Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTONDA FUTBOLNI RIVOJLANTIRIShNING TAShKILIY ASOSLARI VA PRINSIPLARINI TUBDAN TAKOMILLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekistonda ommaviy va professional futbolni yanada rivojlantirish, uning moddiy bazasini mustahkamlash, futbolchilarning yangi avlodini tayyorlash va tarbiyalash, vatanimiz futbolining xalqaro nufuzini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Davlat sport qoʻmitasi (Sh. Toʻlaganov), Futbol federatsiyasi rahbarlari (Federatsiyaning sobiq prezidenti A.Mutalov), Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari, joylarda hokimliklar tomonidan respublika Hukumatining “Oʻzbekiston Respublikasida futbolni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1993-yil 18-martdagi 144-son qarori talablari oʻz vaqtida va toʻliq bajarilishi taʼminlanmaganligi qayd etilsin.
Bosh vazirning oʻrinbosari S.Saidqosimov Futbol federatsiyasi, tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasining yuqorida aytib oʻtilgan qaroridan kelib chiquvchi vazifalarni bajarish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va amalga oshirsin. Qilingan ish natijalari toʻgʻrisida 1996-yil 1-aprelgacha axborot berilsin.
2. Davlat sport qoʻmitasi va Oʻzbekiston Futbol federatsiyasining futbolni bundan buyon yangi tashkiliy prinsiplar — klub asosida rivojlantirish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin.
3. Davlat sport qoʻmitasi Oʻzbekiston Futbol federatsiyasi bilan birgalikda, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi va Adliya vazirligi bilan kelishgan holda 10 kun muddatda Futbol klubi toʻgʻrisidagi Namunaviy nizomni ishlab chiqsin, tasdiqlasin va belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazsin.
Namunaviy Nizomni ishlab chiqishda quyidagilar nazarda tutilsin:
klubni tashkil etish uning muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatishini taʼminlashda barcha tashkiliy va moliyaviy masalalarni hal etishga qodir boʻlgan mahalliy hokimiyat organlari, sport tashkilotlari, shuningdek homiylar — korporatsiyalar, firmalar boshqa yuridik va jismoniy shaxslardan iborat muassislar tomonidan amalga oshiriladi;
Boshqaruv klubning kollegial organi hisoblanadi, uning tarkibiga klub va komanda rahbariyati, ayrim futbolchilar, homiy tashkilotlar vakillari kiradi. Shahar (tuman) hokimi mahalliy hokimiyat organi tomonidan tuziladigan futbol klubining prezidenti, idora yoki korxona rahbari esa ular tomonidan tuziladigan futbol klubining prezidenti boʻlib hisoblanadi;
futbol klublari Namunaviy nizom asosida oʻz klublarining Ustavini ishlab chiqadi, tasdiqlaydi va adliya organlarida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazadi;
klubning moliyaviy faoliyati toʻla xoʻjalik hisobi, oʻzini oʻzi mablagʻ bilan taʼminlash va oʻz xarajatlarini oʻzi qoplash asosida amalga oshiriladi;
futbol komandasining nomi va uning tegishli ramzlari Oʻzbekiston futbol federatsiyasi bilan kelishib olinadi.
4. Oʻzbekiston Futbol federatsiyasi va Davlat sport qoʻmitasining Respublikada oliy va I ligalar klub futbol komandalarini shakllantirish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin. Bunda quyidagilardan kelib chiqilsin:
mastyerlar futbol komandasiga oʻyinchilar qabul qilish klub rahbarlari, sportchilar, trenyerlar, tibbiy va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning oʻzaro huquq va majburiyatlarini belgilovchi kontraktlar asosida amalga oshiriladi;
kontrakt, xalqaro standartlarga muvofiq, bir yildan uch yilgacha muddatga tuziladi va u trenyerlar hamda futbolchilarni ularning sport mahorati darajasiga, komanda muvaffaqiyatiga har birining qoʻshgan hissasiga bogʻliq ravishda moddiy ragʻbatlantirishni, shuningdek kontrakt shartlari buzilgan taqdirda tegishli jarima sanksiyalari solishni nazarda tutadi;
trenerni va futbolchini moddiy ragʻbatlantirish hamda ularga jarima sanksiyalari solish masalalari Klub boshqaruvi tomonidan kollegial hal etiladi;
klub oʻz faoliyatiga vatanimizning korxonalari va tashkilotlarini, qoʻshma va xorijiy firmalar, korxonalar, tashkilotlarni jalb qilish maqsadida futbol musobaqalari oʻtkazilayotgan vaqtda, shuningdek sport kiyimida va klub belgilarida ularning turli reklama emblemalaridan shartnoma asosida foydalanish huquqiga egadir.
