O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni va u haqda tuzilgan bitimlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 40-bandiga qo‘shimchalar kiritish haqida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-dekabrdagi 1060-sonli “Ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xususiy mulkning iqtisodiyotdagi ulushi va ahamiyatini ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2015-yil 28-apreldagi PQ-2340-son qaroriga muvofiq, shuningdek mulkning ayrim turlariga mulk huquqini rasmiylashtirish masalalarini tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 7-yanvardagi 1-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2014-y., 1-son, 1-modda) bilan tasdiqlangan Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni va u haqda tuzilgan bitimlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 40-bandiga quyidagi mazmundagi ikkinchi — to‘rtinchi xatboshilar qo‘shilsin:
“Korxonaga bo‘lgan mulk huquqini tasdiqlovchi order asosida mazkur xususiylashtirilgan korxonaning quyidagi ko‘chmas mulkka bo‘lgan mulk huquqi (qonunga muvofiq xususiylashtirilmaydigan obyektlar bundan mustasno) davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi:
xususiylashtirilgan korxonalardagi davlat mulkini xususiylashtirishda aniqlanmagan ko‘chmas mulk;
xususiylashtirishda tasarruf etish huquqisiz foydalanishga berilgan, korxona hududida joylashgan ko‘chmas mulk”.
2. Vazirliklar va idoralar o‘zlarining normativ-huquqiy hujjatlarini bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — Moliya vaziri R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 11-yanvar,
6-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2016-y., 2-son, 13-modda)