05.08.2016 yildagi 513-III-son
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vaziri B. Ahmedovning “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining ijrosi haqida”gi axborotini eshitib, shuni ta’kidlaydiki, O‘zbekistonda madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish borasida izchil ishlar olib borilmoqda. Ushbu sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilab olingan va amalga oshirilmoqda, bunda madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasini takomillashtirishga, ularni qayta tiklash va restavratsiya qilishga, madaniy meros obyektlarini imkon qadar ilk ko‘rinishida saqlab qolishni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida”gi, “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi, “Arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi, “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi, “Muzeylar to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilingan bo‘lib, ular madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishning ishonchli huquqiy asoslari bo‘lib xizmat qilmoqda. Shuningdek Umumjahon madaniy va tabiiy merosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiya (Parij, 1972-yil 16-noyabr), Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya (Parij, 2003-yil 17-oktabr), Madaniy boyliklarning noqonuniy olib kirilishi, olib chiqilishi hamda ularga bo‘lgan mulk huquqini boshqaga o‘tkazishni taqiqlash va uning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi konvensiya (Parij, 1970-yil 14-noyabr) ratifikatsiya qilindi.
Shu bilan birga, “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining ijro etilishi holatini o‘rganish hamda ushbu masala yuzasidan o‘tkazilgan nazorat-tahlil tadbirlarining natijalari shuni ko‘rsatadiki, madaniy meros obyektlarini inventarizatsiyadan o‘tkazish, pasportlarini tayyorlash, ularning chegaralarini belgilash, ularni muhofaza qilish, restavratsiya qilish, o‘rganish va tarqib qilish masalalarida kamchiliklar hamda muammolar mavjud.
“Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining bir qator qoidalari va normalarini, shuningdek boshqa qonun hujjatlarining madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishga doir qismini yanada takomillashtirish zarurati mavjud.