O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Raqamli iqtisodiyot va “Elektron hukumat” tizimi infratuzilmalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Raqamli iqtisodiyot va “Elektron hukumat” tizimini takomillashtirish sohasidagi islohotlarning asosiy yo‘nalishlarini izchil amalga oshirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 21-noyabrdagi “Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida raqamli infratuzilmani yanada modernizatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4022-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 2019 — 2021-yillarda “Universal Mobile Systems” MCHJni rivojlantirish Konsepsiyasi tasdiqlanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyuldagi PQ-5187-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.07.2021-y., 07/21/5187/0686-son)
3. Belgilab qo‘yilsinki:
a) “Elektron hukumat” va raqamli iqtisodiyot tizimini rivojlantirish doirasida idoralararo va idoraviy axborot tizimlari, ma’lumotlar bazalari, dasturiy mahsulotlarni yaratish va joriy etish bo‘yicha qarorlar buyurtmachini majburiy tarzda belgilash, shuningdek, axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalarini yaratish va keyinchalik qo‘llab-quvvatlashda moliyalashtirish manbalarini aniq ko‘rsatgan holda qabul qilinadi;
Oldingi tahrirga qarang.
b) “Elektron hukumat” va raqamli iqtisodiyot tizimi doirasidagi loyihalarni amalga oshirish doirasida:
raqamli hukumat tizimiga o‘tish va uni rivojlantirish ishlarini o‘zaro muvofiqlashtirish — “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha muvofiqlashtirish komissiyasi tomonidan;
raqamli hukumat sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, raqamli hukumat loyihalarini amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish — Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan;
axborot tizimlari, ma’lumotlar bazalari va elektron resurslarini yaratishga doir loyihalarni amalga oshirish va amaliyotga joriy etish hamda ularning uzluksiz ishlashini ta’minlash — vazirlik va idoralar, xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan amalga oshiriladi.
(3-bandning “b” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-maydagi PF-76-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.05.2023-y., 06/23/76/0296-son)
4. Belgilansinki:
Oldingi tahrirga qarang.
a) operatorga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi xaridlarning texnik topshiriqlarini faqat O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” DM bilan kelishgan holda amalga oshirish huquqi beriladi;
(4-bandning “a” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyuldagi PF-6268-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.07.2021-y., 06/21/6268/0700-son)
b) davlat organlariga “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish doirasida o‘z ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini tashkil etish va qurish taqiqlanadi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari bilan belgilangan hollar bundan mustasno;
v) Agentlikka xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bilan bog‘liq tadbirlarni amalga oshirish, shu jumladan investitsiyalar masalalari bo‘yicha xorijiy kompaniyalar vakillari bilan muzokaralar o‘tkazish va hamkorlik qilish huquqi beriladi;
g) operator 2022-yil 1-yanvarga qadar:
operator zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun olib kiriladigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan tovarlar bojxona to‘lovlaridan (qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona yig‘imlaridan tashqari) ozod etiladi;
Agentlik bilan kelishilgan holda harakatdagi uyali aloqa baza stansiyalarini qurish (o‘rnatish) bo‘yicha qurilish-montaj ishlarini parallel ravishda loyihalashtirish bilan birga amalga oshirish, shuningdek, radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni foydalanishga qabul qilish va ulardan foydalanish uchun ruxsatnomalar olish dalolatnomalarini parallel ravishda rasmiylashtirgan holda harakatdagi uyali aloqa xizmatlarini ko‘rsatish huquqiga ega;
eng yaxshi takliflarni tanlab olish orqali summasidan qat’i nazar tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni sotib olish uchun shartnomalar, shu jumladan import shartnomalari tuzishga haqli.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-bandning “d” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-oktabrdagi PF-6320-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.10.2021-y., 06/21/6320/0940-son)
5. Agentlik O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 18-may,
PQ-4321-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.05.2019-y., 07/19/4321/3148-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.07.2021-y., 07/21/5187/0686-son; 24.07.2021-y., 06/21/6268/0700-son, 08.10.2021-y., 06/21/6320/0940-son; 23.08.2022-y., 06/22/194/0766-son; 25.05.2023-y., 06/23/76/0296-son)