Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
AKADEMIK LITSEYLAR VA KASB-HUNAR KOLLEJLARINING BINOLARI VA MUHANDISLIK INShOOTLARIDAN FOYDALANISh BOʻYIChA XOʻJALIK HISOBIDAGI XIZMATLARNI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining binolari va inshootlarining, ularda oʻrnatilgan oʻquv-laboratoriya va maxsus asbob-uskunalarning saqlanishini taʼminlash, ulardan oqilona foydalanish, shuningdek, budjet xarajatlaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari binolari va muhandislik inshootlaridan foydalanish boʻyicha xoʻjalik hisobidagi xizmatlar tashkil etilsin. Ular 2001-yil 1-yanvardan boshlab amalga kiritilsin.
2. Quyidagilar akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari binolari va muhandislik inshootlaridan foydalanish boʻyicha xoʻjalik hisobidagi xizmatlarning asosiy vazifalari etib belgilansin:
binolar, inshootlar va muhandislik kommunikatsiyalaridan, shuningdek texnika, mexanizmlar, stanok parki, oʻquv-laboratoriya va maxsus asbob-uskunalardan, taʼlimning texnik vositalaridan oqilona foydalanish va ularni yuqori texnik darajada saqlash;
ushbu maqsadlar uchun ajratiladigan budjet mablagʻlari samarali sarflanishini taʼminlash.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Moliya vazirligi, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Adliya vazirligi bilan birgalikda akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari binolari va muhandislik inshootlaridan foydalanish boʻyicha xoʻjalik hisobidagi xizmatlarning namunaviy nizomi va tuzilmasini ikki hafta muddatda ishlab chiqsin va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga ishda foydalanish uchun yuborsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
2000-yil 15-oktabrgacha akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari binolari va muhandislik inshootlaridan foydalanish boʻyicha xoʻjalik hisobidagi xizmatlar nizomini, tuzilmasini va xodimlari sonini litseylar va kollejlarning sonini, taʼlim yoʻnalishlarini va ularning ixtisoslashuvini, shuningdek, hududiy joylashishini hisobga olgan holda belgilangan tartibda tasdiqlasinlar;
2000-yil 1-dekabrgacha akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari binolari va muhandislik inshootlaridan foydalanish boʻyicha xoʻjalik hisobidagi xizmatlar joylashtirilishi va xodimlar bilan toʻldirilishini, ular oʻz faoliyatini bajarishi uchun zarur boʻlgan texnika va mexanizmlar bilan jihozlanishini taʼminlasinlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari binolari va muhandislik inshootlaridan foydalanish boʻyicha xoʻjalik hisobidagi xizmatlarning mutaxassislari texnika va oʻquv-laboratoriya asbob-uskunalaridan foydalanish va ularga xizmat koʻrsatish qoidalariga muntazam oʻqitilishini tashkil etsinlar va taʼminlasinlar.
Belgilansinki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari ushbu xoʻjalik hisobidagi xizmatlar samarali faoliyat koʻrsatishi uchun shaxsan javob beradilar.
5. Belgilab qoʻyilsinki, tashkil etilayotgan akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari binolari va muhandislik inshootlaridan foydalanish boʻyicha xoʻjalik hisobidagi xizmatlar 2006-yilgacha daromad (foyda)dan soliq toʻlashdan ozod qilinadilar, soliq solishdan boʻshab qoladigan mablagʻlar moddiy-texnik bazani mustahkamlashga maqsadli yoʻnaltiriladi.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Isayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 2. oktyabr,
381-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2000-y., 7-son, 111-modda)