O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
MIRZO ULUG‘BEK NOMIDAGI O‘ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI PROFESSOR-O‘QITUVCHILARI TARKIBI, FAOLIYATINI VA TALABALARINI RAG‘BATLANTIRISHGA DOIR QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent Davlat universitetiga “O‘zbekiston Milliy universiteti maqomini berish to‘g‘risida” 2000-yil 28-yanvardagi PF-2532-son Farmonini bajarish yuzasidan hamda mamlakatda ta’lim tizimini rivojlantirishda va kadrlar tayyorlashda uning rolini oshirish, shuningdek O‘zbekiston Milliy universiteti professorlari, o‘qituvchilari faoliyatini va talabalarini rag‘batlantirish tizimini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2000-yil 1-iyundan boshlab O‘zbekiston Milliy universitetining o‘qituvchilari, katta o‘qituvchilari, dotsentlari, professorlari, fakultetlarning dekanlari va kafedra mudirlariga lavozim maoshining 15 foizi miqdoridagi oylik ustama belgilansin, ustama Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga to‘lanadi.
2. O‘zbekiston Milliy universiteti huzurida Rivojlantirish hamda professor-o‘qituvchilar tarkibini va talabalarni moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi tuzilsin.
Quyidagilar Jamg‘armani shakllantirish manbalari etib belgilansin:
Oldingi tahrirga qarang.
universitetning talabalari va tayanch doktorantlarni pulli-kontrakt asosida o‘qitishdan oladigan daromadlari;
(2-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-noyabrdagi 898-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.11.2017-y., 09/17/898/0234-son)
O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlari bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar, xalqaro tashkilotlar, vasiylarning xayriya mablag‘lari va boshqa notijorat manbalar;
universitet bo‘linmalari va tuzilmalari faoliyati ixtisosi bo‘yicha tovarlar ishlab chiqarish va sotishdan (ishlarni bajarish, xizmatlar ko‘rsatishdan) olingan daromadlar;
Oldingi tahrirga qarang.
amaldagi qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa tushumlar.
(2-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
3. Belgilansinki, O‘zbekiston Milliy universitetining Rivojlantirish hamda professor-o‘qituvchilar tarkibini va talabalarni moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi mablag‘lari quyidagi maqsadlarga sarflanadi:
tegishli ravishda o‘qishda va o‘qituvchilik faoliyatidagi muvaffaqiyatlari uchun talabalar va o‘qituvchilarni qo‘shimcha ravishda moddiy rag‘batlantirish;
ehtiyojmand talabalar va o‘qituvchilarni moddiy qo‘llab-quvvatlash;
Oldingi tahrirga qarang.
yotoqxonalarda yashayotgan talabalar va tayanch doktorantlarning uy-joy-maishiy sharoitlarini yaxshilash;
(3-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-noyabrdagi 898-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.11.2017-y., 09/17/898/0234-son)
ehtiyojmand o‘qituvchilar va professorlarni uy-joy bilan ta’minlash;
universitet jamoasida o‘tkaziladigan ma’rifiy, ma’naviy va madaniy tadbirlarni mablag‘ bilan ta’minlash;
o‘qituvchilar va talabalarni sport jihatdan rivojlantirish hamda sog‘lomlashtirishga doir kompleks tadbirlarni amalga oshirish;
universitetning kutubxona fondini yangilash va kengaytirish;
universitet o‘quv bo‘linmalarining moddiy-texnika bazasini yaxshilash.
4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi O‘zbekiston Milliy universiteti, manfaatdor korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalar, kompaniyalar va korxonalar, tijorat banklari ishtirokida O‘zbekiston Milliy universitetining Vasiylik kengashini bir oy muddatda tashkil etsin, quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:
Rivojlantirish hamda professor-o‘qituvchilar tarkibini va talabalarni moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasini to‘ldirish uchun homiylar, vasiylarning mablag‘larini, grantlar va boshqa manbalarni jalb qilish;
ijtimoiy adolat prinsiplariga rioya qilgan holda Jamg‘arma mablag‘lariga bo‘lgan ehtiyojni, uning nisbatlarini va ularni taqsimlash mexanizmini belgilash;
Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli va aniq foydalanilishi ustidan nazoratni ta’minlash.
5. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Milliy universiteti:
O‘zbekiston Milliy universitetining Rivojlantirish hamda professor-o‘qituvchilar tarkibini va talabalarni moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi Nizomni;
O‘zbekiston Milliy universitetining Vasiylik Kengashi to‘g‘risidagi Nizomni ikki hafta muddatda ishlab chiqsin hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda belgilangan tartibda tasdiqlasin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari B.S. Hamidov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari H.S. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 19-may,
196-son