24.05.2019 yildagi 13-son
Hujjat 24.05.2019 00 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Iqtisodiy nizolarni hal etishda birinchi instansiya sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi normalarini to‘g‘ri va bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida, “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasiga asoslanib O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Iqtisodiy sudlarning e’tibori nizolarni O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi) va boshqa qonun hujjatlariga qat’iy rioya etgan, taraflarning teng huquqliligi, sud ishlarini yuritishning oshkoraligi, tortishuvligi va odil sudlovning boshqa prinsiplarini ta’minlagan holda hal etish zarurligiga, ularga rioya qilmaslik esa, taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar huquqlari buzilishiga olib kelishiga qaratilsin.
2. IPK 3-moddasining birinchi qismiga muvofiq har qanday manfaatdor shaxs o‘zining buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun iqtisodiy sudga (bundan buyon matnda sud deb yuritiladi) ushbu Kodeksda belgilangan tartibda murojaat qilishga haqli.
Sudlarga tushuntirilsinki, sudga murojaat qilishda IPKda belgilangan shaklga rioya qilmaslik da’vo arizasi (ariza) va shikoyatni qaytarish uchun asos bo‘ladi.
3. IPK 148-moddasining birinchi qismiga muvofiq sud manfaatdor shaxslarning, prokurorning, qonun bo‘yicha davlat va jamiyat manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan hollarda shu davlat organlari va boshqa organlarning arizalari bo‘yicha ish qo‘zg‘atadi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra, agar qonunda muayyan toifadagi nizolar uchun sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibi belgilangan yoxud bu tartib shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa, faqat taraflar o‘zaro munosabatlarini ixtiyoriy ravishda hal qilish choralarini ko‘rganlaridan keyingina sudda ish qo‘zg‘atilishi mumkin. Bunday tartib, xususan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi (bundan buyon matnda FK deb yuritiladi), Soliq kodeksi, Havo kodeksi, “Temir yo‘l transporti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilab qo‘yilgan. Nizolarni sudgacha hal etish (talabnoma yuborish) tartibi da’vogar uchun faqat qonun va shartnomada belgilangan hollarda majburiy ekanligini nazarda tutish lozim.
5. IPK 15-moddasining birinchi qismiga ko‘ra, qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari barcha davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, boshqa organlar, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiy bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida ijro etilishi lozim.
6. Rad qilish to‘g‘risidagi ariza faqat IPKning 20 va 21-moddalarida ko‘rsatilgan hollar mavjud bo‘lganda qanoatlantirilishi mumkin.
IPK 20-moddasining 3-bandini qo‘llashda sudya, agar u ishda ishtirok etuvchi shaxslarning (ishda ishtirok etuvchi shaxslar rahbarlari yoki ta’sischilari (ishtirokchilari), yuridik shaxs mol-mulkining egasi) yoki ular vakillarining qarindoshi bo‘lsa, ishni ko‘rishda qatnasha olmasligini nazarda tutish lozim.
7. IPK 19-moddasining birinchi qismiga muvofiq ishni birinchi instansiya sudida ko‘rishda ishtirok etgan sudya, agar sudning hal qiluv qarori apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudlari tomonidan yoxud nazorat tartibida bekor qilingan bo‘lsa, shu ishni birinchi instansiya sudida yangidan ko‘rishda ishtirok eta olmaydi, yangi ochilgan holatlar bo‘yicha ishlarni ko‘rish bundan mustasno.
Keyingi tahrirga qarang.
Sudlar nazarda tutishlari lozimki, IPKning 19-moddasida belgilangan qoidalar da’vo arizasini qabul qilish va ish qo‘zg‘atish, ishni sud muhokamasiga tayyorlash, sud majlisini qoldirish to‘g‘risidagi va boshqa shikoyat qilinmaydigan ajrimlarni qabul qilishda ishtirok etgan sudyalarga tatbiq etilmaydi. Biroq, da’voni ko‘rmasdan qoldirish va ish yuritishni tugatish to‘g‘risidagi ajrimlarni chiqargan sudya shu ishni birinchi instansiya sudida yangidan ko‘rishda ishtirok etishi mumkin emas.
8. Sudga IPK 25-moddasining birinchi qismida belgilangan iqtisodiyot sohasida fuqaroviy, ma’muriy va boshqa huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan iqtisodiy nizolar bo‘yicha ishlar taalluqlidir. Iqtisodiy sudga taalluqli bo‘lgan, nizo kelib chiqishi mumkin bo‘lgan boshqa huquqiy munosabatlar deganda, xususan, fuqarolik va ma’muriy huquq normalari bilan qamrab olinmagan yer va boshqa huquqiy munosabatlar tushunilishi lozim.
Sudlar inobatga olishlari lozimki, IPKning 30-moddasida ko‘rsatilgan korporativ nizolarning ro‘yxati tugal hisoblanmaydi. Shuning uchun nizoning ushbu ro‘yxatda ko‘rsatilmaganligini asos qilib, da’vo arizasini qabul qilishni rad etishga yoki ish yuritishni tugatishga yo‘l qo‘yilmaydi.
9. IPK 37-moddasining beshinchi qismiga muvofiq korporativ nizolar bo‘yicha da’volar yuridik shaxs joylashgan yerdagi sudga taqdim etiladi. Bunda shuni e’tiborga olish lozimki, ushbu qoidada ko‘rsatilgan yuridik shaxs deganda, nizo aynan qaysi yuridik shaxsning faoliyati yuzasidan kelib chiqqan bo‘lsa, shu yuridik shaxs tushuniladi.
IPKning 30-moddasida ko‘rsatilgan korporativ nizolarning ro‘yxati tugal hisoblanmasligi sababli, IPKning ushbu moddasida ko‘rsatilmagan, ammo o‘zining mohiyatiga ko‘ra korporativ nizo hisoblangan da’volar ham yuridik shaxs joylashgan joyda taqdim etiladi.
