O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
To‘raqo‘rg‘on tumanida Is’hoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatni tashkil etish to‘g‘risida
Keyingi tahrirga qarang.
Vatan taraqqiyoti yo‘lidagi fidokorona hayoti ibrat namunasi bo‘lib xizmat qilayotgan ma’rifatparvar olim, sharq va g‘arb tillarining bilimdoni Is’hoqxon Ibratning nomini abadiylashtirish, uning izdoshlarini kashf etish va iste’dodlarini keng namoyon qilishlari uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Namangan viloyati hokimligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi va Madaniyat vazirligining:
Is’hoqxon Ibrat majmuasi tarkibidagi Is’hoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktabni (keyingi o‘rinlarda maktab-internat deb ataladi) hamda Is’hoqxon Ibrat muzeyini Namangan davlat universiteti tizimiga o‘tkazish;
maktab-internat huzurida Namangan davlat universiteti tomonidan 7 ta xorijiy tilni o‘rgatishga ixtisoslashgan markaz (keyingi o‘rinlarda markaz deb ataladi) tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
2017-2018 o‘quv yilida maktab-internatning 7-8-9-10 sinflariga, 2018-2019 o‘quv yilidan boshlab 7- va 10- sinfiga 20 nafardan o‘quvchilar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan chet tili va ona tili fanlaridan test sinovlari asosida qabul qilinadi;
Markazda dars mashg‘ulotlari 7 ta til bo‘yicha o‘quvchi-talabalar soni 10 nafardan oshmaydigan guruhlarda tashkil etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Namangan davlat universitetiga maktab-internatda tashkil etiladigan dars mashg‘ulotlariga O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik institutining malakali professor-o‘qituvchilarini jalb etsinlar.
Keyingi tahrirga qarang.
4. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi, Namangan viloyati hokimligi bilan birgalikda muzeyshunos olimlardan iborat ishchi komissiya tuzsin hamda Toshkent shahridagi Shahidlar xiyoboni, Qatog‘on qurbonlari xotirasi muzeyi va O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida amalga oshirilgan ishlarni, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rgansin hamda o‘rganish natijalariga asosan mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan Is’hoqxon Ibrat muzeyini jihozlash choralarini ko‘rsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda 2018-yil mart oyiga qadar Is’hoqxon Ibratning xorijiy tillarda yozgan lug‘atining yangi nashrini tayyorlash va chop etish choralarini ko‘rsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Madaniyat vazirligi bilan kelishgan holda bir oy muddatda maktab-internat, markaz o‘qituvchilari va muzey xodimlarining oylik ish haqlariga 25 foiz miqdorida qo‘shimcha ustamalar belgilasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi:
maktab-internat, markaz va muzey binolarining qurilishi 2017-yil Investitsiya dasturi doirasida to‘liq yakunlanishini ta’minlash;
2018-yilgi Investitsiya dasturiga maktab-internat o‘quvchilari uchun 100 o‘rinli o‘quvchilar turar joyi, oshxona binolarini qurish va jihozlar bilan ta’minlashni kiritish choralarini ko‘rsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ikki oy muddatda Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda YUNESKOning va Xalqaro til o‘rgatish markazlarining Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan til o‘rgatish markazlari vakolatxonalarining filiallarini Namangan viloyatida tashkil etish choralarini ko‘rsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Namangan viloyati hokimligi bilan birgalikda 2017-2018 o‘quv yilidan boshlab maktab-internat va markazni o‘quv-metodik majmualar, o‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanmalar, badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin.
Keyingi tahrirga qarang.
10. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida “Ta’lim” sohasiga ajratilgan mablag‘lar doirasida 2017-2018 o‘quv yilidan boshlab maktab-internat, markaz va muzeyning ta’minoti uchun zarur mablag‘larni nazarda tutsin.
Keyingi tahrirga qarang.
11. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida atoqli ma’rifatparvar Is’hoqxon Ibrat nomidagi yodgorlik majmuasini tashkil etish to‘g‘risida” 2017-yil 13-apreldagi 208-son qarori 2-bandining to‘rtinchi xatboshi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U. Madjidov, Xalq ta’limi vaziri U.I. Inoyatov, Namangan viloyatining hokimi X.X. Bozarov va Vazirlar Mahkamasining Ta’lim, ilm-fan va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamenti zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 5-sentabr,
698-son