Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Ichki bozorni qum-shagʻal materiallari bilan barqaror taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26-maydagi PF-99-sonli “Suv xoʻjaligi sohasida bozor mexanizmlarini keng joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mamlakatimizda suv obyektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish, daryolar, soylar, jilgʻalar va koʻllar muhofaza hududlarini va oʻzanlarini (keyingi oʻrinlarda daryo oʻzani deb yuritiladi) tozalash boʻyicha ishlarni samarali tashkillashtirishga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan noruda foydali qazilmalar mavjud joylarda yer osti boyliklari uchastkalaridan foydalanish huquqini beruvchi litsenziyaga ega boʻlmagan subyektlar tomonidan oʻzanlarni tozalash ishlari jarayonida noqonuniy tarzda qum-shagʻal materiallarini qazib olish ishlari davom etmoqda.
Shu oʻrinda, tadbirkorlik subyektlariga bunday ishlarni amalga oshirish imkoniyatini bekor qilinganligi ularning mavjud texnika va jihozlarining ishlamay turib qolishiga va ichki bozorda qum-shagʻal materiallarining narxi keskin oshib ketishini yuzaga keltirmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining sel, toshqin va yer koʻchkisi xavfi boʻlgan hududlarda qirgʻoqni mustahkamlash, himoya qilish va tiklash ishlari boʻyicha Maxsus muhandislik-qurilish boshqarmasiga daryolar va soylar oʻzanlarini tozalash ishlarining yuklatilishi toʻplanib qolgan ushbu muammolarni hal qilish uchun yetarli boʻlmayapti.
(muqaddimaning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi PF-185-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.10.2025-y., 06/25/185/0956-son)
Faol tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, daryo oʻzanlarini tozalash jarayonida qonunchilik talablari buzilishining oldini olish, bu sohada davlat-xususiy hamkorligini rivojlantirish, shuningdek, ichki bozorni qum-shagʻal materiallari bilan barqaror taʼminlash maqsadida:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 25-sentabrdagi “Suv obyektlarini muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3286-son qarori asosida:
daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarni mustahkamlash ishlari Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining sel, toshqin va yer koʻchkisi xavfi boʻlgan hududlarda qirgʻoqni mustahkamlash, himoya qilish va tiklash ishlari boʻyicha Maxsus muhandislik-qurilish boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi;
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi PF-185-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.10.2025-y., 06/25/185/0956-son)
ushbu ishlarga toshqin suvlari va sel oqimlarini xavf-xatarsiz oʻtkazib yuborishni taʼminlash, kor koʻchish va yer koʻchki hodisalari xavfini kamaytirish boʻyicha Hukumat komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) qarori asosida boshqa tashkilotlar ham jalb etilishi mumkin.
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-noyabrdagi PQ-426-son qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.11.2022-y., 07/22/426/1026-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son)
3. “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasining (keyingi oʻrinlarda — “Xavfsiz daryo boshqarmasi” DM) asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
daryo oʻzanlarini tozalash jarayonida qum-shagʻal materiallarini qazib olish ishlarini olib borish uchun loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, ular boʻyicha davlat ekologik ekspertizasi xulosasini olish;
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi xodimlari bilan birgalikda doimiy ravishda joylarga chiqqan holda shartnoma asosida jalb etilgan tadbirkorlik subyektlari va boshqa tashkilotlar tomonidan daryolar oʻzanlarini tozalash ishlari olib borilayotgan uchastkalardagi holatni oʻrganish;
shartnoma asosida jalb etilgan tadbirkorlik subyektlari va boshqa tashkilotlar tomonidan daryolar oʻzanlarini tozalash ishlari natijasida olingan qum-shagʻal materiallari hajmining hisobini yuritish;
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan birgalikda daryolar oʻzanlarida qum-shagʻal materiallari toʻplanib qolgan va tozalanishi lozim boʻlgan uchastkalar roʻyxatini tasdiqlash uchun Komissiyaga kiritish.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son)
4. Belgilab qoʻyilsinki:
toʻplanib qolgan qum-shagʻal materiallaridan tozalanishi lozim boʻlgan daryo oʻzanlarining roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi xodimlari tomonidan olib borilgan oʻrganishlar natijalari boʻyicha shakllantiriladi;
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son)
Komissiya tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatdagi maydonlarda daryolar oʻzanlarini tozalash ishlariga tadbirkorlik subyektlarini jalb qilish “Xavfsiz daryo boshqarmasi” DM tomonidan “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali oʻtkaziladigan tanlov yoʻli bilan amalga oshiriladi;
(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son)
daryo oʻzanlarini tozalashda faqat, qirgʻoqlar yuvilishiga hamda yaqin hududlarni suv bosishiga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan va suv oqimlariga toʻsqinlik qilayotgan oʻzanda yigʻilib qolgan qum-shagʻal materiallari hajmini qazib olinishiga ruxsat etiladi;
daryo oʻzanlarini tozalash jarayonida qum-shagʻal materiallarini qazib olish ishlari mavsumiy tarzda, yer uchastkalarini ajratmagan xolda amalga oshiriladi;
qum-shagʻal materiallarini realizatsiya qilishda tadbirkorlik subyektlari soliqqa tortishning amaldagi tartibini saqlab qolgan holda qazilma boyliklardan foydalanganliklari uchun oʻrnatilgan tartibda soliq toʻlaydilar;
daryo oʻzanlarini tozalash huquqi realizatsiya qilingan uchastkalarda shartnomaga muvofiq daryo oʻzanlarini tozalash ishlari sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirilishiga “Xavfsiz daryo boshqarmasi” DM masʼuldir.
