O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
Mahkumlarning hamda qamoqda saqlanayotgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2019-yil 6-fevralda qabul qilingan
Senat tomonidan 2019-yil 28-fevralda ma’qullangan
Senat tomonidan 2019-yil 28-fevralda ma’qullangan
1-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan 2015-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1995-yil, № 3, 6-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 9, 193-modda, № 12, 269-modda; 1996-yil, № 5-6, 69-modda, № 9, 144-modda; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 4-5, 126-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 3, 38-modda, № 5-6, 102-modda,№ 9, 181-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 5, 124-modda, № 9, 229-modda; 2000-yil, № 5-6, 153-modda, № 7-8, 217-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda, № 9-10, 165, 182-moddalar; 2002-yil, № 1, 20-modda, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda, № 5, 67-modda, № 9-10, 149-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 5, 90-modda, № 9, 171-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 9, 312-modda, № 12, 413, 417, 418-moddalar; 2006-yil, № 6, 261-modda, № 9, 498-modda, № 10, 536-modda, № 12, 656, 659-moddalar; 2007-yil, № 4, 158, 159, 164, 165-moddalar, № 9, 416, 421-moddalar, № 12, 596, 604, 607-moddalar; 2008-yil, № 4, 181, 189, 192-moddalar, № 9, 486, 488-moddalar, № 12, 640, 641-moddalar; 2009-yil, № 1, 1-modda, № 9, 334, 335, 337-moddalar, № 10, 380-modda, № 12, 462, 468, 470, 472, 474-moddalar; 2010-yil, № 5, 175, 179-moddalar, № 6, 231-modda, № 9, 335, 339, 341-moddalar, № 10, 380-modda, № 12, 468, 473, 474-moddalar; 2011-yil, № 1, 1-modda, № 4, 104, 105-moddalar, № 9, 247, 252-moddalar, № 12/2, 365-modda; 2012-yil, № 4, 108-modda, № 9/1, 242-modda, № 12, 336-modda; 2013-yil, № 4, 98-modda, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 1, 2-modda, № 5, 130-modda, № 9, 244-modda, № 12, 341, 343-moddalar; 2015-yil, № 6, 228-modda, № 8, 310, 312-moddalar, № 12, 452-modda; 2016-yil, № 1, 2-modda, № 4, 125-modda, № 9, 276-modda, № 12, 383, 385-moddalar; 2017-yil, № 4, 137-modda, № 6, 300-modda, № 9, 510-modda, № 10, 605-modda; 2018-yil, № 1, 1, 4-moddalar, № 4, 224-modda, № 7, 430, 431-moddalar, № 10, 673, 679-moddalar; 2019-yil, № 1, 1, 3, 5-moddalar) quyidagi qo‘shimchalar kiritilsin:
1) quyidagi mazmundagi 1974-modda bilan to‘ldirilsin:
“1974-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish
Mansabdor shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) oldidagi o‘z majburiyatlarini bajarmaslik, uning ishiga to‘sqinlik qilish, unga bila turib yolg‘on axborot berish, xuddi shuningdek mansabdor shaxslar tomonidan murojaatlarni, xulosalarni, taqdimnomalarni, iltimosnomalarni ko‘rib chiqmasdan qoldirish yoki ularni ko‘rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish yoxud ular yuzasidan bila turib qasddan ishonchsiz ma’lumotlarni taqdim etish, —
mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi”;
2) 245-moddaning birinchi qismi “1972” raqamidan keyin “1974” raqami bilan to‘ldirilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-modda O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 15-noyabrdagi O‘RQ-1002-sonli Qonuniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.11.2024-y., 03/24/1002/0936-son)
3-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 25-aprelda qabul qilingan 409-I-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil, № 6, 175-modda; 2003-yil, № 9-10, 149-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 6, 248-modda, № 9, 422-modda, № 12, 595-modda; 2008-yil, № 4, 187-modda, № 12, 636, 641-moddalar; 2009-yil, № 4, 136-modda, № 12, 470-modda; 2010-yil, № 9, 334-modda; 2012-yil, № 9/1, 238-modda; 2014-yil, № 9, 244-modda; 2015-yil, № 8, 310-modda; 2017-yil, № 3, 47-modda, № 10, 605-modda) quyidagi qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritilsin:
1) 9-moddaning birinchi qismi:
quyidagi mazmundagi sakkizinchi — o‘ninchi xatboshilar bilan to‘ldirilsin:
“ob-havo sharoiti yo‘l qo‘ysa, ishdan bo‘sh vaqtida toza havoda jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish;
jazoni ijro etish muassasasining psixologik xizmat ko‘rsatish xodimlari tomonidan ko‘rsatiladigan psixologik yordamni olish. Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning psixologik yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq tadbirlarda ishtirok etishi faqat ularning roziligi bilan amalga oshiriladi;
mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq xavfsiz mehnat sharoitiga ega bo‘lish, dam olish, ta’tilga chiqish, shuningdek mehnatiga haq to‘lanishi”;
sakkizinchi xatboshisi o‘n birinchi xatboshi deb hisoblansin;
2) 84-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar saqlash sharoitiga qarab umumiy turar joylarda, xonalarda yoki kameralarda yashaydi, ushbu turar joylar, xonalar yoki kameralar belgilangan tartibda tasdiqlangan sanitariya-gigiyena hamda qurilish normalari va qoidalariga mos kelishi kerak”;
3) 87-modda:
quyidagi mazmundagi uchinchi — to‘qqizinchi qismlar bilan to‘ldirilsin:
“Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxs jazoni ijro etish muassasasiga qabul qilish chog‘ida, jazoni o‘tash paytida vaqti-vaqti bilan, biroq olti oyda kamida bir marta, shuningdek murojaatlarga ko‘ra tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish maxfiylik shartlari asosida amalga oshiriladi.
Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxs jazoni ijro etish muassasasiga qabul qilingan paytdan e’tiboran o‘n besh kun ichida u bilan suhbat o‘tkaziladi, mahkum jazoni ijro etish muassasasining karantin xonalarida tibbiy ko‘rikdan va sanitariya-gigiyena tadbirlaridan o‘tadi.
Jazoni ijro etish muassasasining ma’muriyati ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar jazoni ijro etish muassasasiga qabul qilinayotganda ham, shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj bo‘lganda ham tibbiyot xodimlari ushbu shaxslarning yoniga zudlik bilan kirishini ta’minlashi kerak.
Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish zarur bo‘lganda ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining hududiy muassasalariga joylashtiriladi.
Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan shaxslar davolash muassasasi huquqiga ega bo‘lgan koloniyalarga yoki ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar uchun mo‘ljallangan ixtisoslashtirilgan kasalxonalarga yuboriladi, shuningdek ular O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining hududiy muassasalariga joylashtirilishi mumkin.
Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxs og‘ir kasallikka chalingan taqdirda, jazoni ijro etish muassasasining ma’muriyati mahkumning roziligi bilan uning yaqin qarindoshlariga yoki ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxsning o‘zi ko‘rsatgan boshqa shaxslarga bu haqda darhol xabar beradi.
Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxs og‘ir kasallikka chalingan taqdirda, telefon orqali qo‘shimcha so‘zlashishga, shuningdek shifokorning ruxsati bilan qo‘shimcha uchrashuvga ruxsat beriladi”;
uchinchi — beshinchi qismlari tegishincha o‘ninchi — o‘n ikkinchi qismlar deb hisoblansin;
4) 97-modda quyidagi mazmundagi oltinchi qism bilan to‘ldirilsin:
“Tarbiyaviy ishlar bosqichma-bosqich ravishda quyidagicha amalga oshiriladi:
ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxs jazoni ijro etish muassasasiga kelgan vaqtda uning psixologik qiyofasini, tuzalish yo‘liga o‘tishga moyilligini aniqlagan holda uni dastlabki tarzda o‘rganish;
ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning ongini o‘zgartirish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazish, ularda sodir etgan jinoyatidan pushaymon bo‘lish hissini uyg‘otish;
ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning talab mavjud bo‘lgan kasblar va mutaxassisliklarga oid kasbiy ta’limini tashkil etish, o‘qishni tugallaganidan so‘ng tegishli hujjat berish hamda ularni keyinchalik ishga joylashtirish”;
5) 105-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar quyidagi hollarda intizomiy javobgarlikka tortilmaydi:
mehnat normalarini bajarmaganligi uchun, agar bu ishni rad qilish yoki ishdan bo‘yin tovlash oqibati bo‘lmasa;
ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxs ruhiy holati buzilishining bevosita oqibati hisoblangan biror-bir qoidabuzarligi uchun”;
6) 106-moddaning to‘rtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Huquqbuzarlik sodir etilgan holat, mahkumning xulq-atvori va shaxsiy xislatlari, uning xulq-atvoriga va qoidabuzarlik yoki qilmish sodir etishga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan, intizomiy choralar qo‘llash uchun sabab bo‘lgan ruhiy holati buzilishining mavjudligi, shuningdek olib tashlanmagan va bekor bo‘lmagan intizomiy jazolari bor-yo‘qligi intizomiy jazoni qo‘llash chog‘ida inobatga olinadi”.
4-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin;
ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
5-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 14-mart,
O‘RQ-530-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 15.03.2019-y., 03/19/530/2769-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.11.2024-y., 03/24/1002/0936-son)