10. IPKning 25-moddasida iqtisodiy sudga taalluqli nizolar kelib chiqishi mumkin bo‘lgan huquqiy munosabatlar qatnashchilarining subyektli tarkibi belgilangan. U eng avvalo, yuridik shaxslarni va yuridik shaxs tuzmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan va yakka tartibdagi tadbirkor maqomini qonunda belgilangan tarzda olgan fuqarolarni hamda IPK 25-moddasi birinchi qismining 5-bandida nazarda tutilgan ishlar bo‘yicha jismoniy shaxslarni o‘z ichiga oladi.
Da’vo yuridik shaxsning o‘ziga emas, balki uning alohida bo‘linmasiga nisbatan taqdim etilgan bo‘lsa, IPK 154-moddasining 1-bandiga asosan da’vo arizasini qabul qilish rad etiladi. Agar bu holat da’vo arizasi ish yuritishga qabul qilinganidan keyin aniqlansa, IPKning 45-moddasiga muvofiq yuridik shaxsning o‘zini ishda ishtirok etishga jalb qilish masalasi hal etilishi lozim. Da’vo qanoatlantirilgan taqdirda, undiriladigan summa ishga tegishli javobgar sifatida jalb qilingan yuridik shaxsdan undiriladi.
IPK 25-moddasi birinchi qismining 1-bandiga muvofiq fuqaro, agar u yuridik shaxs tuzmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan va yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatga olingan bo‘lsa, iqtisodiy sudga taalluqli nizoning qatnashuvchisi deb tan olinadi. Sudlar shuni nazarda tutishlari kerakki, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan, lekin davlat ro‘yxatidan o‘tmagan fuqaro, yakka tartibdagi tadbirkor maqomini olmaydi va bunday shaxslar ishtirokidagi nizolar IPK 25-moddasiga muvofiq iqtisodiy sudga taalluqli emas. Agar fuqaroning yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tganligining amal qilishi, xususan guvohnomaning amal qilish muddatining tugashi, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligining bekor qilinganligi va hokazolar munosabati bilan tugatilganda, tegishli talablar uning avvalgi tadbirkorlik faoliyatidan kelib chiqsa, iqtisodiy sudga taalluqlidir.
Bundan kelib chiqadiki, shartnoma oldidan bo‘ladigan nizoni, agar bunday shartnomani tuzish qonun bo‘yicha hech bo‘lmaganda bir taraf uchun majburiy bo‘lsa, sud ko‘rib chiqish uchun qabul qilishi shart (FKning 377-moddasi). Shartnoma bo‘yicha kelishmovchiliklar to‘g‘risidagi nizoni sudga hal etish uchun berishning boshqa sharti taraflarning bunday imkoniyat haqidagi kelishuvi hisoblanadi. Mazkur kelishuv turli shakllarda, masalan, xatlar, telegrammalar, ma’lumotlar almashish yo‘li bilan, faksimil yoki elektron aloqa vositasida ifoda etilishi mumkin. Bundan tashqari, shartnoma bo‘yicha kelishmovchiliklarni hal etishni sudga topshirish tuzilishi kerak bo‘lgan shartnomaning sharti sifatida nazarda tutilishi va agar boshqa taraf kelishmovchiliklar bayonnomasida loyihaning bu sharti bo‘yicha hech qanday e’tiroz bildirmasa, taraflardan biri tomonidan bunday tartib loyihaga kiritilishi mumkin.
Shartnoma shartlarini o‘zgartirish yoki bekor qilish haqidagi iqtisodiy nizolar ham sudga taalluqlidir. Bunday turdagi nizolarni sud o‘z ish yuritishiga qabul qilishi uchun shartnomaning turi ham, uni tuzish tartibi ham ahamiyatga ega emas. Shu bilan birga FK shartnomani bekor qilish va o‘zgartirish, agar FK, boshqa qonunlar yoki shartnoma bilan boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, taraflarning kelishuvi bo‘yicha mumkinligi to‘g‘risidagi qoidani belgilaydi (FK 382-moddasining birinchi qismi). Taraflardan birining talabi bilan esa shartnoma sud tomonidan faqat ikkinchi taraf uni jiddiy ravishda buzsa hamda FK, boshqa qonunlar va shartnomada nazarda tutilgan o‘zga hollarda o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin (FK 382-moddasining ikkinchi qismi). Bunda sud bir taraf shartnomani o‘zgartirish yoki bekor qilish haqidagi taklifga ikkinchi tarafdan rad javobi olganidan keyingina yoki taklifda ko‘rsatilgan yoxud qonunda yoinki shartnomada belgilangan muddatda, bunday muddat bo‘lmaganida esa — o‘ttiz kunlik muddatda javob olmaganidan keyin, shartnomani o‘zgartirish yoki bekor qilish haqidagi da’voni qabul qilishga haqli (FKning 384-moddasi).
12. IPK 25-moddasi birinchi qismining 2-bandiga muvofiq sudga yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni aniqlash to‘g‘risidagi ishlar taalluqlidir.
Sudlar inobatga olishlari lozimki, IPK 205-moddasining ikkinchi qismida ko‘rsatilgan yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarning ro‘yxati tugal hisoblanmaydi. Shuning uchun bunday faktning ushbu ro‘yxatda ko‘rsatilmaganligini asos qilib, arizani qabul qilishni rad etishga yoki ish yuritishni tugatishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktni aniqlash to‘g‘risidagi ariza IPKning 149-moddasi va 207-moddasining ikkinchi qismida bayon qilingan talablarga rioya etgan holda berilishi kerak. Qayd etilgan talablarga rioya etmaslik IPK 155-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan arizani qaytarishga asos bo‘ladi.
