Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Suv taʼminoti va suv chiqarish xizmati koʻrsatish sohasida toʻlov intizomini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mamlakat iqtisodiyotini jadal rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar va aholi sonining oʻsib borishi ichimlik suviga yuqori talabni, undan oqilona foydalanish zaruratini, shuningdek, respublikaning suv resurslari cheklangan sharoitda zamonaviy suv tejamkor texnologiyalarni joriy etishni taqozo qiladi.
Shu bilan birga, toʻplanib qolgan tizimli muammo va kamchiliklar debitor qarzdorlikni kamaytirishga, toʻlov intizomini mustahkamlashga va tarmoqning yanada rivojlanishiga toʻsiq boʻlmoqda. Jumladan:
birinchidan, suvni ishlab chiqarish, yetkazib berish, sarflash va isteʼmol qilishni hisobga olish tizimining amalda mavjud emasligi, oqibatda uning yetkazib berilishi, toʻlovlar oʻtkazilishi va oʻzaro hisob-kitoblar holati haqidagi maʼlumotlarning ishonchliligi taʼminlanmayapti;
ikkinchidan, vodoprovod-kanalizatsiya xoʻjaligi tashkilotlari tomonidan, jumladan menejment va debitor qarzdorlik undiruvini tashkil etish masalalarining samarasiz boshqarilishi tarmoqning toʻliq zarar bilan ishlashiga olib kelmoqda;
uchinchidan, vodoprovod va kanalizatsiya tarmoqlari, suv taʼminoti obyektlarining eskirganligi, koʻpchiligidan qirq yildan ortiq foydalanilishi, shuningdek, ularni yangilash va modernizatsiya qilish surʼatining pastligi, ayniqsa, joylarda koʻplab isrofgarchilik va avariyalarga, suvni yetkazishda katta yoʻqotish hamda uzilishlarga olib kelmoqda;
toʻrtinchidan, vodoprovod-kanalizatsiya xoʻjaligi tashkilotlarining elektr energiyasi uchun qarzdorligi yuqori darajada;
beshinchidan, vodoprovod-kanalizatsiya xoʻjaligi tashkilotlari xodimlarining kasbga tayyorgarlik darajasi past, malakali kadrlar tizimdan chiqib ketgan, ushbu sohadagi xodimlar tomonidan huquqbuzarlik sodir etish holatlari mavjud.
Mavjud muammolarni hal qilish boʻyicha taʼsirchan choralarning koʻrilmasligi aholini suv bilan barqaror taʼminlash masalasini xavf ostiga qoʻyadi, suv resurslaridan oʻta nooqilona foydalanilishiga olib keladi va zamonaviy suv tejamkor texnologiyalarni joriy etishga toʻsqinlik qiladi.
Suv taʼminoti va suv chiqarish xizmati koʻrsatish sohasida boshqaruv tizimini, nazorat va hisobga olish mexanizmlarini tubdan takomillashtirish, toʻlov intizomini mustahkamlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosiga (keyingi oʻrinlarda Byuro deb yuritiladi) quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin:
suvdan noqonuniy foydalanish, vodoprovod va kanalizatsiya tarmoqlariga oʻzboshimchalik bilan ulanish holatlarini aniqlash, bartaraf etish va oldini olish;
suv uchun toʻlovlarning oʻz vaqtida va toʻliq undirilishini, isteʼmolchilarning qarzdorligi kamaytirilishini taʼminlash;
suv isteʼmolini nazorat qilish va hisobga olishning zamonaviy avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish jarayonini monitoring qilish;
suvni sotish va isteʼmol qilishning hisobini yuritishda ishtirok etish.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Belgilansinki, Byuro va uning hududiy boʻlinmalariga ushbu Farmonning 1-bandida koʻrsatilgan vazifalarni bajarishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-maydagi “Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda isteʼmol qilish sohasida toʻlov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5059-son Farmoni 4-bandida nazarda tutilgan huquqlar beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Belgilab qoʻyilsinki, suv taʼminoti va suv chiqarish xizmati koʻrsatish sohasida:
a) Byuro quyidagilar uchun javobgardir:
suv taʼminoti va suv chiqarish xizmatlari uchun toʻlovlarning oʻz vaqtida va toʻliq undirilishini, isteʼmolchilarning qarzdorligi kamaytirilishini taʼminlash;
suvdan noqonuniy foydalanish holatlarini, shuningdek, bevosita isteʼmolchilar tomonidan foydalanilgan suv hajmi va tegishli hududlar chegarasidagi tarmoqlarga yetkazib berilgan hajm oʻrtasidagi tafovutlarni aniqlash, bartaraf etish va oldini olish;
aniqlangan tafovutlarni bartaraf qilish mexanizmi boʻyicha takliflar kiritish hamda aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish choralarini koʻrish;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi quyidagilar uchun javobgardir:
vodoprovod-kanalizatsiya xoʻjaligi tashkilotlari tomonidan tuzilgan shartnomalarga muvofiq suv taʼminoti va suv chiqarish xizmati koʻrsatilishini, isteʼmolchilarga suv barqaror yetkazilishini taʼminlash;
vodoprovod-kanalizatsiya xoʻjaligi tashkilotlari tomonidan koʻrsatilgan suv taʼminoti va suv chiqarish xizmati hajmlari haqidagi hisobot hamda axborotlar, debitor va kreditor qarzdorlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning haqqoniyligi;
vodoprovod-kanalizatsiya xoʻjaligi tashkilotlari tomonidan suv taʼminoti obyektlari, vodoprovod va kanalizatsiya tarmoqlarining holati, ekspluatatsiyasi va ularga taʼmirlash xizmati koʻrsatilishi ustidan nazoratni taʼminlash;
isteʼmolchilarga oʻrnatilgan suv isteʼmolini hisobga olish uskunalarining almashtirilishi, oʻrnatilishi va ekspluatatsiya xizmati koʻrsatilishini, shuningdek, Byuro bilan birgalikda ular plombalanishini taʼminlash;
texnik shartlar berilishini, suv taʼminoti va suv chiqarish tizimiga isteʼmolchilarni ulash ishlarining amalga oshirilishini taʼminlash;
Byuroning majburiy talabnomasiga asosan ayrim isteʼmolchilarning magistral suv quvurlaridan belgilangan tartibda uzilishini taʼminlash.
