Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING TAShQI IQTISODIY ALOQALAR VA XORIJIY INVESTITSIYaLAR DEPARTAMENTINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-fevraldagi 107-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Eksport salohiyatini kengaytirish, xalqaro moliya va iqtisodiy tashkilotlar bilan aloqalarni mustahkamlash, respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini va dasturlarini amalga oshirish uchun xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish boʻyicha ishlarni tashkil etishni yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati tuzilmasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Tashqi iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish departamenti hamda Investitsiya dasturlari departamenti negizida Tashqi iqtisodiy aloqalar va xorijiy investitsiyalar departamenti tashkil etilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Quyidagilar Tashqi iqtisodiy aloqalar va xorijiy investitsiyalar departamentining asosiy vazifalari etib belgilansin:
vazirliklar, idoralar va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy boshqaruv organlarining respublikaning eksport salohiyatini rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish;
jahon tovar bozorlarining kompleks marketing tadqiqotlarini oʻtkazish va eksport tarkibini takomillashtirish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish;
tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksportining har yilgi prognozlarini shakllantirish va ularning bajarilishini nazorat qilish. Eksport mahsulotlari miqdorini koʻpaytirish va turlarini kengaytirish potensial imkoniyatlarini tahlil qilish hamda chora-tadbirlarini amalga oshirish;
xomashyo, materiallar va butlovchi buyumlar ayrim turlari importining oʻrnini qoplash tarmoq dasturlarini shakllantirishga doir ishlarni tashkil etish;
ishlab chiqarishlarni mahalliylashtirish dasturlarini shakllantirish ishlarini muvofiqlashtirish va ularni amalga oshirish monitoringini olib borish;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro moliya va iqtisodiyot tashkilotlari bilan aloqalarini rivojlantirish va mustahkamlash boʻyicha hamkorlik strategiyasini ishlab chiqishda qatnashish va chora-tadbirlarni amalga oshirish;
xalqaro moliya va iqtisodiyot tashkilotlarining uzoq muddatli imtiyozli kreditlari va grantlarini mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari va dasturlarini amalga oshirish uchun jalb etish ishlarini tashkil qilish;
texnikaviy koʻmaklashish vositalarini jalb etish hamda Oʻzbekiston Respublikasining donor mamlakatlar bilan moliyaviy va texnikaviy hamkorligi dasturlari monitoringini olib borish;
tashqi iqtisodiy faoliyatning qonunchilik va normativ bazasini takomillashtirish, qulay investitsiya muhitini shakllantirish hamda xorijiy kreditlar va bevosita xorijiy investitsiyalarni respublika iqtisodiyotiga keng jalb etish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish ishlarini muvofiqlashtirish;
vazirliklar, idoralar va barcha darajalardagi mahalliy boshqaruv organlariga xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar tashkil etish va ularning faoliyatini yoʻlga qoʻyishda koʻmaklashish;
investitsiya dasturiga kiritiladigan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar loyihalari roʻyxatini shakllantirish va mazkur loyihalarning amalga oshirilishi ustidan davlat monitoringini tashkil etish. Vazirlar Mahkamasi Komplekslari kotibiyatlari va Departamentlari bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi hukumati kafolati ostida amalga oshiriladigan eng yirik va strategik jihatdan muhim investitsiya loyihalarining texnik-iqtisodiy asoslanishlarini, mablagʻ bilan taʼminlash sxemalarini koʻrib chiqish va ekspertizadan oʻtkazilishini tashkil etish;
MDH mamlakatlari bilan ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik shartnomalari va bitimlarini tayyorlash hamda ularning amalga oshirilishini nazorat qilish ishlarini muvofiqlashtirish.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Tashqi iqtisodiy aloqalar va xorijiy investitsiyalar departamenti boshligʻi maqomiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi vazirining birinchi oʻrinbosariga, guruhlar rahbarlari vazir oʻrinbosariga tenglashtirilsin.
(3-bandning birinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 10-oktabrdagi 364-sonli qarori bilan chiqarilgan — OʻR QHT, 2002-y., 20-son, 158-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
4. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari majburiy tartibda:
tashqi iqtisodiy va investitsiya faoliyati masalalariga taalluqli normativ hujjatlar loyihalarini Tashqi iqtisodiy aloqalar va xorijiy investitsiyalar departamenti bilan kelishib oladilar;
moliyaviy va texnikaviy yordam koʻrsatish toʻgʻrisida xalqaro tashkilotlardan va ixtisoslashgan xorijiy agentliklardan soʻrovlarni faqat Tashqi iqtisodiy aloqalar va xorijiy investitsiyalar departamenti orqali amalga oshiradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Tashqi iqtisodiy aloqalar va xorijiy investitsiyalar departamenti:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, Hukumatning boshqa qarorlari majburiy tartibda joʻnatiladigan tashkilotlar roʻyxatiga;
Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Markaziy banki va boshqa idoralarining statistik axborotnomalari majburiy tartibda joʻnatiladigan reyestrga kiritilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ. T. Sultonov oʻn kun muddatda Tashqi iqtisodiy aloqalar va xorijiy investitsiyalar departamenti guruhlari toʻgʻrisidagi Nizomni, guruhlar rahbarlari va mutaxassislari funksional vazifalari taqsimotini tasdiqlasin, shuningdek guruhlarni malakali kadrlar bilan taʼminlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T.Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 5-mart,
112-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 10-oktabrdagi 364-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2002-y., 20-son, 158-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 10-oktabrdagi 364-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2002-y., 20-son, 158-modda)
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUKUMATINING OʻZ KUChINI YOʻQOTGAN QARORLARI ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Tashqi iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish departamenti toʻgʻrisida” 1995-yil 4-iyuldagi 254-son qarori;
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Investitsiya dasturlari departamentini tashkil etish toʻgʻrisida” 1997-yil 27-dekabrdagi 572-son qarori;
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Tashqi iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish departamenti toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida” 1999-yil 8-fevraldagi 55-son qarori;
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 1999-yil 17-iyundagi 304-son qaroriga ilovaning Tashqi iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish departamenti hamda Investitsiya dasturlari departamentiga oid qismi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2001-y., 5-son, 25-modda; 2002-y., 20-son, 158-modda; 2005-y., 8-9-son, 67-modda; 32-33-son, 248-modda; 2009-y., 52-son, 574-modda; 2012-y., 8-9-son, 82-modda)