Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING QISQA MUDDATLI DAVLAT OBLIGATSIYALARINI ChIQARISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-avgustdagi 705-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Qimmatli qogʻozlar bozorini faollashtirish, pul muomalasini mustahkamlash, xoʻjalik yurituvchi subyektlar va aholining band boʻlmagan pul mablagʻlaridan samarali foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga 1996-yilda joriy yilning aprel oyidan boshlab 4 mlrd. soʻm miqdorida Oʻzbekiston Respublikasining qisqa muddatli davlat obligatsiyalarini chiqarishga ruxsat etilsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
qisqa muddatli davlat obligatsiyalarining likvidligi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati ixtiyorida boʻlgan barcha aktivlar bilan taʼminlanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi obligatsiyalarning emitenti hisoblanadi. Obligatsiyalarni navbatdagi chiqarish toʻgʻrisidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki bilan birgalikda Moliya vazirligi tomonidan qabul qilinadi, ular obligatsiya chiqarishning cheklangan hajmini, tarqatish sanasini va potensial egalik qiluvchilar uchun cheklashlarni belgilaydilar;
1996-yilda qisqa muddatli davlat obligatsiyalari emissiyasi uch oy muddatga har oyda chiqarish shaklida amalga oshiriladi;
chiqarilgan obligatsiyalarni tarqatish va ularning pulini qaytarish Oʻzbekiston Respublika valyuta bozori orqali Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi nomidan va uning mablagʻlari hisobiga Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan amalga oshiriladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy banki tomonidan belgilanadigan tartibda yuridik shaxslar obligatsiya egalari boʻlishlari mumkin;
obligatsiya egalari uchun qisqa muddatli davlat obligatsiyalarining daromadliligi ular tomonidan obligatsiyalarni sotib olish narxi bilan obligatsiyalar puli qaytariladigan nominal narx oʻrtasidagi farq hisobiga taʼminlanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki obligatsiyalarni faqat ikkilamchi bozordan sotib olishi mumkin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Markaziy bank bilan birgalikda qisqa muddatli davlat obligatsiyalarini chiqarishning asosiy shartlarini va tegishli normativ-metodik hujjatlarni bir hafta muddatda tasdiqlasin.
4. Adliya vazirligi bir hafta muddatda Vazirlar Mahkamasiga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgarishlarni amaldagi qonunchilikka kiritish yuzasidan takliflar kiritsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.S. Hamidov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 26-mart,
119-son