5. Belgilab qoʻyilsinki:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari Futbol federatsiyalarining prezidentlari hisoblanadilar;
oliy ligani tuzish chempionatlar va birinchiliklarni oʻtkazish reglamentiga muvofiq sport prinsipiga koʻra amalga oshiriladi. Ushbu klubda oʻsmirlar va bolalar komandalari mavjud boʻlishi komandaning oliy ligaga kirishining zarur sharti hisoblanadi;
I liga sport va hududiy prinsiplar boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasidan, viloyatlar va Toshkent shahridan kamida bittadan komandadan iborat etib tuziladi;
futbol komandalarini shakllantirish 1996-yil 1-martgacha tugallanishi kerak.
6. Klub futbol komandalari uchun oʻrinbosarlar tayyorlashni yanada yaxshilash maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
1996-1997-yillarda barcha maktablarni sport maydonlari bilan taʼminlasinlar;
1996-1997-yillarda viloyat markazlarida oʻsmirlar futbol maktab-internatlari ochsinlar.
Yuqorida aytib oʻtilgan maktablar oʻrtasidagi har yilgi musobaqalar hududiy (mintaqa) prinsip boʻyicha mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan oʻtkazilsin.
7. Oʻzbekiston Futbol federatsiyasi, Davlat sport qoʻmitasi va Toshkent shahar hokimligining Futbol boʻyicha sport mahorati respublika maktabini “Paxtakor” futbol klubiga berish haqidagi takliflari qabul qilinsin.
8. Futbol mavsumi yakunlari boʻyicha yilning eng yaxshi futbolchisi uchun va yilning eng yaxshi treneri uchun jurnalistlardan soʻrov yoʻli bilan aniqlab topshiriladigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maxsus sovrini taʼsis etilsin.
9. Moliya vazirligi Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda, jahon amaliyotidan kelib chiqib, futbolni rivojlantirishga faol koʻmaklashayotgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar uchun soliq imtiyozlari va boshqa imtiyozlar tizimini qoʻllash yuzasidan takliflarni ikki hafta muddatda ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Davlat sport qoʻmitasi Davlat mulki qoʻmitasi bilan kelishgan holda Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyat markazlarida yirik stadionlar negizida ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlari tashkil etish dasturini ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Ularning ustav sarmoyasini shakllantirishda aksiyalar paketining quyidagicha taqsimlanishi nazarda tutilsin:
davlatga — obyekt mol-mulkining teng qiymati;
boshqa muassislarga (yuridik va jismoniy shaxslarga) — oʻzlarining ulushlariga muvofiq.
1998-yildan boshlab respublikadagi koʻrsatib oʻtilgan stadionlar toʻliq oʻzini oʻzi mablagʻ bilan taʼminlasin.
11. Futbolni rivojlantirishning moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash maqsadida:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bir oy muddatda futbol klublarini tuzish va rivojlantirishga hamda ularning moddiy bazasini mustahkamlashga koʻmaklashish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni amalga oshirsinlar;
Davlat sport qoʻmitasi Oʻzbekiston Futbol federatsiyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Melioratsiya va suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda mavjud stadionlarni qayta roʻyxatdan oʻtkazsin;
qayta roʻyxatdan oʻtkazish yakunlariga koʻra 1996-yil 1-aprelgacha futbol maydonlarini rekonstruksiya qilish, 1996-yil 1-sentabrgacha esa Nukus shahrida va viloyat markazlaridagi stadionlarning qolgan obyektlarini joriy va mukammal tuzatish zarur deb hisoblansin.
Shu maqsadlarda:
Oʻzbekiston Respublikasi Melioratsiya va suv xoʻjaligi vazirligi — bosh pudratchi va bosh loyihalovchi etib, “Oʻzmontajmaxsusqurilish” uyushmasi hamda Energetika va elektrlashtirish vazirligi — subpudrat tashkilotlar etib tasdiqlansinlar;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Kapital qurilish bosh boshqarmalari futbol maydonini rekonstruksiya qilish, stadionlarni joriy va mukammal tuzatish hamda obod qilish boʻyicha buyurtmachilar etib belgilansinlar. Ishlarni mablagʻ bilan taʼminlash respublika va mahalliy budjetlarning hamda homiylarning mablagʻlari hisobidan amalga oshirilsin;
ushbu ishlarning buyurtmachilari bosh pudratchilar va bosh loyihalovchilarni mablagʻ bilan taʼminlasinlar hamda energiya taʼminoti, issiqlik taʼminoti, suv taʼminoti va kanalizatsiya obyektlari boʻyicha tegishli texnik shartlarni bersinlar;
bosh pudratchiga loyihalashni va alohida smetalar va chizmalar boʻyicha qurilishni bir paytda mablagʻ bilan taʼminlashga ruxsat etilsin.
12. Moliya vazirligi Melioratsiya va suv xoʻjaligi vazirligiga tuzilgan kontraktlar va ularning Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligida va vakil qilingan banklarda ekspertiza qilinishi asosida, futbol maydonlarini kompleks rekonstruksiya qilish uchun urugʻlik, xorijiy uskunalar, jihozlar va boshqa zarur vositalar va materiallar sotib olishga tegishli ravishda konvertatsiya qilishni nazarda tutgan holda soʻmlarda avans ajratsin.