13. Da’vogar IPK 157-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan da’vo asosini yoki predmetini o‘zgartirish, da’vo talablari miqdorini ko‘paytirish yoki kamaytirish huquqidan birinchi instansiya sudida hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar foydalanishi mumkin. Bu norma ish boshqa instansiyalarda ko‘rilayotganida qo‘llanilmaydi. Qayd etilgan huquq da’vogar tomonidan, shuningdek hal qiluv qarori apellatsiya, kassatsiya instansiyalari tomonidan yoki nazorat tartibida yoxud sud hujjati yangi ochilgan holat bo‘yicha bekor qilinib, ish yangidan birinchi instansiya sudida ko‘rilayotganda foydalanilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
14. IPK 61-moddasining birinchi qismiga muvofiq sudda yuridik shaxslarning ishlarini ularning qonun hujjatlarida yoki ta’sis hujjatlarida berilgan vakolatlar doirasida harakat qiladigan organlari va (yoki) vakillari yuritadi.
Vakilning ishonchnomasida ishonch bildirgan shaxsning nomidan sudda vakil amalga oshirishga haqli bo‘lgan, IPKning 63-moddasida nazarda tutilgan protsessual harakatlar sanab o‘tilgan bo‘lishi lozim. Agar vakilga berilgan ishonchnomada uning aniq vakolatlari ko‘rsatilmagan bo‘lsa, vakil IPK 63-moddasining birinchi qismida maxsus nazarda tutilgan protsessual harakatlardan tashqari, barcha protsessual harakatlarni amalga oshirishga haqli.
IPKning 63-moddada vakilning da’vo talablarining miqdorini ko‘paytirish yoki kamaytirish vakolati ishonchnomada maxsus nazarda tutilgan bo‘lishi belgilanmagan. Shu sababli, sudlarning e’tibori bunday arizalar da’vo arizasini imzolash huquqi berilgan shaxs tomonidan berilishi mumkinligiga qaratilsin.
IPK 61-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq fuqarolar o‘zishlarini iqtisodiy sudlarda shaxsan o‘zlari va (yoki) vakillari orqali yuritishlari mumkin. IPK 61-moddasining ikkinchi qismida ko‘rsatilgan fuqarolar deganda, yuridik shaxs tuzmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan va yakka tartibdagi tadbirkor maqomini qonunda belgilangan tarzda olgan fuqarolar, shuningdek IPK 25-moddasi birinchi qismining 3 va 5-bandlari hamda ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan nizolar ishtirokchilari — jismoniy shaxslar tushunilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Sudlar sud ishlarini yuritish ishtirokchilari va ular vakillarining vakolatlarini IPK 165-moddasi uchinchi qismining 2-bandiga muvofiq ravishda tekshirishlari kerak. Shartnoma bo‘yicha (ixtiyoriy) vakil ishtirok etayotganda sud uning hujjatlarini IPK 61-moddasining to‘rtinchi qismida qo‘yilgan talablarga mosligini tekshiradi. Xususan, ishda yuridik shaxs manfaatini himoya qilayotgan xodimining vakolatlarini tekshirishda uning mazkur yuridik shaxsda ishlayotganligini tasdiqlovchi hujjatlar (mehnat shartnomasi, buyruq va boshqa hujjatlar) o‘rganiladi.
IPK 61-moddasi to‘rtinchi qismining 6-bandida ishda ishtirok etuvchi shaxslarning iltimosiga binoan sud tomonidan ruxsat berilgan boshqa shaxslar shartnoma bo‘yicha vakil bo‘lishi mumkinligi belgilangan. Xususan, ishda ishtirok etuvchi yuridik shaxsning xodimi bo‘lmagan, lekin ish uchun muhim holatlarni belgilashga va nizoni to‘g‘ri hal etishga ko‘maklashishi mumkin bo‘lgan shaxs vakil sifatida ishda ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilishi mumkin.
15. IPK 69-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq, agar sud mavjud dalillar yetarli emas deb hisoblasa, ishning obyektiv holatlarini aniqlash va nizoni to‘g‘ri hal qilish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan qo‘shimcha dalillarni taqdim etishni taklif qilishi mumkin.
Qo‘shimcha dalillar nizoning to‘g‘ri hal qilinishi va u bo‘yicha qonuniy hamda asoslantirilgan sud hujjati qabul qilinishi uchun zarur bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, shuni nazarda tutish lozimki, IPK 170-moddasining birinchi qismiga ko‘ra, ishda ishtirok etuvchi shaxslarga sud da’vo arizasi yuzasidan taqdim etishni taklif qilgan yozma fikr yoki qo‘shimcha dalillar taqdim etilmaganligi ishni mavjud materiallar bo‘yicha ko‘rishga to‘sqinlik qilmaydi.
16. IPK 80-moddasining birinchi qismi ekspertizaning nafaqat ishda ishtirok etuvchi shaxslarning iltimosnomasiga ko‘ra tayinlanishi imkonini nazarda tutadi balki, agar ekspertizani tayinlash qonunda belgilab qo‘yilgan yoki shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa yoxud taqdim etilgan dalilning qalbakilashtirilganligi to‘g‘risidagi arizani tekshirish yoxud qo‘shimcha ekspertiza tayinlash zarur bo‘lsa, sud ekspertizani o‘z tashabbusi bilan tayinlashi mumkin.
18. IPKning 94-moddasida ko‘rsatilgan da’voni ta’minlash choralari, agar ularni qo‘llamaslik sudning hal qiluv qarorini bajarishga qiyinchilik tug‘dirishi mumkin bo‘lsa yoxud bajarib bo‘lmaydigan qilib qo‘ysa, ish bo‘yicha ish yuritishning har qanday bosqichida qabul qilinishi mumkin.
Inobatga olish lozimki, IPK 94-moddasining birinchi qismi hisobvarag‘iga band solish kabi da’voni ta’minlash chorasini nazarda tutmaydi. Shuning uchun ishda ishtirok etuvchi shaxsning javobgarga tegishli bo‘lgan pul mablag‘lariga band solish to‘g‘risidagi arizasini ko‘rib chiqishda hisobga olish kerakki, kredit muassasasidagi hisobvaraqlari emas, balki da’voda ko‘rsatilgan summa doirasida hisobvaraqlarida mavjud bo‘lgan pul mablag‘lari xatlanadi.
