Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI SUDLARI FAOLIYATINI YaNADA TAKOMILLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-avgustdagi 639-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda isteʼmol qilish sohasida toʻlov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 29-maydagi PF-5059-son Farmoni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2017-yil 30-maydagi PQ-3016-son qarori)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Sud tizimini yanada isloh qilish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlashni takomillashtirish, sudlar mustaqilligini mustahkamlash, shuningdek sud qarorlarining oʻz vaqtida va sifatli ijro etilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi oliy sudlari, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari malaka hayʼatlariga:
sudyalar kadrlari zaxirasini shakllantirish, shuningdek sudyalarning boʻsh lavozimlariga qoʻyish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish boʻyicha oliy malaka komissiyasiga tavsiya etilgan nomzodlar yuzasidan takliflar taqdim etish;
xalq maslahatchilarini tanlash va ularning saylovlarini oʻtkazish, ularni oʻqitish ishlarini tashkil etish yuklansin.
Belgilansinki, sudyalarning malaka hayʼatlariga tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi oliy sudlari, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari raislari boshchilik qiladilar.
Sudlarning shtat jadvallariga sudyalar kadrlari zaxirasiga kiritish yoki sudyalarning aniq boʻsh lavozimlariga qoʻyish uchun tavsiya etilgan shaxslarga tegishli hujjatlarni qabul qilib olish, tayyorlash va malaka hayʼatlarining koʻrib chiqishiga kiritishni taʼminlovchi sudlarning malaka hayʼatlari kotiblari lavozimi kiritilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish boʻyicha oliy malaka komissiyasi:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudlari, viloyatlar va Toshkent shahar xoʻjalik sudlari sudyalari lavozimiga tanlash va tavsiya etishni;
viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlararo va tuman (shahar) sudlari fuqarolik ishlari boʻyicha va jinoyat ishlari boʻyicha sudlari, harbiy sudlar sudyalarini lavozimga taqdim etishni;
sudlar faoliyatining tashkiliy, axborot-tahliliy taʼminotini amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish boʻyicha oliy malaka komissiyasiga sudyalar kadrlarini tanlash va joy-joyiga qoʻyish ishida ochiq-oydinlikni va oshkoralikni, ushbu ishda vertikal boʻyicha hisobot berishni, shuningdek ushbu sohada xizmat mavqeini suisteʼmol qilish hollarining oldini olishni taʼminlash yuklanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 10-apreldagi 61-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2006-y., 15-son, 125-modda)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sudlar faoliyatini tashkiliy, moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash departamenti Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash departamenti sifatida (keyingi oʻrinlarda Departament deb yuritiladi) qayta tashkil etilsin.
Belgilab qoʻyilsinki, Departament:
yuridik shaxs hisoblanadi va oʻz faoliyati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziriga hisob beradi;
unga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadigan Departament direktori — Adliya vazirining oʻrinbosari boshchilik qiladi.
5. Quyidagilar Departamentning asosiy vazifalari hisoblanadi:
sud qarorlari va boshqa organlar qarorlari soʻzsiz ijro etilishi ishlarini tashkil etish;
sud ijrochilari kadrlarini tanlash va joy-joyiga qoʻyish ishlarini hamda ularning samarali faoliyat koʻrsatishini tashkil etish;
sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash ishlarini tashkil etish hamda takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash;
sudlar binolarini qurish va taʼmirlash uchun ajratilgan kapital mablagʻlar samarali oʻzlashtirilishini taʼminlash hamda sudlar faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlarini koʻrish;
sudyalar va sud protsesslarining xavfsizligini taʼminlash ishlarini tashkil etish.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Belgilab qoʻyilsinki, sudlarning joriy faoliyatini mablagʻ bilan taʼminlash va moddiy-texnika taʼminoti respublika budjeti, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi sudlar va adliya organlari rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
(6-bandning birinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 30-apreldagi 197-sonli qarori tahririda— OʻR QHT, 2003-y., 7-8-son, 66-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Sudlarni navbatdagi moliya yilida mablagʻ bilan taʼminlash toʻgʻrisidagi takliflar Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudlari, viloyatlar va Toshkent shahar fuqarolik ishlari boʻyicha sudlari va jinoyat ishlari boʻyicha sudlarining ehtiyojlari hisobga olingan holda Departament direktori tomonidan belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etiladi;
Departament budjet mablagʻlari taqsimlanishini hamda ushbu mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda sudlarga yetkazilishini taʼminlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yili budjetni shakllantirishda respublika budjetida Departament va sudlar faoliyatini mablagʻ bilan taʼminlash uchun zarur budjet mablagʻlari alohida satrda ajratilishini nazarda tutsin.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Belgilansinki, sud qarorlari va boshqa organlar qarorlari ijrosini tashkil etishni, shuningdek joylarda sudlarning moddiy-texnika taʼminotini Departamentning hududiy boʻlimlari amalga oshiradi.
