Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlariga martaba darajalari berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 28-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2920]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-iyundagi PF-5086-son “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda 2017-yil 19-yanvardagi PQ-2733-son “Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlariga martaba darajalari berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin va bu haqda Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boshqarmasi Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Huquqiy targʻibot va axborot boshqarmasi mazkur idoraviy normativ-huquqiy hujjatni “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etilishini taʼminlasin.
4. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
5. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish vazirning birinchi oʻrinbosari N. Joʻrayev zimmasiga yuklansin.
Vazir R. DAVLETOV
Toshkent sh.,
2017-yil 28-avgust,
265-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2017-yil 28-avgustdagi 265-mh-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlariga martaba darajalari berish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-yanvardagi PQ-2733-sonli “Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlariga egallab turgan lavozimini hisobga olgan holda maxsus unvon — martaba darajalari (bundan buyon matnda martaba darajalari deb yuritiladi) berish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom maqsadlari uchun davlat organlari va tashkilotlari deganda davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlari tushuniladi.
2. Mazkur Nizomning attestatsiya qismi boʻyicha amal qilishi:
Oʻzbekiston Respublikasi adliya organlari va muassasalaridan ishga oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni boshqaruv xodimlariga;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yuridik xizmatlari xodimlariga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining huquqiy ekspertiza masalalari boʻyicha oʻrinbosariga hamda uning apparati yetakchi mutaxassisiga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlariga martaba darajalari ijobiy attestatsiya, malakasi va ish stajiga muvofiq, egallab turgan lavozimini, oldingi ish yoki xizmat joyida berilgan maxsus unvonlarni, shuningdek qonunchilikni mustahkamlash, aholining huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini oshirish sohasidagi xizmatlarini hisobga olgan holda izchil tartibda beriladi.
3, 2 va 1-darajali adliya maslahatchisi, shuningdek, 3, 2 va 1-darajali yurist martaba darajalari Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri tomonidan:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonining tegishli tarkibiy tuzilmasi rahbarining tavsiyanomasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi adliya organlari va muassasalaridan ishga oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonining boshqaruv xodimlariga;
Keyingi tahrirga qarang.
b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonining tegishli tarkibiy tuzilmasi rahbarining tavsiyanomasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonining yuridik xizmati rahbarlari va xodimlariga;
Keyingi tahrirga qarang.
v) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati devoni rahbarining tavsiyanomasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining yuridik xizmati rahbarlari va xodimlariga;
g) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining tavsiyanomasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining huquqiy ekspertiza masalalari boʻyicha oʻrinbosariga va uning apparati yetakchi mutaxassisiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yuridik xizmati rahbarlari va xodimlariga;
Keyingi tahrirga qarang.
d) davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining tavsiyanomalariga koʻra, shuningdek oʻz tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmati rahbarlari va xodimlariga beriladi.
3 va 2-darajali Davlat adliya maslahatchisi martaba darajalari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Adliya organlari va muassasalarida ishlagan, martaba darajasiga ega boʻlgan xodimlar davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatiga ishga qabul qilinganda muqaddam berilgan martaba darajasi saqlab qolinadi.
Davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmat xodimi sifatida ishlagan, muqaddam berilgan martaba darajasiga ega boʻlgan shaxslar adliya organlariga ishga qabul qilinganda, ularga berilgan martaba darajasi saqlab qolinadi.