IPK 99-moddasining mazmuniga ko‘ra, da’voni qanoatlantirishni rad etish, da’voni ko‘rmasdan qoldirish va ish yuritishni tugatish to‘g‘risidagi sud hujjatlari qonuniy kuchga kirgach, da’voni ta’minlash chorasi o‘z kuchini yo‘qotadi. Biroq, sud ko‘rsatilgan sud hujjatlarini qabul qilish bilan bir vaqtda yoki ular qabul qilinganidan keyin ishda ishtirok etuvchi shaxslarning iltimosnomasi yoki o‘zining tashabbusi bo‘yicha da’voni ta’minlashni bekor qilishi mumkin. Bunda IPK alohida ajrim chiqarilishini nazarda tutadi va da’voni qanoatlantirishni rad etish to‘g‘risidagi hal qiluv qarori yoki da’voni ko‘rmasdan qoldirish va ish yuritishni tugatish to‘g‘risidagi ajrimda da’voni ta’minlash chorasining bekor qilinishi ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Ish yuritishni to‘xtatish asoslari IPKning 101 va 102-moddalarida nazarda tutilgan. Bunda sud IPKning 102-moddasida belgilangan asoslar bo‘yicha ish yuritishni o‘z tashabbusi bilan yoki taraflarning iltimosnomasiga ko‘ra to‘xtatishga haqli ekanligi va IPKning 101-moddasida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha iltimosnoma mavjudligidan qat’iy nazar, ish yuritishni to‘xtatishga majbur ekanligini e’tiborga olishi lozim. Ish yuritishni to‘xtatish to‘g‘risidagi sud ajrimida ish yuritishni to‘xtatish uchun asos bo‘lgan holatlar ko‘rsatilishi kerak.
IPKning 101 va 102-moddalarida ko‘rsatilgan ish yuritishni to‘xtatib turish asoslarining ro‘yxati tugal hisoblanadi va kengaytirilgan tarzda talqin qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
20. IPK 103-moddasi birinchi qismining 1-bandida ish yuritish ushbu Kodeks 101-moddasining 1-bandida nazarda tutilgan hollarda tegishli sud hujjati qonuniy kuchga kirguniga yoki tergov harakatlari tugallanguniga qadar to‘xtatib turilishi belgilangan.
Bunda tergov harakatlari tugallanguniga qadar deganda, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 372-moddasida qayd etilgan dastlabki tergovni tamomlash, ya’ni dastlabki tergov jinoyat ishini tugatish to‘g‘risida qaror chiqarish, ayblov xulosasi tuzish, ishni tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash yoki taraflarning yarashuvi uchun sudga yuborish to‘g‘risida qaror chiqarish yoxud amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini tugatish haqida sudga iltimosnoma kiritish to‘g‘risida taqdimnoma tuzish bilan tamomlash tushuniladi.
21. Da’vo arizasini ko‘rmasdan qoldirish nizoning mazmuni bo‘yicha hal qiluv qarori qabul qilmasdan turib sud muhokamasini tamomlash shakllaridan biri hisoblanadi. IPKning 107-moddasida ko‘rsatilgan da’vo arizasini ko‘rmasdan qoldirish asoslarining ro‘yxati tugal hisoblanadi va kengaytirilgan tarzda talqin qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Da’vo arizasini ko‘rmasdan qoldirish to‘g‘risida sud ajrim chiqaradi va u IPKning 108-moddasi talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.
IPK 107-moddasi birinchi qismining 3-bandida da’vo arizasi familiyasi, ismi, otasining ismi ko‘rsatilmagan shaxs tomonidan imzolangan bo‘lsa, sud da’vo arizasini ko‘rmasdan qoldirishi nazarda tutilgan.
22. Ish yuritishni tugatish nizoning mazmuni bo‘yicha hal qiluv qarorini chiqarmasdan sud muhokamasini tamomlash shakllaridan biri hisoblanadi. IPKning 110-moddasida nazarda tutilgan ish yuritishni tugatish asoslarining ro‘yxati tugal hisoblanadi va kengaytirilgan tarzda talqin qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
IPK 110-moddasining 1-bandiga muvofiq, agar ish iqtisodiy sudda ko‘rish uchun tegishli bo‘lmasa, sud ish yuritishni tugatadi. Ishning iqtisodiy sudga taalluqliligi IPK 25 va 26-moddalarining talablaridan kelib chiqqan holda aniqlanadi. Bunda sudga taalluqlilik boshlanib bo‘lgan iqtisodiy protsessda ham o‘zgarishi mumkinligini e’tiborga olish kerak, masalan, protsessga protsessual munosabatlar ishtirokchilari maqomiga ega bo‘lmagan shaxslar - jismoniy shaxslar yoki yuridik shaxslar bo‘lmagan tashkilotlar va boshqalarning jalb etilishi munosabati bilan.
Keyingi tahrirga qarang.
Shuni nazarda tutish lozimki, qonunda IPKning 110-moddasida belgilanmagan boshqa asoslar bilan ish yuritishni tugatish hollari ham nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin. Xususan, “Bankrotlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 61-moddasining uchinchi qismiga ko‘ra, sudgacha sanatsiya o‘tkazilishiga kreditorlarning roziligi bo‘lgan taqdirda, bankrotlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha ish yuritish tugatiladi.
