O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING DAVLAT BOJXONA QO‘MITASINI TAShKIL ETISh TO‘G‘RISIDA
Ushbu Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1994-yil 18-yanvardagi PF-744-son “O‘zbekiston Respublikasining Davlat soliq bosh boshqarmasini O‘zbekiston Respublikasining Davlat soliq qo‘mitasiga aylantirish to‘g‘risida”gi Farmoni bilan o‘z kuchini yo‘qotdi.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, “O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligining asoslari to‘g‘risida”gi Qonunga, MDH davlatlarining boj siyosati prinsiplari to‘g‘risida 1992-yil 13-martdagi Bitimga muvofiq hamda yagona davlat boj siyosatini o‘tkazish, respublikani iqtisodiy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash, narkotik moddalar, qurol-yarog‘, o‘q-dori, portlovchi moddalar kontrabandasiga qarshi kurash samaradorligini oshirish, shuningdek taqiqlangan buyumlarning qonunga xilof ravishda olib kelinishi hamda moddiy va madaniy boyliklar olib chiqib ketilishini oldini olish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi tovar-moddiy boyliklar olib chiqib ketilishi ustidan nazorat qiluvchi Davlat inspeksiyasining Bosh boshqarmasi negizida O‘zbekiston Respublikasining Davlat Bojxona qo‘mitasi tashkil etilib, u bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysundirilsin.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasida, viloyatlarda va Toshkent shahrida Davlat bojxona qo‘mitasining boshqarmalari tashkil etilsin va u bevosita O‘zbekiston Respublikasining Davlat bojxona qo‘mitasiga bo‘ysundirilsin.
3. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasining Davlat bojxona qo‘mitasi va uning joylardagi bo‘linmalari o‘zlarining amaliy faoliyati xalqaro huquq me’yorlariga, O‘zbekiston Respublikasining boshqa davlatlar bilan tuzgan bitimlariga, O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga amal qiladilar.
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat ekanligi belgilab qo‘yilsin:
berilgan huquqlar doirasida respublikaning iqtisodiy xavfsizligini puxta ta’minlash, boshqa davlatlar bilan savdo va valyuta-moliya munosabatlarining bojga oid ishlarini tartibga solish tizimini takomillashtirish, O‘zbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy aloqalarini rivojlantirishga ko‘maklashish;
O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartib miqdorda boj yig‘imlari, poshlinalar, soliqlar va boshqa to‘lovlarni respublika budjetiga o‘z vaqtida o‘tkazish;
bojxona ishlari masalalari bo‘yicha respublikaning xalqaro hamkorlikda qatnashuvini ta’minlash, bojxona xizmati tarmoqlarini rivojlantirish va uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, O‘zbekiston Respublikasining bojxona statistikasini shakllantirish va yuritish;
respublikaning ichki bozorini muhofaza qilish, xomashyo, materiallar, mahsulot, qimmatbaho buyumlar va tovarlar, shuningdek madaniy va tarixiy meros buyumlari, ma’naviy mulk obyektlari g‘ayriqonuniy ravishda olib chiqib ketilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
kontrabandaga va bojxona qoidalari buzilishiga qarshi kurash, narkotik moddalar, ruhiyatga salbiy ta’sir qiluvchi va portlovchi moddalar, qurollar qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lishiga chek qo‘yish;
O‘zbekiston Respublikasining bojxonaga oid qonunida belgilanadigan boshqa vazifalar.
