasdan, belgilangan tartibda koʻp martalik vizalar berilishi va uzaytirilishini, shuningdek, ularning yashash manzillari boʻyicha vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazilishi hamda uning muddati uzaytirilishini taʼminlasin.
13. 2022-yil 1-avgustga qadar:
Universitet barcha turdagi soliqlarni toʻlashdan;
Universitetga jalb etiladigan xorijiy professor-oʻqituvchilar va mutaxassislar yagona ijtimoiy toʻlovni va jismoniy shaxslarning daromadlaridan olinadigan soliqni toʻlashdan;
Universitetni jihozlash va faoliyatini tashkil etish uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha olib kelinadigan, Oʻzbekistonda ishlab chiqarilmaydigan uskunalar (shu jumladan laboratoriya uskunalari), kompyuter texnikasi, elektron doskalar, proyektorlar, multimedia mahsulotlari, adabiyotlar, qurilish materiallari va inventar bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Davlat bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda chetdan olib kelingan tovarlardan Universitet tomonidan maqsadli foydalanilishi boʻyicha nazorat oʻrnatsin.
Oldingi tahrirga qarang.
Belgilansinki, chetdan olib kelinadigan tovarlardan boshqa maqsadlarda foydalanilgan taqdirda, imtiyozlar berilishi munosabati bilan toʻlanmagan bojxona toʻlovlari summasi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan moliyaviy sanksiyalar qoʻllanilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga undirib olinadi.
(13-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
14. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
15. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari A.A. Abduxakimov hamda Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlimi vaziri I.U. Madjidov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 17-avgust,
683-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.08.2019-y., 09/19/683/3588-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)