Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2017-yil 15-noyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2018-yil 29-martda maʼqullangan
Senat tomonidan 2018-yil 29-martda maʼqullangan
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi davlat organlari va muassasalari (bundan buyon matnda davlat organlari deb yuritiladi) faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini tashkil etish hamda amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Qonun hujjatlarida kasaba uyushmalari tomonidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning oʻziga xos xususiyatlari belgilanishi mumkin.
Referendumlarga, saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish, shuningdek mudofaa, jamoat xavfsizligi va huquq-tartibot, tezkor-qidiruv faoliyati, surishtiruv, dastlabki tergov, sud ishlarini yuritish, jazolarni ijro etish sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish alohida qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-modda. Jamoatchilik nazorati subyektlari
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari (bundan buyon matnda fuqarolar deb yuritiladi), fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, shuningdek qonun hujjatlarida belgilangan tartibda roʻyxatga olingan nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari jamoatchilik nazorati subyektlaridir.
Jamoatchilik nazorati jamoatchilik kengashlari, komissiyalari va boshqa jamoatchilik tashkiliy tuzilmalari tomonidan ham qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
4-modda. Jamoatchilik nazoratining obyekti
Davlat organlarining va ular mansabdor shaxslarining:
qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarda, qarorlarda, shuningdek rivojlanish davlat, tarmoq va hududiy dasturlarida jamoatchilik manfaatlarini, jamoatchilik fikrini hisobga olishga;
fuqarolarning, yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, jamiyat manfaatlarini himoya qilish sohasidagi qonun hujjatlari talablarining ijro etilishini taʼminlashga;
Keyingi tahrirga qarang.
oʻz zimmasiga yuklatilgan, ijtimoiy va jamoatchilik manfaatlariga daxldor boʻlgan vazifalar va funksiyalarni bajarishga;
davlat xizmatlarini koʻrsatishga;
ijtimoiy sheriklik doirasida amalga oshiriladigan bitimlar, shartnomalar, loyihalar va dasturlarni bajarishga doir faoliyati jamoatchilik nazoratining obyektidir.
5-modda. Jamoatchilik nazoratining asosiy prinsiplari
Jamoatchilik nazoratining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi;
jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda ishtirok etishning ixtiyoriyligi;
jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning ommaviyligi va ochiqligi;
jamoatchilik nazorati subyektlarining xolisligi va begʻarazligi;
jamoatchilik nazorati natijalarining ishonchliligi;
jamoatchilik nazorati subyektlarining davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatiga asossiz aralashuviga va ularga gʻayriqonuniy taʼsir koʻrsatishiga yoʻl qoʻyilmasligi.
6-modda. Jamoatchilik nazoratining shakllari
Jamoatchilik nazoratining shakllari quyidagilardan iborat:
davlat organlariga murojaatlar va soʻrovlar;
davlat organlarining ochiq hayʼat majlislarida ishtirok etish;
jamoatchilik muhokamasi;
jamoatchilik eshituvi;
jamoatchilik monitoringi;
jamoatchilik ekspertizasi;
jamoatchilik fikrini oʻrganish;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan davlat organlari mansabdor shaxslarining hisobotlari va axborotini eshitish.
Jamoatchilik nazorati qonun hujjatlariga muvofiq boshqa shakllarda ham amalga oshirilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
7-modda. Davlat organlariga murojaatlar va soʻrovlar
Jamoatchilik nazorati subyektlari davlat organlariga arizalar, shikoyatlar va takliflar bilan murojaat qilishga, shuningdek qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ularga soʻrovlar yuborishga haqli.
Jamoatchilik nazorati subyektlarining murojaatlari va soʻrovlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat organlari tomonidan koʻrib chiqiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Jamoatchilik nazorati subyektlarining axborot olishga boʻlgan huquqi, agar mazkur axborot shaxsga doir maʼlumotlar yoxud davlat sirlarini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlar jumlasiga kiritilgan boʻlsa, cheklanishi mumkin.
8-modda. Davlat organlarining ochiq hayʼat majlislarida ishtirok etish
Jamoatchilik nazorati subyektlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat organlarining ochiq hayʼat majlislarida ishtirok etish huquqiga ega.
Keyingi tahrirga qarang.
Davlat organlari oʻzining ochiq hayʼat majlislarida jamoatchilik nazorati subyektlari ishtirok etishi uchun sharoitlar yaratadi.
9-modda. Jamoatchilik muhokamasi
Ijtimoiy ahamiyatga molik masalalarni, shuningdek normativ-huquqiy hujjatlar, davlat organlarining boshqa qarorlari loyihalarini ommaviy muhokama qilish jamoatchilik muhokamasidir.
Jamoatchilik muhokamasini nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va ommaviy axborot vositalari oʻtkazishi mumkin.