Quyidagilar Departament hududiy boʻlimining asosiy vazifalari etib belgilansin:
sud qarorlari va boshqa organlar qarorlari soʻzsiz ijro etilishini taʼminlash, sud ijrochilari tuman (shahar) boʻlimlari faoliyati ustidan nazorat qilish ishlarini tashkil etish;
sudlarning binolari, imoratlari va boshqa obyektlarini qurish va taʼmirlashni tashkil etish va bu ishlarni amalga oshirish, ushbu maqsadlar uchun ajratilgan mablagʻlardan samarali foydalanish;
sudlarni texnika, asbob-uskunalar, avtotransport, mebel va boshqa zarur moddiy-texnika vositalari bilan taʼminlash;
sudlar faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga doir boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish.
8. Belgilansinki, sud amaliyoti va sud statistikasini tizimli tahlil etish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi oliy sudlari, viloyatlar va Toshkent shahar fuqarolik ishlari boʻyicha sudlari va jinoyat ishlari boʻyicha sudlari tomonidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(9-bandning birinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 31-avgustdagi 458-sonli qarori bilan chiqarilgan—OʻR QHT, 2006-y., 36-son, 360-modda)
9. Departament qayta tashkil etilishi munosabati bilan boʻshaydigan 35 kishidan iborat shtatdagi xodimlarning:
7 nafari — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish boʻyicha oliy malaka komissiyasi kotibiyatini tashkil etishga;
28 nafari — Qoraqalpogʻiston Respublikasi oliy sudlarida, viloyatlar va Toshkent shahar fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarida va jinoyat ishlari boʻyicha sudlarida sud amaliyoti va sud statistikasini tizimli tahlil etish boʻyicha xizmatlarni tashkil etishga yoʻnaltirilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi oliy sudlari, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari xodimlarning tasdiqlangan soni doirasida sudlar malaka hayʼatlarining boshqa vazifalardan ozod qilingan kotiblari lavozimini kiritishni nazarda tutsinlar.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (M. Nurmurodov) Oliy sud, Departament, Qoraqalpogʻiston Respublikasi oliy sudlari, viloyatlar va Toshkent shahar fuqarolik ishlari boʻyicha sudlari va jinoyat ishlari boʻyicha sudlarining xarajatlar smetasi va shtat jadvallariga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (A. Polvon-zoda), Oliy sud (U. Mingboyev) hamda Oliy xoʻjalik sudi (M. Abdusalomov) amaldagi qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar qoʻshish toʻgʻrisida bir oy muddatda takliflar kiritsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 10-martdagi 120-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
14. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ. Sultonov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T. Xudoybergenov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 22-sentabr,
383-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 31-avgustdagi 458-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2006-y., 36-son, 360-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 31-avgustdagi 458-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2006-y., 36-son, 360-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 31-avgustdagi 458-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2006-y., 36-son, 360-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 31-avgustdagi 458-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2006-y., 36-son, 360-modda)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2001-y., 18-son, 133-modda; 2003-y., 7-8-son, 66-modda; 2016-y., 17-son, 176-modda; 2017-y., 22-son, 431-modda)