Keyingi tahrirga qarang.
4. 2018-yil 1-yanvardan boshlab quyidagi tartib joriy etilsin, unga muvofiq:
barcha guruh isteʼmolchilariga suv taʼminoti va suv chiqarish xizmati koʻrsatish 100 foizlik oldindan haq toʻlash asosida amalga oshiriladi. Oldindan haq toʻlanmagan hollarda, mazkur isteʼmolchilarga nisbatan belgilangan tartibda suv taʼminoti va suv chiqarish tizimidan toʻliq uzishgacha boʻlgan choralar koʻriladi;
suv taʼminoti va suv chiqarish tizimidan ilgari uzib qoʻyilgan shaxslarni qayta ulashda I guruh isteʼmolchilaridan eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida, II va III guruh isteʼmolchilaridan eng kam oylik ish haqining oʻn baravari miqdorida toʻlov qayta ulashni amalga oshirgan tashkilot hisobiga mablagʻlarni oʻtkazish orqali undiriladi;
Keyingi tahrirga qarang.
isteʼmolchi suv isteʼmolini hisobga olish uskunalarining lozim darajada ekspluatatsiya qilinishi va sozligi uchun javobgar boʻladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi:
2017-yil 1-dekabrga qadar muddatda tuman (shahar)lar kesimida 2017-yil 1-noyabr holatiga suv taʼminoti va suv chiqarish xizmatidan qarzdorligi mavjud boʻlgan isteʼmolchilarning shaxsiy roʻyxatini, shu jumladan isteʼmolchi — yuridik shaxslar bilan qarzdorlikni taqqoslash boʻyicha mavjud dalolatnomalarni Byuroga taqdim etsin;
2017-yil 1-dekabrga qadar muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan birgalikda tushumlarning haqqoniy hisobini yuritish va pul mablagʻlarining harakatini Byuro tomonidan monitoring qilishni taʼminlovchi, suv taʼminoti va suv chiqarish xizmatidan tushgan mablagʻlarni yagona bank hisobraqamlarida jamlash tizimini joriy etsin;
ikki oy muddatda tegishli funksiyalarning Byuroga oʻtkazilishini hisobga olgan holda “Suvoqova” va “Suvsoz” davlat unitar korxonalarining nazoratchi shtat birliklari qisqartirilishini taʼminlasin;
bir hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Byuro bilan birgalikda Byuro tomonidan suv isteʼmolchilaridan undiriladigan pul mablagʻlaridan Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamgʻarmasiga oʻtkaziladigan ajratmalar miqdorlarini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
2017-yil 10-dekabrga qadar muddatda Isteʼmolchilarga suv taʼminoti va suv chiqarish xizmatlari koʻrsatish qoidalariga ushbu Farmon talablarini inobatga olgan holda oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan birgalikda ilgʻor xorijiy tajribani oʻrgangan holda suvni ishlab chiqarish, yetkazib berish va taqsimlashda yoʻqotishlarni aniqlash tartibini tasdiqlasin;
2018-yil 1-yanvarga qadar muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda suvni ishlab chiqarish, yetkazib berish va taqsimlashni nazorat qilish va hisobga olishning yagona avtomatlashtirilgan tizimini yaratish hamda joriy etishni, shu jumladan suv taqsimlash tarmoqlarida hisobga olish uskunalarini oʻrnatishni nazarda tutuvchi kompleks chora-tadbirlarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
2018-yil 1-yanvarga qadar muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Ichki ishlar vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda suv taʼminoti va suv chiqarish tizimi obyektlarini muhofaza qilishni kuchaytirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
2018-yil 1-aprelga qadar muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Byuro, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda suv taʼminoti va suv chiqarish xizmatlarining barcha guruh isteʼmolchilarini inventarizatsiya qilsin, shuningdek, isteʼmolchilar haqida yagona elektron maʼlumotlar bazasini yaratish va koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovlarga tuzatishlar kiritish bilan bir vaqtda suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimi obyektlarini texnologik auditdan oʻtkazsin;
2019-yil 1-yanvarga qadar muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Byuro, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda vodoprovod-kanalizatsiya xoʻjaligi obyektlari va inshootlariga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirgan holda ularni inventarizatsiyadan oʻtkazsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
bir oy muddatda vodoprovod-kanalizatsiya xoʻjaligi tashkilotlarining rentabelligini taʼminlovchi qulay tariflarni belgilash mexanizmlarini nazarda tutgan holda Suv taʼminoti va suv chiqarish xizmatlari uchun tariflarni belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin;