23. IPKning 135-moddasida nazarda tutilgan sud buyrug‘i berish mumkin bo‘lgan talablarning ro‘yxati tugal hisoblanadi va kengaytirilgan tarzda talqin qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Sud buyrug‘i berish to‘g‘risidagi arizalar IPKning 17-bobida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
24. IPK 149-moddasining birinchi qismi mazmuniga ko‘ra da’vo arizasi da’vogarning rahbari yoki uning vakili tomonidan o‘z qo‘li bilan imzolangan bo‘lishi lozim. Bunda imzoning mexanik yoki boshqa nusxa ko‘chirish vositalari orqali amalga oshirilishiga, qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari, yo‘l qo‘yilmaydi.
IPK 149-moddasining birinchi qismini qo‘llashda shuni nazarda tutish kerakki, agar yuridik shaxsning joriy faoliyatiga rahbarlik qilish kollegial ijro etuvchi organ tomonidan amalga oshirilsa va da’vo arizasiga ushbu organ rahbari yoki uning o‘rinbosari da’vo arizasini imzolashga vakolatlarini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinmagan bo‘lsa, sudya ishni sudda ko‘rishga tayyorlashda da’vogarga tegishli hujjatni taqdim etishni taklif qilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
25. IPK 149-moddasining beshinchi qismiga muvofiq da’vogar o‘zaro bog‘liq bo‘lgan bir nechta talabni bitta da’vo arizasiga birlashtirishga haqli.
Agar bir nechta talab bildirilgan bo‘lib, ular o‘zaro bog‘liq bo‘lmasa, da’vo arizasi IPK 155-moddasi birinchi qismining 8-bandiga asosan qaytariladi. Agar bu holat da’vo arizasi ish yuritishga qabul qilinganidan keyin aniqlansa, IPKning 159-moddasiga asosan talablarning bir qismi alohida ish yuritishga ajratiladi.
26. IPKning talablariga rioya etilgan holda berilgan da’vo arizasi uni ish yuritishga qabul qilish va ish qo‘zg‘atish to‘g‘risida ajrim chiqarish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Sudlar shuni nazarda tutishlari kerakki, ish qo‘zg‘atilgunga qadar sud dalillarni ta’minlash choralarini ko‘rishga (IPKning 90-moddasi), sud topshiriqlarini berishga (IPKning 91-moddasi), da’voni ta’minlash choralarini ko‘rishga (IPKning 94-moddasi), ish yuritishni to‘xtatishga yoki tugatishga (IPKning 101, 110-moddalari), ishni sudda ko‘rishga tayyorlash bo‘yicha harakatlarni amalga oshirishga (IPKning 163-moddasi), sudgacha majlis o‘tkazishga (IPKning 1631-moddasi), hal qiluv qarori qabul qilishga (IPKning 176-moddasi) haqli emas.
IPK 162-moddasining ikkinchi qismida ko‘zda tutilgan qoidani qo‘llashda sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, ishni sud muhokamasiga tayyorlash to‘g‘risidagi ko‘rsatma hamda ishda ishtirok etayotgan shaxslar bajarishi lozim bo‘lgan harakatlar va ularni bajarish muddatlari da’vo arizasini ish yuritishga qabul qilish va ishni qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi ajrimda yoxud ishni sud muhokamasiga tayyorlash to‘g‘risidagi ajrimda aks ettirilishi mumkin, biroq bu hujjatlarning ketma-ketligi protsessual harakatlarning haqiqiy rivojlanishiga muvofiq bo‘lishi kerak. Agar sudya ishni sud muhokamasiga tayyorlash haqida alohida ajrim chiqarishni lozim topsa, u dastlab da’vo arizasini ish yuritishga qabul qilish va ish qo‘zg‘atish haqida, so‘ngra IPKning 162-moddasiga muvofiq ishni sud muhokamasiga tayyorlash to‘g‘risida ajrim chiqaradi.
Keyingi tahrirga qarang.
27. IPKning 154-moddasida nazarda tutilgan da’vo arizasini ish yuritishga qabul qilishni rad etish asoslari ro‘yxati tugal hisoblanadi va kengaytirilgan tarzda talqin qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Agar IPK 154-moddasi birinchi qismining 1 va 4-bandlarida nazarda tutilgan asoslar da’vo arizasini ish yuritishga qabul qilinganidan keyin aniqlansa, ish yuritish IPK 110-moddasi birinchi qismining tegishlicha 1 va 3-bandlariga asosan tugatiladi. Agar IPK 154-moddasi birinchi qismining 3-bandida nazarda tutilgan da’vo arizasini ish yuritishga qabul qilishni rad etish uchun asos da’vo arizasi ish yuritishga qabul qilinganidan keyin aniqlansa, da’vo arizasi IPK 107-moddasining 1-bandiga asosan ko‘rmasdan qoldiriladi.
28. Sudlar nazarda tutishlari kerakki, IPK 155-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan da’vo arizasini qaytarish uchun asoslar ro‘yxati tugal hisoblanadi va kengaytirilgan tarzda talqin qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Agar IPK 155-moddasi birinchi qismining 1, 5, 6 va 8-bandlarida nazarda tutilgan da’vo arizasini qaytarish uchun asoslar sud tomonidan da’vo arizasi ish yuritishga qabul qilinganidan keyin aniqlansa, ish mazmunan ko‘rib chiqilishi lozim. Bunda sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarni da’vo arizasi va unga ilova qilingan hujjatlar bilan tanishtirish choralarini ko‘rishi hamda IPKning 159-moddasi tartibida talablarni alohida ish yuritishga ajratish masalasini ko‘rib chiqishi (agar bir yoki bir nechta javobgarga nisbatan o‘zaro bog‘liq bo‘lmagan bir nechta talab birlashtirilgan bo‘lsa) shart.
IPK 155-moddasi birinchi qismining 2 va 9-bandlarida nazarda tutilgan da’vo arizasini qaytarish uchun asoslar da’vo arizasi ish yuritishga qabul qilinganidan keyin aniqlansa, sud da’vo arizasini IPK 107-moddasining tegishlicha 3 va 4-bandlari asosida ko‘rmasdan qoldiradi.