(4-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son)
5. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi “Xavfsiz daryo boshqarmasi” DMning muassisi hisoblanadi;
(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son)
“Xavfsiz daryo boshqarmasi” DM boshligʻi hamda uning oʻrinbosari ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi, maqomi boʻyicha tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi markaziy apparatining boshqarma boshligʻi va uning oʻrinbosariga tenglashtiriladi.
(5-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son)
7. “Xavfsiz daryo boshqarmasi” DM boshligʻiga kuyidagi huquqlar berilsin:
(7-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son)
yetarli darajadagi bilim va ish tajribasiga ega boʻlgan malakali mutaxassislarni fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida jalb qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bilan kelishilgan holda shtatlar jadvaliga oʻzgartirish kiritish va ish hajmidan kelib chiqqan holda yuridik shaxs maqomisiz, 4 nafardan ortiq boʻlmagan shtat birligi bilan hududiy boʻlinmalarni tashkil etish.
(7-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son)
8. “Xavfsiz daryo boshqarmasi” DM faoliyatini moliyalash manbalari etib kuyidagilar belgilansin:
(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son)
tadbirkorlik subyektlari tomonidan “Xavfsiz daryo boshqarmasi” DMga daryo oʻzanlarini tozalash natijasida olingan qum-shagʻal materiallarining har bir kub metri uchun Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududlariga shartnoma tuzilgan kundagi bazaviy hisoblash miqdorining 2 foizi va respublikaning boshqa hududlari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 0,1 foiz miqdoridagi toʻlovlar.
(8-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son)
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
9. Belgilab qoʻyilsinki, “Xavfsiz daryo boshqarmasi” DMning mablagʻlari faqat:
“Xavfsiz daryo boshqarmasi” DMni saqlab turish xarajatlariga;
tadbirkorlik subyektlari va boshqa tashkilotlarni daryo oʻzanlarini tozalash ishlariga jalb qilish, shu jumladan, loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, davlat ekologik ekspertizasi xulosalarini olish bilan bogʻliq xarajatlarga yoʻnaltiriladi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son)
10. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
“Xavfsiz daryo” DUK Ustavini, tashkiliy-shtat tuzilmasini, shtat jadvalini, xarajatlar smetasini tasdiqlasin va uning belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
“Xavfsiz daryo” DUKni xizmat xonalari, mebel, kompyuterlar, aloqa, shuningdek, zaruriyatga koʻra transport vositalari bilan taʼminlasin;
“Xavfsiz daryo” DUK faoliyatini samarali tashkil etishni yuqori xamda professional darajada taʼminlay oladigan malakali mutaxassislar bilan toʻldirilishini taʼminlasin.
11. Komissiya toʻplanib qolgan qum-shagʻal materiallaridan tozalanishi zarur boʻlgan daryolar va soylar uchastkalari roʻyxatini tasdiqlagach, ularni Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligining rasmiy veb-saytlarida joylashtirilishini taʼminlasin.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-iyuldagi PF-106-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.08.2024-y., 06/24/106/0571-son)
12. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi daryolar oʻzanlarining tozalanishi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda mazkur ishlar natijasida olingan qum-shagʻal materiallari hisobga olinishi ustidan qatʼiy nazoratni oʻrnatsin, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari uchun qum va shagʻalning oʻrnini bosadigan mavjud muqobil qurilish tosh qazilma joylarini taqdim qilish boʻyicha zarur sharoitlar yaratsin.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son)
13. Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari daryolarning himoya zonalari, oʻzanlari, koʻllar, suv omborlari, kanallar, zovurlar, va boshqa suv obyektlarini tozalash hamda ularning qirgʻoqlarini mustahkamlash ishlarida ishtirok etish istagini bildirgan tadbirkorlik subyektlariga har tomonlama koʻmak koʻrsatsin.
14. Favqulodda vaziyatlar vazirligi:
a) bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda Favqulodda vaziyatlar vazirligi markaziy apparatining yangilangan shtat jadvalini tasdiqlasin;
b) 2018-yil yakunlari boʻyicha, keyinchalik zaruratga qarab, “Xavfsiz daryo” DUKning faoliyatini va daryo oʻzanlarini tozalash ishlarini samaradorligini oshirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga takliflar kiritsin.
(14-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi PF-5650-sonli Farmoni tahririda)
v) ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik hamda idoralar bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
“E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasi orqali tadbirkorlik subyektlarini daryolar oʻzanlarini tozalash ishlariga jalb qilish tartibini tasdiqlash boʻyicha hukumat qarori loyihasini;
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov va Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri vazifasini bajaruvchisi T.A. Xudaybergenov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 9-iyul,
PQ-3841-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.07.2018-y., 07/18/3841/1486-son; 14.12.2019-y., 06/19/5894/4161-son; 31.12.2020-y., 07/20/4938/1680-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.11.2022-y., 07/22/426/1026-son; 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son; 03.08.2024-y., 06/24/106/0571-son; 21.10.2025-y., 06/25/185/0956-son)