Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni muhofazalash sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi
Bitim
Keyingi oʻrinda “Ishtirokchi-davlatlar” deb ataluvchi ushbu Bitim ishtirokchi-davlatlari,
Inson huquqlari deklaratsiyasi, 1991-yil 8-dekabrdagi Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligini tuzish toʻgʻrisidagi Bitim, 191 yil 21-dekabrdagi Olma-Ota deklaratsiyasi, 1992-yil 6-iyuldagi Sobiq SSR ittifoqining oʻzaro manfaatlarni ifodalovchi shartnomalariga nisbatan huquqiy vorislik masalasida anglashuv Memorandumi tamoyillari va meʼyorlaridan kelib chiqib,
Hozirda mualliflik huquqining milliy madaniy salohiyatni shakllantirishda, xalqaro madaniy almashinuvda, shuningdek teng huquqli savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishdagi rolini hisobga olib,
fan, adabiyot va sanʼat asarlaridan foydalanish orqali madaniy qadriyatlar bilan oʻzaro ayirboshlash sohasida hamkorlikni yanada kengaytirishga intilib,
mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni oʻzaro muhofazalash shartlari va tartibini belgilash zaruratini eʼtirof etib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Mualliflik huquqi toʻgʻrisidagi umumjahon Konvensiyasining sobiq SSR Ittifoqi uchun kuchga kirgan sanasi (1973-yil 1973-yil) har bir Ishtirokchi-davlat oʻzini uning qoidalari bilan bogʻlangan deb hisoblaydigan sana ekanligidan kelib chiqib, Ishtirokchi-davlatlar oʻz hududlarida sobiq SSR Ittifoqining ushbu Konvensiyada (1952-yil tahririda) ishtirokidan kelib chiqadigan xalqaro majburiyatlarning bajarilishini taʼminlaydilar.
Har bir Ishtirokchi-davlat bu haqdagi zarur arizani Millatlar Tashkilotining Taʼlim, fan va madaniyat tashkiloti (YUNESKO) Bosh Direktoriga yuboradi.
2-modda
Ishtirokchi-davlatlar oʻzaro munosabatlarda Mualliflik huquqi toʻgʻrisidagi umumjahon Konvensiyasini (1952-yil tahririda) 1973-yil 27-maydan keyin yaratilgan asarlarga, hamda ushbu sanagacha Ishtirokchi-davlatlar qonunchiligi boʻyicha muhofazalagan asarlarga nisbatan milliy qonunchilikda oʻz mualliflariga oʻrnatilgan shartlarda qoʻllaydilar.
Mualliflik huquqini muhofazalash muddatlari muhofaza taqdim etayotgan Ishtirokchi-davlat qonunchiligiga muvofiq oʻrnatiladi, biroq u boshqa tegishli Ishtirokchi-davlatda oʻrnatilgan muhofaza muddatidan uzoqroq muddat mobaynida muhofazani taʼminlashga majbur emas.
3-modda
Ishtirokchi-davlatlar Adabiy va badiiy asarlarni himoya qilish toʻgʻrisidagi Bern konvensiyasi, Fonogramma ishlab chiqaruvchilarni ularning fonogrammalarini ruxsatsiz koʻpaytirishdan himoya qilish toʻgʻrisidagi Jeneva konvensiyasi, Ijrochilar, fonogrammalar ishlab chiqaruvchilari, radioeshittirish tashkilotlarining huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida Rim konvensiyasi talablari darajasida mualliflik huquqi va turdosh huquqlar muhofazasini taʼminlovchi qonun loyihalarini ishlab chiqish va qabul qilish uchun zarur choralarni koʻradilar.
4-modda
Ishtirokchi-davlatlar mualliflik huquqi va turdosh huquqlari obyektlaridan noqonuniy foydalanish bilan kurashish boʻyicha birgalikda faoliyat olib boradilar va oʻzlarining vakolatli tashkilotlari orqali aniq dasturlar va tadbirlar ishlab chiqishga koʻmaklashadilar.
5-modda
Ishtirokchi-davlatlar mualliflik huquqlarini jamoaviy boshqarish sohasida milliy mualliflik-huquqiy tashkilotlarni yaratish va faoliyat yuritishiga, ushbu tashkilotlar oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimlar tuzishga yordam beradilar.
6-modda
Ishtirokchi-davlatlar tegishli bitimlarda mualliflik va boshqa mukofotlarning ikki yoqlama soliqqa tortishning oldini olish, oʻzaro hisob-kitob qilish tartibini belgilash masalalarini hal qilishni koʻzda tutadilar va ularni oʻz vaqtida bajarish choralarini koʻradilar.
7-modda
Ushbu Bitim avval sobiq SSR Ittifoqiga kirgan boshqa davlatlarning unga qoʻshilishi uchun ochiqdir.
Ushbu Bitim uni imzolagan Ishtirokchi-davlatlarning Bitim kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan ichki davlat protseduralarini bajarganligi haqidagi uchinchi bildirishnomani depozitariyga topshirgan sanadan kuchga kiradi.
Boshqa Ishtirokchi-davlatlar uchun ushbu Bitim depozitariy ular ushbu protseduralarni bajarganligi toʻgʻrisidagi bildirishnomani olgan kundan kuchga kiradi.
Ishtirokchi-davlat bunday niyat yozma ravishda eʼlon qilingan kundan 12 oy oʻtgach, ushbu Bitimni bekor qilishi mumkin.
Moskva shahrida 1993-yili 24-sentabrda bir asl nusxada rus tilida tuzildi. Asl nusxa Belarus Respublikasi Hukumati Arxivida saqlanadi, u ushbu Bitimni imzolagan har bir davlatga uning tasdiqlangan nusxasini yuboradi.
(imzolar)