2-bob. Martaba darajalari berish
5. Davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari xodimlariga martaba darajalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-yanvardagi PQ-2733-sonli qarori bilan tasdiqlangan Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlarining martaba darajalari toʻgʻrisidagi nizomga asosan egallab turgan lavozimini hisobga olgan holda beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Martaba darajalarini berish bosqichma-bosqich xodimning egallab turgan lavozimi va mehnat stajiga muvofiq, shuningdek, uning ishchanlik va shaxsiy fazilatlarini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
7. Davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari xodimlariga quyidagi lavozimlarga muvofiq martaba darajalari beriladi:
1-darajali adliya maslahatchisi — yuridik departament yoki yuridik boshqarma boshligʻi;
2-darajali adliya maslahatchisi — respublika darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining yuridik boʻlim yoki yuridik byuro boshligʻi;
3-darajali adliya maslahatchisi — respublika darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining bosh yuriskonsulti, hududiy (viloyat) darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining yuridik boʻlim yoki yuridik byuro boshligʻi;
1-darajali yurist — respublika darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining yetakchi yuriskonsulti, hududiy (viloyat) darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining bosh yuriskonsulti;
2-darajali yurist — respublika darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining katta yuriskonsulti va yuriskonsulti, hududiy (viloyat) darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining yetakchi yuriskonsulti, tuman (shahar) darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining bosh yuriskonsulti;
3-darajali yurist — hududiy (viloyat) darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining katta yuriskonsulti va yuriskonsulti, tuman (shahar) darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining yetakchi, katta yuriskonsulti va yuriskonsulti.
8. Bitta shtat birligidan iborat respublika darajasidagi davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmati xodimlariga respublika darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining boʻlim boshligʻi uchun belgilangan martaba darajasi beriladi.
Bitta shtat birligidan iborat hududiy (viloyat) darajasidagi davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmati xodimlariga hududiy (viloyat) darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining bosh yuriskonsulti uchun belgilangan martaba darajasi beriladi.
Bitta shtat birligidan iborat tuman (shahar) darajasidagi davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmati xodimlariga tuman (shahar) darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining bosh yuriskonsulti uchun belgilangan martaba darajasi beriladi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi adliya organlari va muassasalaridan ishga oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni boshqaruv xodimlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yuridik xizmatlari xodimlariga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining huquqiy ekspertiza masalalari boʻyicha oʻrinbosariga hamda uning apparati yetakchi mutaxassisiga martaba darajalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-yanvardagi PQ-2733-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlarining martaba darajalari toʻgʻrisidagi nizomda hamda mazkur Nizomda belgilangan tartibda beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Har bir martaba darajasida boʻlish muddati:
3, 2, 1-darajali yuristlar uchun — 2,5 yilni;
3, 2, 1-darajali adliya maslahatchilari uchun — 4 yilni tashkil etadi.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-yanvardagi PQ-2733-sonli qarori bilan tasdiqlangan Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlarining martaba darajalari toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri:
a) ishda alohida oʻrnak koʻrsatganligi yoki xizmat burchini namunali ijro etganligi uchun oldingi martaba darajasida xizmat qilishning belgilangan muddati tamom boʻlgunga qadar martaba darajasi berishga;
b) izchillikka rioya qilmagan holda, lekin xodim yuqori lavozimga koʻtarilayotganda ega boʻlgan martabadan ikki daraja yuqori boʻlmagan martaba darajasi berishga;
v) birinchi marta attestatsiyadan oʻtayotgan xodimlarga ular egallab turgan lavozim boʻyicha nazarda tutilganidan bir daraja past martaba darajalari berishga haqlidir.
12. Tegishli malaka boʻyicha ish tajribasiga ega boʻlmagan shaxslarga martaba darajasi lavozimga tayinlangandan keyin kamida 1 yil oʻtgach beriladi.
13. Martaba darajalarini berish uchun davlat organlari va tashkilotlari tomonidan tegishlicha Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yoki uning hududiy boshqarmalariga tavsiyanoma bilan murojaat qilinadi (xodim Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining tashabbusiga koʻra martaba darajalariga tavsiya etilgan hollar bundan mustasno). Mazkur tavsiyanomaga xodimning kasbiy faoliyati, ishchanlik va axloqiy jihatlari aks ettirilgan maʼlumot-tavsifnoma, pasporti nusxasi, mehnat daftarchasining ish joyida tasdiqlangan nusxasi yoxud undan koʻchirma yoki yuridik mutaxassislik boʻyicha ish stajini tasdiqlovchi boshqa hujjat, malaka oshirish kurslarida oʻqiganlik toʻgʻrisidagi sertifikat nusxasi (agar malaka oshirgan boʻlsa), attestatsiyadan oʻtganlik toʻgʻrisida guvohnoma nusxasi (agar attestatsiyadan oʻtgan boʻlsa), oldingi ish yoki xizmat joyida maxsus unvonlar berilganligini tasdiqlovchi hujjat (hujjatlar) nusxasi (agar maxsus unvonlar berilgan boʻlsa) ilova qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Maʼlumot-tavsifnomada xodimning amaldagi martaba darajasi (agar mavjud boʻlsa), soʻnggi ikki yil davomidagi ish sifati va koʻrsatkichlari, qonunchilikni mustahkamlash, aholining huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini oshirish borasida amalga oshirilgan ishlari, sudlardagi ishtiroki, xulqi, kasbiy-axloqiy tomonlari, mehnat faoliyati davomidagi yutuqlari va boshqa muhim masalalar koʻrsatiladi.