Jamoatchilik muhokamasi turli ijtimoiy guruhlarning vakillari, shu jumladan muhokama etilayotgan masala oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor boʻlgan yoki daxldor boʻlishi mumkin boʻlgan shaxslar ishtirokida oʻtkazilishi mumkin.
Jamoatchilik muhokamasi ommaviy va ochiq oʻtkaziladi. Jamoatchilik muhokamasining ishtirokchilari jamoatchilik muhokamasiga kiritilgan masalalar yuzasidan oʻz fikrini erkin bildirishga va takliflar kiritishga haqli. Jamoatchilik muhokamasi ommaviy axborot vositalari orqali va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda ham oʻtkazilishi mumkin.
Jamoatchilik muhokamasining tashkilotchisi jamoatchilik muhokamasiga kiritilayotgan masalalar, muhokamani oʻtkazish muddati va tartibi toʻgʻrisidagi axborotni oldindan eʼlon qiladi. Bunda tashkilotchi oʻz ixtiyoridagi, jamoatchilik muhokamasiga kiritilayotgan masalalarga taalluqli boʻlgan materiallardan jamoatchilik muhokamasining barcha ishtirokchilari erkin foydalanishini taʼminlaydi.
10-modda. Jamoatchilik eshituvi
Davlat organlarining, ular mansabdor shaxslarining faoliyatiga taalluqli va ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan yoxud fuqarolarning, yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, jamiyat manfaatlariga daxldor masalalarni muhokama qilish uchun tashkil etiladigan yigʻilish jamoatchilik eshituvidir.
Jamoatchilik eshituvini nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va ommaviy axborot vositalari oʻtkazishi mumkin.
Jamoatchilik eshituvi turli ijtimoiy guruhlarning vakillari, shu jumladan muhokama etilayotgan masala oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor boʻlgan yoki daxldor boʻlishi mumkin boʻlgan shaxslar ishtirokida oʻtkazilishi mumkin.
Jamoatchilik eshituvi ommaviy va ochiq oʻtkaziladi. Jamoatchilik eshituvining ishtirokchilari jamoatchilik eshituviga kiritilgan masalalar yuzasidan oʻz fikrini erkin bildirishga va takliflar kiritishga haqli.
Jamoatchilik eshituvining tashkilotchisi jamoatchilik eshituviga kiritilayotgan masalalar, eshituvni oʻtkazish muddati va tartibi toʻgʻrisidagi axborotni oldindan eʼlon qiladi. Bunda tashkilotchi oʻz ixtiyoridagi, jamoatchilik eshituviga kiritilayotgan masalalarga taalluqli boʻlgan materiallardan jamoatchilik eshituvining barcha ishtirokchilari erkin foydalanishini taʼminlaydi.
11-modda. Jamoatchilik monitoringi
Davlat organlarining va ular mansabdor shaxslarining faoliyatini jamoatchilik manfaatiga daxldor axborotni yigʻish, umumlashtirish va tahlil etish orqali kuzatish jamoatchilik monitoringidir.
Jamoatchilik monitoringini nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va jamoatchilik nazoratining boshqa subyektlari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda oʻtkazishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Jamoatchilik monitoringi ommaviy va ochiq oʻtkaziladi. Jamoatchilik monitoringi axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda ham oʻtkazilishi mumkin.
Jamoatchilik monitoringining tashkilotchisi jamoatchilik monitoringining obyekti, uni oʻtkazish muddati va tartibi toʻgʻrisidagi axborotni oldindan eʼlon qiladi.
12-modda. Jamoatchilik ekspertizasi
Jamoatchilik ekspertizasi normativ-huquqiy hujjatlar va davlat organlarining boshqa qarorlari loyihalari fuqarolarning, yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, jamiyat manfaatlariga muvofiqligini aniqlash uchun ularni oʻrganish hamda baholashdan iboratdir.
Jamoatchilik ekspertizasini nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va ommaviy axborot vositalari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda oʻtkazishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Jamoatchilik ekspertizasining tashkilotchisi tegishli sohada zarur bilim va tajribaga ega boʻlgan mutaxassislarni jamoatchilik asosida jalb etishi ham mumkin.
13-modda. Jamoatchilik fikrini oʻrganish
Jamoatchilik fikrini oʻrganish turli ijtimoiy guruhlarning normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari toʻgʻrisidagi, davlat organlarining, ular mansabdor shaxslarining qonun hujjatlari talablariga rioya etishiga, fuqarolarning, yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, jamiyat manfaatlarini taʼminlashga doir faoliyati toʻgʻrisidagi fikrini baholash maqsadida axborotni yigʻish, umumlashtirish hamda tahlil etishdan iboratdir.