Agar IPK 155-moddasi birinchi qismining 3-bandida nazarda tutilgan da’vo arizasini qaytarish uchun asos da’vo arizasini ish yuritishga qabul qilinganidan keyin aniqlansa, sud IPK 39-moddasi ikkinchi qismining 1-bandiga asosan sudlovga tegishlilik qoidalari bo‘yicha ishni ko‘rish uchun boshqa iqtisodiy sudga o‘tkazishi shart.
Palataga a’zolik to‘g‘risidagi guvohnoma muddati tugaganligi aniqlangan taqdirda, da’vo arizasi (ariza) IPK 155-moddasi birinchi qismining 2-bandiga asosan qaytarilishi, bu holat da’vo arizasi (ariza) ish yuritishga qabul qilinganidan keyin aniqlansa, da’vo arizasi (ariza) IPK 107-moddasining 3-bandiga mos holda ko‘rmasdan qoldirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
29. IPK 160-moddasining birinchi qismiga muvofiq ish bo‘yicha hal qiluv qarori qabul qilinguniga qadar javobgar dastlabki da’vo bilan birga ko‘rib chiqish uchun qarshi da’vo taqdim etishga haqli.
Bunda nazarda tutish kerakki, IPK 160-moddasining ikkinchi qismida ko‘rsatilgan shartlardan hech bo‘lmaganda bittasi mavjud bo‘lsa, qarshi da’vo ish yuritishga qabul qilinishi mumkin. Agar qarshi da’vo protsessual qonun hujjatlari talablariga rioya qilingan holda taqdim etilgan bo‘lib, ammo yuqorida ko‘rsatilgan moddadagi shartlar mavjud bo‘lmasa, qarshi da’voni ish yuritishga qabul qilish rad etilishi lozim. Qarshi da’voni IPKning 160-moddasida nazarda tutilgan shartlar mavjud emasligi asosida qabul qilishni rad etish to‘g‘risidagi ajrim shikoyat qilinmaydi, chunki ushbu holat sudga mustaqil da’vo taqdim etishga to‘sqinlik qilmaydi. Agar qarshi da’voni ish yuritishga qabul qilish IPKning 154-moddasida ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha rad etilgan bo‘lsa, bunday ajrim ustidan shikoyat qilinishi mumkin.
30. IPKning 163-moddasiga muvofiq sudya ishni sud muhokamasiga tegishli tartibda tayyorlashi zarur, chunki bu nizoni to‘g‘ri va o‘z vaqtida hal qilishning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi.
Ishni sud muhokamasiga tayyorlashda sudya tomonidan bajariladigan harakatlar sud muhokamasini mukammal va tez o‘tkazish uchun sharoitlarni yaratishga qaratilgan. IPK 163-moddasining birinchi qismida qayd etilgan harakatlarning barchasini bajarish talab etilmaydi. U yoki bu harakatlar bajarilishining zaruriyati har bir holatda sudyaning ixtiyorida bo‘lib, nizoning holatlariga ko‘ra aniqlanadi. IPK 163-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq ishni sudda ko‘rishga tayyorlash bo‘yicha harakatlarning ro‘yxati tugal hisoblanmaydi hamda sudya nizoni to‘g‘ri va o‘z vaqtida hal etishga qaratilgan boshqa harakatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Ishni sudda ko‘rishga tayyorlashda, agar sud nizoni mavjud dalillar asosida ko‘rishning imkoniyati yo‘q deb hisoblasa (IPK 163-moddasi birinchi qismining 4-bandi), ishda ishtirok etuvchi shaxslarga qo‘shimcha hujjatlar va ma’lumotlar taqdim qilishni taklif etishga haqli.
Agar da’vogar birinchi sud majlisiga kelmagan va ishni o‘zining ishtirokisiz ko‘rilishi to‘g‘risida arz qilmagan bo‘lsa, u holda IPK 107-moddasining 6-bandiga muvofiq da’vo ko‘rmasdan qoldiriladi. Prokuror, davlat organlari va boshqa shaxslar yuridik shaxslar va fuqarolarning huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida kiritgan arizalari asosida qo‘zg‘atilgan ish bo‘yicha ushbu shaxslarning kelmaganligi IPK 107-moddasining 6-bandiga muvofiq da’voni ko‘rmasdan qoldirishga asos bo‘lmaydi, agar sud majlisida ishtirok etayotgan manfaati ko‘zlangan shaxs da’voni qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa. Bunday ishlar bo‘yicha da’vo arizasi bilan murojaat qilgan shaxslar va manfaati ko‘zlangan shaxs sud majlisiga kelmagan va ishni o‘zining ishtirokisiz ko‘rilishi to‘g‘risida arz qilmagan bo‘lsa, bu holda IPK 107-moddasining 6-bandiga muvofiq da’vo arizasi ko‘rmasdan qoldiriladi. Bunda shuni inobatga olish lozimki, tegishli tartibda sud muhokamasining vaqti va joyi haqida xabardor qilinmagan shaxsning ishtirokisiz ishning ko‘rilishiga yo‘l qo‘yilmaydi va bu har qanday holda sudning hal qiluv qarorini bekor qilish uchun asos bo‘ladi (IPKning 279 va 302-moddalari).
32. IPK 163-moddasi birinchi qismining 8-bandiga muvofiq sudya taraflarni kelishtirish choralarini ko‘radi. Sudlar nizoning xarakteridan kelib chiqqan holda ishni kelishuv bitimi yoki mediativ kelishuv tuzish yo‘li bilan tamomlashga ko‘maklashishlari lozim. Nizoni kelishuv bitimi yoki mediativ kelishuv tuzish bilan hal etish imkoniyati ishni sud muhokamasiga tayyorlash paytida ham (IPK 163-moddasi birinchi qismining 8-bandi, 1631-moddasi birinchi qismining 3-bandi), sud muhokamasi jarayonida ham (IPKning 16-bobi) aniqlanishi lozim. Taraflar tomonidan tuzilgan kelishuv bitimining shartlari ijro qilinayotganda uning mazmuni bo‘yicha noaniqliklar va nizolar bo‘lmasligi uchun ajrimning xulosa qismida aniq va ravshan ifodalangan bo‘lishi lozim. Kelishuv bitimini tasdiqlash haqida ajrim chiqariladi (IPKning 133-moddasi). Kelishuv bitimi, agar uning shartlari qonun hujjatlariga zid bo‘lmasa, uchinchi shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lmasa va shartli asosda tuzilmagan bo‘lsa, sud tomonidan tasdiqlanadi.