Pul-kredit siyosati boʻyicha respublika komissiyasi, zarurat boʻlganda, Oʻzbekistonda futbolni rivojlantirishga mablagʻ qoʻyadigan xorijiy firmalarga mablagʻlarni Respublika valyuta birjasida konvertatsiya qilishni nazarda tutsin.
13. Toshkent shahar hokimligi 1996-yil 1-martgacha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat sport qoʻmitasi, Futbol federatsiyasi va Futbolni rivojlantirish fondini joylashtirish uchun bino ajratish masalasini hal qilsin.
14. “Oʻzkimyosanoat” uyushmasi ikki hafta muddatda uyushma korxonalarida rezina toʻplar va futbol toʻplari uchun rezina kameralar ishlab chiqarishni tashkil etish yuzasidan taklif tayyorlasin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. 1996-yilda kamida 500 ming dona rezina toʻplar va kameralar tayyorlanishini taʼminlasin.
15. “Oʻzbekyengilsanoat” davlat uyushmasi 1996-1997-yillarda sport tovarlari ishlab chiqaruvchi yetakchi firmalar bilan birgalikda sifatli futbol anjomlari va sport kiyimlari ishlab chiqaruvchi qoʻshma korxonalar tashkil etsin. Bunda Xalq taʼlimi vazirligi va “Oʻzbeksavdo” davlat uyushmasining sport anjomlari, futbol toʻplari va oʻquvchilar uchun sport kiyimlari ishlab chiqarish boʻyicha buyurtmanomalari bajarilishini taʼminlasin.
Moliya vazirligi Davlat soliq qoʻmitasi va “Oʻzbeksavdo” davlat uyushmasi bilan birgalikda “Oʻzbekyengilsanoat” davlat uyushmasi tomonidan maktab oʻquvchilarining jismoniy tarbiya va sport mashgʻulotlari bilan shugʻullanishlari uchun ishlab chiqariladigan tovarlar qiymatiga berilishi mumkin boʻlgan soliq imtiyozlari haqidagi takliflarni 15 kun muddatda koʻrib chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi oʻquv yurtlariga qabul qilish davlat komissiyasi malakali mutaxassislar-trenyerlar tayyorlash uchun Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport institutining futbol boʻlimiga 1996-yildan boshlab har yili 75 oʻrindan iborat kvota ajratsin.
17. Davlat sport qoʻmitasi Oʻzbekiston Futbol federatsiyasi bilan birgalikda:
ikki oy muddatda futbol komandalari trenyerlarini tayyorlash va qayta tayyorlash boʻyicha maxsus kurslar tashkil etsin, ushbu kurslarni zarur moddiy baza bilan taʼminlasin;
20 kun muddatda futbol klubi bilan kontrakt tuzish huquqini beruvchi Trenyerlarga qoʻyiladigan malaka talablari haqidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
Trener tomonidan malaka talablari bajarilgan taqdirdagina kontrakt tuziladigan va trenerning futbol komandasiga rahbarlik qilishiga yoʻl qoʻyiladigan tartib belgilansin.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi, Moliya vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi va Davlat sport qoʻmitasi 10 kun muddatda sport maktablari va bilim yurtlari rahbar xodimlari, trener-oʻqituvchilarining, shuningdek instruktor-metodistlarining mehnatiga haq toʻlash boʻyicha razryadlarni umumtaʼlim maktablarining rahbarlari va oʻqituvchilari mehnatiga haq toʻlash razryadlariga muvofiqlashtirish yuzasidan taklif kiritsinlar.
19. Sogʻliqni saqlash vazirligi va uning joylardagi organlari futbol klublarini sportga ixtisoslashgan malakali tibbiy xodimlar hamda zarur dori-darmonlar bilan taʼminlasinlar.
20. “Oʻzbeksavdo” davlat uyushmasi, “Mahalliy sanoat” korporatsiyasi, Madaniyat ishlari vazirligi hokimliklar bilan birgalikda stadionlarda futbol oʻyinlari oʻtkazilayotgan vaqtda savdo qilishni va madaniy-tomosha tadbirlarini uyushtirsinlar.
21. Ommaviy axborot vositalari mamlakatda ommaviy futbol harakati rivojlanishini, eng yaxshi futbol klublari, sport maktablari, fizkultura jamoalari, mutaxassislar va trenyerlarning faoliyatini muntazam va keng yoritsinlar.
22. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosari S. Saidqosimov va Oʻzbekiston Futbol federatsiyasi prezidenti Z. Almatov zimmasiga yuklansin.
Qarorning bajarilishi 1996-yil aprel va avgust oylarida, keyinchalik esa 1997-1998-yillarning yarim yilliklari boʻyicha koʻrib chiqilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 17-yanvar,
27-son