Jamoatchilik fikrini oʻrganishni nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va ommaviy axborot vositalari qonun hujjatlariga muvofiq oʻtkazishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
14-modda. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan davlat organlari mansabdor shaxslarining hisobotlari va axborotini eshitish
Fuqarolar yigʻini:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining fuqarolar yigʻinlari faoliyati sohasiga kiruvchi masalalar yuzasidan hisobotlarini;
ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlarining, joylardagi taʼlim muassasalari rahbarlarining hisobotlarini;
tegishincha oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlari rahbarlarining axborotini;
tegishli hududda joylashgan tashkilotlar rahbarlarining atrof-muhitni muhofaza qilish, hududning sanitariya holati, uni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish masalalariga doir hisobotlarini eshitadi.
15-modda. Jamoatchilik nazorati subyektlarining huquq va majburiyatlari
Jamoatchilik nazorati subyektlari:
jamoatchilik nazoratini amalga oshirayotganda tadbirlar oʻtkazish tashabbusi bilan chiqishga, ularni tashkil etishga, shuningdek ularda ishtirok etishga;
jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan axborotni qonun hujjatlariga muvofiq davlat organlaridan soʻrab olishga;
Keyingi tahrirga qarang.
jamoatchilik nazorati natijalariga koʻra takliflar va tavsiyalar tayyorlashga hamda ularni tegishli davlat organlariga koʻrib chiqish uchun yuborishga;
fuqarolarning, yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlari, jamiyat manfaatlari buzilganligi faktlari aniqlangan taqdirda, materiallarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborishga;
davlat organlarining qonunga xilof qarorlari, ular mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari (harakatsizligi) ustidan boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki mansabdor shaxsga yoxud qonunda belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishga;
jamoatchilik nazorati natijalarini eʼlon qilishga haqlidir.
Jamoatchilik nazorati subyektlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Jamoatchilik nazorati subyektlari:
jamoatchilik nazorati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishi;
Keyingi tahrirga qarang.
qonunda belgilangan, davlat organlarining faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan cheklovlarga rioya etishi;
davlat organlarining, ular mansabdor shaxslarining oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiradigan faoliyatiga aralashmasligi;
davlat organlarining faoliyat koʻrsatishi, shuningdek ular mansabdor shaxslarining faoliyati uchun toʻsiqlar yaratmasligi;
fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmati kamsitilishiga, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yoʻl qoʻymasligi;
jamoatchilik nazoratini amalga oshirish chogʻida olingan axborotning tarqatilishi qonun bilan cheklangan boʻlsa, uning maxfiyligiga rioya etishi shart.
Jamoatchilik nazorati subyektlarining zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
16-modda. Davlat organlarining jamoatchilik nazorati sohasidagi huquq va majburiyatlari
Davlat organlari:
jamoatchilik nazorati subyektlaridan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish toʻgʻrisida va uning natijalari haqida axborot olishga;
jamoatchilik nazorati natijalariga koʻra tayyorlangan yakuniy hujjatlarda koʻrsatilgan takliflar va tavsiyalarga nisbatan asoslantirilgan eʼtirozlarini jamoatchilik nazorati subyektlariga yuborishga;
oʻzi amalga oshirayotgan faoliyat ustidan jamoatchilik nazorati masalalariga doir axborotni oʻz rasmiy veb-saytlarida, shuningdek ommaviy axborot vositalarida joylashtirishga;
jamoatchilik nazoratini oʻtkazish tashabbusi bilan chiqishga haqli.
Davlat organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Davlat organlari:
jamoatchilik nazorati subyektlariga jamoatchilik manfaatiga daxldor boʻlgan oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni qonun hujjatlarida belgilangan hollarda va tartibda taqdim etishi;
oʻziga jamoatchilik nazorati subyektlari tomonidan yuborilgan murojaatlar va soʻrovlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va muddatlarda koʻrib chiqishi, murojaatlarga va soʻralayotgan axborotga javoblar taqdim etishi, bundan davlat sirlarini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlar yoxud topshirilishi jamoat tartibiga va fuqarolarning hayotiga tahdid solishi mumkin boʻlgan maʼlumotlar mustasno;
Keyingi tahrirga qarang.
jamoatchilik nazorati subyektlari tomonidan yuborilgan takliflar va tavsiyalarni, shuningdek yakuniy hujjatlar va materiallarni koʻrib chiqishi shart.
Davlat organlarining zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
17-modda. Jamoatchilik nazoratining natijalari
Jamoatchilik nazoratining natijalariga koʻra bayonnoma, xulosa, maʼlumotnoma shaklida yoxud qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa shaklda yakuniy hujjat tayyorlanishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Yakuniy hujjat axborot va tavsiya xususiyatiga ega boʻladi.
Yakuniy hujjatda bayon etilgan axborot, tavsiya va takliflar davlat organlari tomonidan majburiy tartibda koʻrib chiqiladi hamda ular yuzasidan qonuniy qarorlar qabul qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
18-modda. Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
19-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
20-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
21-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 12-aprel,
OʻRQ-474-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2018-y., 03/18/474/1062-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 22.08.2025-y., 03/25/1083/0769-son)