Sudgacha majlis videokonferensaloqa rejimida ham o‘tkazilishi mumkin. Agar sudgacha majlis videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish belgilansa, sudya IPK 166-moddasining ikkinchi qismida, videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini o‘tkazishga ko‘maklashadigan sud esa ushbu moddaning uchinchi qismida ko‘rsatilgan harakatlarni amalga oshirishi lozim.
Sudlarga tushuntirilsinki, sudgacha majlis o‘tkazish paytida IPK 101, 103, 107 va 110-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjudligi aniqlansa, sudya ishni sud muhokamasiga tayinlamasdan, sudgacha majlis o‘tkazilgan kunda IPK 1631-moddasining beshinchi qismiga muvofiq ish yuritishni to‘xtatib turishi yoki ish yuritishni tugatishi yoxud da’vo arizasini ko‘rmasdan qoldirishi mumkin.
34. IPK 164-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan sud muhokamasining muddatini uzaytirish masalasi sud raisi tomonidan ishni ko‘rayotgan sudyaning bildirgisi asosida hal etiladi. Sudyaning bildirgisida ishni bir oylik muddatda ko‘rish imkoni bo‘lmaganligi sabablari ko‘rsatilib, ishni ko‘rish muddatini uzaytirish so‘raladi. Sud raisi tomonidan ushbu bildirgiga ishni ko‘rish muddatini uzaytirish yoki uni rad qilish haqida rezolyutsiya qo‘yiladi.
IPK 164-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan ishni ko‘rib chiqish muddatini uzaytirish haqidagi qoida o‘n besh kundan ortiq bo‘lmagan muddatda ko‘rilishi lozim bo‘lgan ishlarga ham tatbiq etiladi.
35. IPK 168-moddasining birinchi qismiga muvofiq sud muhokamasi davomida sud ish bo‘yicha dalillarni tekshiradi: ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlarini, guvohlarning ko‘rsatuvlarini, ekspertlarning xulosalarini, mutaxassislarning maslahatlarini (tushuntirishlarini) eshitadi, yozma dalillar bilan tanishadi, ashyoviy dalillarni ko‘zdan kechiradi, shuningdek yozma shaklda taqdim etilgan tushuntirishlar, ko‘rsatuvlar va xulosalarni o‘qib eshittiradi.
36. Sudlar IPK 169-moddasining birinchi qismida belgilangan, taraflarning arizalari va iltimosnomalari sud tomonidan ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning fikrlari eshitib bo‘lingach, hal qilinishi to‘g‘risidagi qoidaga rioya etishlari lozim.
IPK 169-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq arizalar va iltimosnomalarni ko‘rish natijalari bo‘yicha sud ajrim chiqaradi. Ajrimning shakli iltimosnomaning mazmuni va uni ko‘rib chiqish natijalariga bog‘liq. Masalan, agar iltimosnoma sud muhokamasini keyinga qoldirish to‘g‘risida berilgan bo‘lsa, u qanoatlantirilganda alohida hujjat tariqasida ajrim chiqariladi, qanoatlantirish rad etilganda bu haqda hal qiluv qarorida yoki sud majlisi bayonnomasida ko‘rsatiladi. Agar taraf ish hujjatlariga qo‘shimcha dalillarni qo‘shish to‘g‘risida iltimosnoma bilan murojaat qilsa, u qanoatlantirilganda yoki qanoatlantirish rad etilganda ajrim chiqariladi va sud majlisi bayonnomasida ko‘rsatiladi.
37. Sudlarning e’tibori sud muhokamasi IPK 171-moddasining birinchi qismida sanab o‘tilgan kutilmagan va favqulodda holatlarda keyinga qoldirilishi mumkinligiga qaratilsin.
Bunda sud muhokamasi IPKning 164-moddasida nazarda tutilgan ish ko‘rishning muddati doirasida qoldirilishi mumkin.
Sud muhokamasini keyinga qoldirish to‘g‘risidagi ajrim ishda ishtirok etuvchi shaxslarga IPKning 127-moddasida nazarda tutilgan tartibda yuboriladi. Shu bilan birga sud majlisida ishtirok etayotgan shaxslar yangi sud majlisining vaqti va joyi to‘g‘risida bevosita sud majlisida xabardor qilinishi mumkin, bunday holda xabardor qilinganlik fakti ish hujjatlariga qo‘shib qo‘yiladigan tegishli tilxat bilan tasdiqlanadi.
39. IPKning 176-moddasiga muvofiq sud ishni mazmunan ko‘rib chiqib, IPKning 179-moddasida ko‘rsatilgan talablarga rioya etgan holda hal qiluv qarori qabul qiladi.
41. IPK 190-moddasining birinchi qismiga muvofiq sudga hal qiluv qarorini tushuntirib berish to‘g‘risidagi ariza bilan ishda ishtirok etuvchi shaxslar, davlat ijrochisi, zimmasiga sudning hal qiluv qarorini ijro etish yuklatilgan boshqa organlar murojaat qilish huquqiga ega.
