Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisida
Respublikamiz oʻrmon resurslarining boy salohiyatidan toʻla-toʻkis va oqilona foydalanishni taʼminlash, oʻrmon xoʻjaligi boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish, oʻrmon fondi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish, sohaga ilgʻor ilmiy-texnika yutuqlarini joriy etish, oʻrmon xoʻjaliklarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va modernizatsiya qilish, shuningdek, xorijiy investitsiyalarni yanada faol jalb etish va ekologik turizmni rivojlantirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi negizida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda boʻlinmalariga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tashkil qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qishloq va suv xoʻjaligi, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalari kompleksi tarkibiga kiradi.
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-fevraldagi PF-5329-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.03.2018-y., 06/18/5329/0846-son)
2. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
oʻrmon boyliklarini har tomonlama kengaytirish va ulardan oqilona foydalanishga qaratilgan oʻrmon xoʻjaligi sohasida yagona davlat siyosatini yuritish;
oʻrmon toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish va ularga rioya etilishini amaliy nazorat qilish;
oʻrmon fondi va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni samarali boshqarishni tashkil etish, oʻrmon barpo etish, ularni qayta tiklash, qoʻriqlash, muhofaza qilish, oʻrmonlardan oqilona va tejamli foydalanish;
respublikamizda oʻrmonlarni tiklash va ihota oʻrmonlarini koʻpaytirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, togʻ yonbagʻirlari, jarliklar va tashlandiq yerlarda eroziyaga qarshi daraxtzorlar barpo etish ishlari bajarilishini tashkil qilish;
oʻrmon fondini, fauna va florasini oʻrganish hamda ularning qatʼiy hisobini yuritish, oʻrmon xoʻjaligini yuritish amaliyotiga fan yutuqlari va ilgʻor tajribani joriy etish;
oʻrmonlarni yongʻinlardan, zararkunanda va kasalliklardan, noqonuniy daraxt kesishdan va boshqa oʻrmon qonunchiligi buzilishlaridan muhofaza qilish;
manzarali oʻsimliklar koʻchatlari va urugʻlarini sertifikatlash va standartlashtirishning yagona tizimini ishlab chiqish hamda joriy qilishni tashkil etish;
oʻrmon xoʻjaliklarida bir-biriga bogʻliq boʻlgan xoʻjalik faoliyatini kengaytirish va rivojlantirish, koʻchat yetishtirish, dorivor oʻsimliklar toʻplash, asalarichilik, baliqchilik, chorvachilik mahsulotlarini yetishtirish hamda ularni chuqur qayta ishlash, xalq isteʼmoli tovarlari ishlab chiqarishni tashkil etish;
tarmoqqa xalqaro moliya institutlari grantlarini jalb etish va ekologik turizmni keng koʻlamda rivojlantirish;
oʻrmon xoʻjaligi sohasida oʻrta maxsus va oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasining huquqlari va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir;
Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi raisi va uning oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tasdiqlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tarkibida quyidagilar:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi boshqarmasi negizida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi qoʻmitasi;
Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent va Fargʻona viloyatlari Oʻrmon xoʻjaligi boshqarmalari tashkil etilsin.
Belgilansinki, Andijon, Sirdaryo va Xorazm davlat oʻrmon xoʻjaliklari bevosita Oʻzbekiston Respublikasi oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasiga idoraviy boʻysunadi.
Belgilab qoʻyilsinki:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi qoʻmitasi va viloyatlar oʻrmon xoʻjaligi boshqarmalari Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasiga va tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklariga hisobot beradi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi qoʻmitasining raisi Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi;
viloyatlar oʻrmon xoʻjaligi boshqarmalarining boshliqlari, shuningdek, Andijon, Sirdaryo va Xorazm davlat oʻrmon xoʻjaliklari boshliqlari viloyat hokimlarining taqdimnomasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
5. Manzarali bogʻdorchilik va oʻrmon xoʻjaligi respublika ilmiy-ishlab chiqarish markazi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tizimida Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilsin.
Quyidagilar Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot institutining asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
ichki va tashqi bozorlar ehtiyojini tizimli oʻrganish asosida respublikada manzarali bogʻdorchilikni rivojlantirishning yagona strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish;
manzarali, mevali daraxtlar va buta koʻchatlari yetishtirish, dorivor oʻsimliklar plantatsiyalarini yaratish, togʻ yonbagʻirlarida, choʻl va lalmi yerlarda yetishtiriladigan, qurgʻoqchilikka, kasallik va zararkunandalarga chidamli boʻlgan oʻsimliklar seleksiyasi va urugʻchiligi boʻyicha ilmiy-tadqiqotlar olib borish;
oʻrmon fondi yerlarining ekologik holatini yaxshilash, oʻrmonlarni kengaytirish va qayta tiklash, choʻlga aylanishining oldini olish, ihota oʻrmonlari barpo etish boʻyicha samarali innovatsion usullarni ishlab chiqish;
manzarali oʻsimliklar koʻchatlari yetishtirishning ilmiy asoslarini hamda istiqbolli texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish;
mintaqalarning tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda qurgʻoqchilikka, zararkunanda va kasalliklarga chidamli oʻsimliklar turlarini tanlash, manzarali oʻsimliklarni rayonlashtirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish;
eroziyaga qarshi daraxtzorlar barpo etishning ilmiy asoslangan texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish;
import oʻrnini bosadigan dorivor oʻsimliklar urugʻlari, shuningdek, manzarali, mevali daraxt va buta koʻchatlari yetishtirishni tashkil etish;
manzarali oʻsimliklar koʻchatlarini sertifikatlash va standartlashtirishning yagona tizimini ishlab chiqish va joriy etishni tashkil qilish.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda oʻrnatilgan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi qarori loyihasini kiritsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat oʻrmon qoʻmitasini Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasiga aylantirish toʻgʻrisida” 2000-yil 7-fevraldagi PF-2536-son Farmoni oʻz kuchini yoʻqotgan, deb hisoblansin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi Adliya vazirligi hamda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi V.A. Golishev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 11-may,
PF-5041-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 20-son, 353-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.03.2018-y., 06/18/5329/0846-son)