Maʼlumot-tavsifnoma tavsiyanoma bergan shaxs tomonidan imzolangan boʻlishi kerak.
14. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining tashabbusiga koʻra yuridik xizmat xodimi martaba darajasiga tavsiya etilganda, maʼlumot-tavsifnoma Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Yuridik xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtirish va metodik taʼminlash boshqarmasi tomonidan tayyorlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Martaba darajalariga tavsiya etilgan nomzodlar Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining buyrugʻiga asosan tuziladigan Yuridik xizmat xodimlarini martaba darajalari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazish komissiyasi tomonidan attestatsiyadan oʻtkaziladi.
16. Yuridik xizmat xodimlarini martaba darajalari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazish komissiyasi adliya vaziriga davlat organlari va tashkilotlari tomonidan tavsiya etilgan martaba darajasidan yuqori yoki past martaba darajasi berish taklifi bilan chiqishi mumkin.
17. Yuridik xizmat xodimlariga martaba darajalarini berish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Yuridik xizmatlarning faoliyatini muvofiqlashtirish va metodik taʼminlash boshqarmasi tomonidan mazkur buyruq asosida davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmatlarining maʼlumotlari bazasiga tegishli yozuv kiritiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
18. Martaba darajasi berish haqidagi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri buyrugʻi tegishli davlat organlari va tashkilotlariga yuboriladi. Mazkur buyruq nusxasi yuridik xizmat xodimining shaxsiy jildiga tikib qoʻyilishi lozim.
19. Davlat organlari va tashkilotlarining kadrlar sohasiga masʼul tarkibiy boʻlinmalari tomonidan yuridik xizmat xodimlarining martaba darajalari har chorakda kamida bir marta xatlovdan oʻtkazilishi, belgilangan muddatlarda xodimni navbatdagi martaba darajasiga tavsiya etish uchun rahbarga axborot taqdim etib borilishi kerak.
Martaba darajalariga tavsiya etish haqidagi hujjatlar oyning 15-sanasiga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga yuboriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
20. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Yuridik xizmatlarning faoliyatini muvofiqlashtirish va metodik taʼminlash boshqarmasi davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmatlari xodimlarini martaba darajalariga tavsiya etish borasidagi ishlarni muntazam ravishda tahlil qilib boradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Tahlil natijalari boʻyicha yuridik xizmatlar xodimlarini martaba darajasiga tavsiya etish masalasini koʻrib chiqish uchun davlat organlari va tashkilotlariga murojaat qilinishi mumkin.
3-bob. Yakuniy qoidalar
21. Yuridik xizmat xodimlarini oʻz vaqtida va muddatida, shuningdek muddatidan ilgari martaba darajalariga tavsiya etish yuzasidan ishlarning toʻgʻri yoʻlga qoʻyilishi borasida masʼuliyat shaxsan davlat organlari va tashkilotlarining rahbarlari zimmasiga yuklatiladi.
22. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 35-son, 934-modda, Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.12.2017-y., 10/17/2920-1/0441-son, 13.02.2018-y., 10/18/2920-2/0694-son, 09.03.2018-y., 10/18/2920-3/0876-son; 26.02.2019-y., 10/19/2920-4/2681-son; 11.11.2019-y., 10/19/2920-5/4012-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 03.11.2023-y., 10/23/3469/0824-son; 26.05.2025-y., 10/25/2920-6/0467-son)