Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Navoiy KMK” davlat korxonasining sohaga oid boʻlmagan, ishlab chiqarish jarayonlariga jalb etilmagan aktivlaridan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
“Navoiy KMK” davlat korxonasining sohaga oid boʻlmagan, ishlab chiqarish jarayonlariga jalb etilmagan aktivlaridan samarali va oqilona foydalanishni taʼminlash, shuningdek, korxonaning moliyaviy-iqtisodiy holatini barqarorlashtirish va yanada mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Navoiy KMK” davlat korxonasi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda “Navoiy KMK” davlat korxonasining aktivlari xatlovdan oʻtkazilganligi va uning natijalari boʻyicha “Navoiy KMK” davlat korxonasining sohaga oid boʻlmagan, ishlab chiqarish jarayonlariga jalb etilmagan aktivlari roʻyxati tayyorlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Navoiy KMK” davlat korxonasi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va viloyatlar hokimliklarining “Navoiy KMK” davlat korxonasining sohaga oid boʻlmagan aktivlarini ilovaga* muvofiq roʻyxat boʻyicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga va boshqa tashkilotlarga bepul berish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
3. “Navoiy KMK” davlat korxonasi ikki oy muddatda ushbu qarorga ilovada koʻrsatilgan sohaga oid boʻlmagan aktivlarni joriy holatida topshirishni, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar esa belgilangan tartibda — qabul qilinishini taʼminlasin va ulardan yanada samarali foydalanish boʻyicha zarur choralarni koʻrsin.
4. “Navoiy KMK” davlat korxonasiga, istisno tariqasida, qayta oʻzgartirish davrida fizik yemirilgan va maʼnan eskirgan asosiy vositalarni balansdan chiqarishga va buning natijasida hosil boʻlgan qora va rangli metallar parchalari va chiqindilarini belgilangan tartibda “Oʻzmetkombinat” va “Oʻzikkilamchiranglimetall” aksiyadorlik jamiyatlariga topshirishga ruxsat berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Belgilansinki, ushbu qarorga muvofiq berilayotgan va qabul qilinayotgan aktivlarning qiymati soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblashda soliq solish obyekti hisoblanmaydi.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish “Navoiy KMK” davlat korxonasi bosh direktori Q.S. Sanaqulov zimmasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Yoqilgʻi-energetika sohasi va sanoatning bazaviy tarmoqlarini rivojlantirish masalalari kotibiyatiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 16-iyul,
593-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.07.2019-y., 09/19/593/3440-son; 23.12.2024-y., 09/24/859/1047-son)