Hal qiluv qarorini tushuntirish, yo‘l qo‘yilgan yozuvdagi xatolar, harfiy xatolar va hisob-kitobdagi yanglishishlarni tuzatish masalasi sud tomonidan IPK 190-moddasining ikkinchi qismi va 191-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan tartibda hal etiladi. Shuni inobatga olish lozimki, IPK 191-moddasining ikkinchi qismi yo‘l qo‘yilgan yozuvdagi xatolar, harfiy xatolar yoki hisob-kitobdagi yanglishishlarni tuzatish haqidagi arizani sud majlisida ko‘rilishini nazarda tutilganligi sababli, yo‘l qo‘yilgan yozuvdagi xatolar, harfiy xatolar va hisob-kitobdagi yanglishishlarni tuzatish sudning tashabbusi bilan amalga oshirilganda sud majlisini o‘tkazish talab etilmaydi.
42. IPK 32-moddasining to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining alohida holatlarni e’tiborga olgan holda har qanday ishni istalgan suddan olib qo‘yish va uni birinchi instansiya bo‘yicha o‘zining ish yurituviga qabul qilish, ishni bir suddan boshqasiga o‘tkazish huquqi “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 26-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi tomonidan amalga oshiriladi.
Sudlarning e’tibori ish bir iqtisodiy suddan boshqa iqtisodiy sudga IPK 39-moddasining ikkinchi qismida ko‘rsatilgan asoslar bilan ham o‘tkazilishi mumkinligiga qaratilsin. Bunday hollarda ishni ko‘rayotgan sud tomonidan ishni boshqa sudda ko‘rishga o‘tkazish to‘g‘risida ajrim chiqariladi.
43. IPK 2031-moddasining mazmuniga ko‘ra, soddalashtirilgan ish yuritish tartibidagi ish ushbu Kodeksda nazarda tutilgan da’vo ishini yuritishning umumiy qoidalari bo‘yicha, IPKning 231-bobida belgilangan xususiyatlar inobatga olingan holda sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.
IPK 2033-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqiladigan ish bo‘yicha da’vo arizasiga uning va unga ilova qilingan hujjatlarning ko‘chirma nusxalari javobgarga topshirilganligi haqidagi dalillar ilova qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
IPK 2032-moddasining birinchi qismida ko‘rsatilgan ishlardan tashqari, da’vogarning iltimosnomasiga ko‘ra, javobgarning roziligi bilan boshqa ishlar ham soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqilishi mumkin, IPKda soddalashtirilgan tartibda ko‘rish mumkin bo‘lmagan ishlar bundan mustasno.
IPK 2032-moddasining to‘rtinchi qismida ko‘rsatilgan asoslar mavjudligi da’vo arizasini soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rish uchun ish yuritishga qabul qilingan va ish qo‘zg‘atilganidan keyin tekshiriladi.
Sudlar shuni inobatga olishlari kerakki, da’vo arizasi yuzasidan yozma fikrni taqdim etish uchun IPK 2034-moddasining ikkinchi qismida belgilangan o‘n besh kunlik muddat da’vo arizasining ko‘chirma nusxasi javobgarga topshirilgan kundan boshlab hisoblanadi. Da’vo arizasining ko‘chirma nusxasi javobgarga topshirilganligi ma’lum qilinadigan buyurtma xat bilan yuborilganda, da’vo arizasining ko‘chirma nusxasi pochta xabarnomasi blankasida ko‘rsatilgan sanada olingan deb hisoblanadi. Agar da’vo arizasining ko‘chirma nusxasi topshirilganligini tasdiqlovchi hujjatda bunday sana ko‘rsatilmagan bo‘lsa, o‘n besh kunlik muddat da’vo arizasi sudga kelib tushgan kundan boshlab hisoblanadi.
Sudlarga tushuntirilsinki, soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqilgan ish bo‘yicha hal qiluv qarorini tuzishda IPKning 21-bobida nazarda tutilgan sud majlisi bilan bog‘liq umumiy qoidalar qo‘llanilmaydi. Bunday xal qiluv qarorining bayon qismida javobgarning da’vo arizasi yuzasidan yozma fikri mavjudligi yoki mavjud emasligi, agar mavjud bo‘lsa, uning mazmuni ko‘rsatilishi shart.
IPK 2035-moddasining to‘rtinchi qismiga ko‘ra, soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqilgan ish bo‘yicha qaysi hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirguniga qadar ixtiyoriy tartibda ijro etilmagan bo‘lsa, o‘sha hal qiluv qarori taraflarning iltimosnomasi bo‘yicha sud tomonidan beriladigan ijro varaqasi asosida ushbu Kodeks V bo‘limining qoidalariga asosan, sud xarajatlarini undirishga taalluqli qismi esa sudning tashabbusi bilan majburiy ijro etilishi lozim.
Soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqilgan ish bo‘yicha qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori ixtiyoriy ijro etilmagan taqdirda, undiruvchining arizasiga asosan ijro varaqasi IPK 336-moddasining beshinchi qismida nazarda tutilgan muddatda beriladi. Budjetga mablag‘larni undirish uchun ijro varaqasi hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirganidan so‘ng sud tomonidan berilishi va qarzdor turgan joydagi davlat ijrochisiga yuborilishi kerak.
44. IPKning V bo‘limida nazarda tutilgan arizalar, agar IPKda to‘g‘ridan to‘g‘ri boshqa qoida belgilanmagan bo‘lsa, ish bo‘yicha qabul qilingan sud hujjatlari qaysi instansiya sudi tomonidan qabul qilinganidan qat’iy nazar, ushbu ishni birinchi instansiya sudida ko‘rgan sudga beriladi va u tomonidan ko‘rib chiqiladi.
45. Sudlar inobatga olishlari lozimki, IPKning 347-moddasida belgilangan yozuvdagi xatolar, harfiy xatolar, hisob-kitobdagi yanglishishlar bilan berilgan, shuningdek o‘zgartirilgan (bekor qilingan) sud hujjati asosida berilgan ijro varaqasini chaqirib olish va uning o‘rniga yangi ijro varaqasini berish qoidasi sud buyrug‘iga ham tatbiq etiladi.