O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrug‘i
O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi hududiy boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalari to‘g‘risidagi nizomning 18-bandiga o‘zgartirishlar kiritish haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 6-yanvarda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 1921-1]
Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2025-yil 3-iyuldagi 15-mh-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining hududiy boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3637, 07.07.2025-y.) asosan 2025-yil 10-oktabrdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-dekabrdagi 1001-son “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 14-martdagi PQ-2833-son qarori)” qaroriga muvofiq buyuraman:
1. O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2009-yil 14-martdagi 69-mh-son buyrug‘i (ro‘yxat raqami 1921, 2009-yil 14-mart) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2009-y., 12-son, 134-modda) bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi hududiy boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalari to‘g‘risidagi nizom 18-bandining to‘rtinchi va beshinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“oliy yuridik ma’lumot to‘g‘risidagi diplom (nusxasi olinib, asli qaytariladi);
mehnat daftarchasi (nusxasi olinib, asli qaytariladi) yoki uning ish joyida tasdiqlangan nusxasi”.
2. Mazkur buyruq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilsin va Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish boshqarmasi Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Notariat, advokatura va FHDY organlari boshqarmasi hamda Huquqiy targ‘ibot va axborot boshqarmasi ushbu idoraviy normativ-huquqiy hujjatni barcha manfaatdor shaxslarga yetkazilishini va “O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da hamda O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida nashr etilishini ta’minlasin.
4. Ushbu buyruq O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi bilan kelishilgan.
5. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
6. Mazkur buyruq ijrosini nazorat qilish vazir o‘rinbosari M. Istamov zimmasiga yuklansin.
Vazir R. DAVLETOV
Toshkent sh.,
2018-yil 6-yanvar,
7-mh-son
Kelishilgan:
Advokatlar palatasi raisi v.b. Sh. SADIKOV
2018-yil 6-yanvar
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.01.2018-y., 10/18/1921-1/0519-son)