2018-yil 1-yanvardan boshlab suv taʼminoti va suv chiqarish xizmatlari uchun yangilangan tariflarni joriy qilishni taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda Suv isteʼmolchilari — budjet tashkilotlarini zamonaviy suv isteʼmolini hisobga olish uskunalari bilan bosqichma-bosqich jihozlash boʻyicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi Suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda xoʻjalik-ichimlik suv taʼminotini taʼminlash uchun yer usti suvlari chiqarilishining oʻz vaqtida amalga oshirilishi ustidan nazoratni taʼminlasin.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-avgustdagi PF-5497-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.08.2018-y., 06/18/5497/1604-son)
Keyingi tahrirga qarang.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bir oy muddatda mazkur Farmon talablarini hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining tashkiliy-shtat tuzilmasi va Nizomiga oʻzgartish va qoʻshimchalar boʻyicha takliflarni kiritsin.
10. Byuro va Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi bir oy muddatda:
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining vodoprovod-kanalizatsiya xoʻjaligi tashkilotlari bilan oʻzaro hamkorlik qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom;
Isteʼmolchilarni suv quvurlari, vodoprovod va kanalizatsiya tarmoqlaridan uzib qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizom loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi Moliya vazirligining Davlat moliya nazorati bosh boshqarmasi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Markaziy bank va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda vodoprovod-kanalizatsiya xoʻjaligi tashkilotlari faoliyatini:
boshqaruv va nazorat tizimining samaradorligi, tashkiliy-shtat tuzilmasi hamda xodimlar sonining asosliligiga;
suvni ishlab chiqarish, yetkazib berish hamda xavfsizligi va sifatini taʼminlash boʻyicha amaldagi texnik reglamentlarga;
amaldagi ishlab chiqarish-texnika infratuzilmasi va quvvatlarining holatiga;
suv vodoprovod-kanalizatsiya xoʻjaligi tashkilotlarining rentabelligi, zamonaviy suv va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish darajasiga;
suv taʼminoti va suv chiqarish xizmatlari uchun narx-navoni shakllantirish va tariflarning asosliligi, oʻzaro hisob-kitoblarning holatiga;
suv taʼminoti va suv chiqarish xizmatlari koʻrsatishdan kelib tushadigan pul mablagʻlaridan maqsadli foydalanilganligiga;
dasturlar, investitsiya va boshqa loyihalarni roʻyobga chiqarish holati, amalga oshirilayotgan moliyaviy qoʻyilmalar va jalb etilayotgan, birinchi navbatda, xorijiy investitsiyalarning samaradorligiga;
kredit mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishiga;
moliya-xoʻjalik faoliyati natijalari, debitor va kreditor qarzdorlik holati, ularni kamaytirish boʻyicha koʻrilayotgan choralarga alohida eʼtibor qaratgan holda tanqidiy oʻrgansin.
Oʻrganish natijalari boʻyicha 2018-yil 10-yanvarga qadar muddatda suv taʼminoti va suv chiqarishni boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish yuzasidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga kiritsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi yosh avlodda suvga nisbatan tejamkorona munosabatda boʻlish va undan oqilona foydalanish madaniyatini shakllantirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar koʻrsin.
13. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Bosh prokuraturasi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda mazkur Farmonning mazmun-mohiyati, shu jumladan suv taʼminoti va suv chiqarish xizmatlari uchun toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlash zarurligi, shuningdek, ushbu sohadagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralari ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil etsin.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Byuro va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
15. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B. Abdullayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 16-noyabr,
PF-5241-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.11.2017-y., 06/17/5241/0266-son; 01.08.2018-y., 06/18/5497/1604-son; 27.11.2019-y., 06/19/5883/4074-son, 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son, 14.12.2019-y., 06/19/5894/4161-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.04.2025-y., 06/25/66/0348-son)