Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
BANK TIZIMI FAOLIYATI ASOSIY KOʻRSATKICHLARI USTIDAN MONITORING OʻRNATISH TOʻGʻRISIDA
[Koʻchirma]
Bank sohasida iqtisodiy islohotlarni faollashtirish, tijorat banklarini sarmoyalashtirish darajasini oshirish, bank tizimi faoliyati koʻrsatkichlari ustidan monitoringni amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan xalqaro standartlarga muvofiq har bir bank uchun majburiy boʻlgan iqtisodiy koʻrsatkichlar tizimini belgilovchi normativ hujjatlar hamda tijorat banklari reytingini baholash tamoyillari ishlab chiqilganligi va tasdiqlaganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining tijorat banklari faoliyatining 1-ilovaga muvofiq roʻyxat boʻyicha asosiy koʻrsatkichlari ustidan monitoring oʻrnatish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
“Axbor Reyting” kompaniyasiga, boshqa reyting agentliklariga banklar reytingini baholashda 1-ilovada keltirib oʻtilgan iqtisodiy koʻrsatkichlar oʻzgarishini hisobga olish tavsiya etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Moliya vazirligi hamda Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi har bir tijorat banki faoliyati va umuman bank tizimi asosiy iqtisodiy koʻrsatkichlarini har oyda tahlil qilsinlar, tahlil natijalari boʻyicha ularni yaxshilash chora-tadbirlarini koʻrsinlar.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Tijorat banklari Kengashlariga va Boshqaruvlariga:
banklar faoliyati iqtisodiy koʻrsatkichlarini yaxshilash boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrish, bunda aholi mablagʻlarini jalb etishga, aktivlarning sifat jihatidan oʻsishini taʼminlashga, iqtisodiyotning real sektoriga kredit qoʻyilmalarni, shu jumladan, xorijiy valyutadagi qoʻyilmalarni koʻpaytirishga, shuningdek, banklarning resurs bazalarini kengaytirishga alohida eʼtibor berish;
xususiy va xorijiy sarmoya investitsiyalari tarzidagi qoʻshimcha resurslarni jalb etish maqsadida, banklarning majburiyatlar va aktivlar boʻyicha foiz stavkalari darajasining maqbul tarkibi hisobiga dividendlarning banklar aksiyadorlarini jalb etuvchi miqdorini taʼminlash yoʻli bilan banklarning foyda olish darajasini oshirish yuzasidan kompleks tadbirlar ishlab chiqish tavsiya etilsin.
4. Oʻzbekiston banklar uyushmasi tijorat banklari bilan birgalikda respublikada tijorat banklarini potensial qarz oluvchilarning kredit tarixi toʻgʻrisidagi axborotlar bilan taʼminlash tizimini (kredit-axborot byurosini) tashkil etish boʻyicha joriy yil oxirigacha taklif kiritsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari B.S. Hamidov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 6-iyul,
258-son
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 6-iyuldagi 258-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Tijorat banklari faoliyati monitoringi uchun asosiy koʻrsatkichlar
ROʻYXATI
BANK SARMOYASI
1. Bankning jami sarmoyasi, hammasi
— bank tizimining jami sarmoyasida bank sarmoyasining salmogʻi
2. Zaxira sarmoya
AKTIV OPERATSIYALAR
3. Bank aktivlari summasi, hammasi
4. Kredit qoʻyilmalar, hammasi
5. Oʻz resurslari va jalb etilgan resurslar hisobiga iqtisodiyotning real sektoriga kredit qoʻyilmalar, hammasi
shu jumladan:
— yuridik shaxslarga kreditlar
— jismoniy shaxslarga kreditlar
6. Kredit qoʻyilmalarning umumiy aktivlarga nisbati
7. Bir yildan ortiq muddatga berilgan kreditlar
— kreditlarning umumiy miqdorida bir yildan ortiq muddatga berilgan kreditlar salmogʻi
8. Xorijiy valyutada berilgan kreditlar, hammasi
shu jumladan:
— qiska muddatli kreditlar
— oʻrtacha muddatli kreditlar
— uzoq muddatli kreditlar
9. Kreditlarning umumiy miqdorida qayta moliyalanadigan xorijiy kreditlar salmogʻi
10. Bankning oʻz sarmoyasi investitsiyalari, hammasi
11. Qarz bilan bogʻliq qimmatli qogʻozlarga qoʻyilmalar
JALB QILINGAN MABLAGʻLAR VA MAJBURIYATLAR
12. Tijorat banklari resurslari
13. Jalb qilingan depozitlar hajmi
14. Aholining tijorat banklaridagi mablagʻlari
shu jumladan:
— aholining muddatli omonatlari;
ulardan 1 yildan ortiq muddatga quyilgan omonatlar:
— jamgʻarma depozitlari;
— talab qilib olinadigan depozitlar
15. Tijorat banklari resurslarida aholi mablagʻlari salmogʻi
16. Aholining tijorat banklaridagi mablagʻlari umumiy miqdorida aholining muddatli va jamgʻarma omonatlari salmogʻi
17. Bank tomonidan chiqarilgan qimmatli qogʻozlar
BOSHQA KOʻRSATKICHLAR
18. Joriy likvidlik koeffitsiyenti
19. Bank foydasi
20. Bank reytingi:
— ichki
— xalqaro