5. O‘zbekiston Respublikasining Davlat bojxona qo‘mitasi quyidagi huquqlarga ega:
— O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq tovar-moddiy boyliklarni olib kelish hamda ularni olib chiqib ketishga doir bojxona qoidalarini har qanday buzish hollariga chek qo‘yish, kontrabanda buyumlarini boshqa moddiy boyliklarni musodara qilish;
— respublika Moliya vazirligi bilan birgalikda savdoga daxldor bo‘lmagan muomalada O‘zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqib ketiladigan va unga olib kelinadigan buyumlarga boj poshlinalari miqdorlariga o‘zgartishlar kiritish;
— Moliya vazirligi va Markaziy bank bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqib ketiladigan valyutaning cheklangan me’yorini ko‘rib chiqish;
— O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududiga buyumlarni olib kelish hamda shu hududga vaqtincha olib kelingan buyumlarni olib chiqib ketish yuzasidan belgilangan muddatni uzaytirish;
— O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan (mulkchilik shaklidan, qaysi idoraga qarashli bo‘lishidan qat’i nazar), vazirliklardan, idoralardan, tashkilotlardan, mahalliy hokimiyat organlaridan, tashqi iqtisodiy faoliyatni qatnashchilaridan tashqi iqtisodiy faoliyatni boj-tarif nuqtai nazaridan tartibga solish vazifalarini hal qilish, yuklar va mol-mulkni bir joydan ikkinchi joyga olib borishda qonuniylikni belgilash, shuningdek tegishli boj to‘lovlari va yig‘imlarini respublika budjetiga to‘lash uchun buxgalteriya ma’lumotlari, hisobotlar, ma’lumotnomalar hamda boshqa materiallarni olish;
— respublika hududida ro‘yxatga olingan tashqi iqtisodiy aloqalarning qatnashchilarini ular O‘zbekiston Respublikasining bojga oid qonunlariga qanday rioya etayotganliklarini tekshirib turish;
— bojxona ishi masalalari bo‘yicha MDH mamlakatlari hamda ajnabiy davlatlarning bojxona xizmatlari bilan hamkorlik qilish, respublika Hukumatining topshirig‘iga binoan bojga oid bitimlar va shartnomalarni imzolash.
6. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining amaldagi qonunlarga muvofiq qabul qilgan qarorlarini barcha korxonalar, tashkilotlar, muassasalar, mansabdor shaxslar va fuqarolar bajarishga majburdirlar.
7. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining xodimlari o‘q otish qurolini, maxsus vositalar hamda yakka himoya vositalarini saqlash va olib yurish huquqiga va zarur hollarda ichki ishlar organlarining xodimlari uchun belgilangan qoidalarga muvofiq ularni qo‘llanish huquqiga egadirlar.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi tizimining xodimlari uchun maxsus kiyim-bosh joriy etilsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xodimlari uchun belgilangan barcha huquqlar va imtiyozlar, xizmatni o‘tash, jumladan maxsus va shaxsiy unvonlar berish, mansab maoshlariga va ko‘p yillik xizmatiga ustama haq to‘lash tartibi va shartlari Davlat bojxona qo‘mitasining xodimlariga tadbiq etiladi.
9. Bojxona qo‘mitasining hamda tovar-moddiy boyliklar olib chiqib ketilishi ustidan nazorat qiluvchi Davlat inspeksiyasi Bosh boshqarmasining va ularga qarashli hududiy organlarning balansida bo‘lgan binolar, inshootlar, texnika, qurollar, avtotransport, aloqa vositalari va boshqa mol-mulk O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining tasarrufiga bepul topshirilsin.
10. Moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, ijtimoiy dasturlarni ta’minlash va bojxona xizmatlarining xodimlariga moddiy yordam berish uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining maxsus jamg‘armasi tashkil etilsin.
Belgilab qo‘yilsinki, ushbu jamg‘armaga asosli va qonuniy ravishda musodara qilingan tovar-moddiy boyliklar to‘la sotilib, budjetga tegishli to‘lovlar o‘tkazilgan taqdirda shulardan tushgan mablag‘ning 20 foizi, shuningdek savdoga daxldor bo‘lmagan muomalada boj yig‘imlari, poshlinalar tarzida, kontrabanda buyumlarini sotishda xizmat ko‘rsatishdan olinadigan rejadan tashqari daromadlar hisobiga tashkil qilinadi.
11. O‘zbekiston Respublikasining bojga oid qonuni qabul qilingunga qadar “O‘zbekiston Respublikasida tashqi iqtisodiy faoliyatni rag‘batlantirish, chet el investitsiyalarini jalb etish va himoya qilish choralari to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 24-iyundagi Farmoni, shuningdek SSSR Bojxona kodeksining va “Boj tarifi to‘g‘risida” SSSR qonunining ushbu Farmonga va O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga zid bo‘lmagan qoidalariga amal qilinsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Bojxona komitetini tashkil etish to‘g‘risida” 1991-yil 25-oktabrda chiqargan Farmoni o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi 15 kun muddat ichida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining faoliyatini tashkil etish yuzasidan qaror qabul qilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 10-avgust,
PF-451-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 10-son, 407-modda; 1993-y., 7-son, 285-modda; 1994-y., 1-son, 40-modda)