O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati o‘rtasida
Bitim
Xalqaro temir yo‘l aloqasi sohasidagi o‘zaro munosabatlar to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Turkmaniston Hukumati, keyingi o‘rinlarda “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataladi, ikki mamlakat o‘rtasidagi temir yo‘l aloqasini hamda ularning hududlari bo‘yicha uchinchi davlatga tranzit qatnovni amalga oshirishni osonlashtirishga intilib,
ikki davlat temir yo‘l transportini muvofiqlashtirishga va ularning birgalikdagi faoliyatiga muhim ahamiyat berib,
o‘z munosabatlarini o‘zaro yordam va o‘zaro manfaat ruhida rivojlantirishni istab,
quyidagilar to‘g‘risida ahdlashdilar:
1-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlararo va xalqaro aloqalarda Hamdo‘stlikka a’zo bo‘lgan davlatlar temir yo‘l ma’muriyatlari boshliqlarining Kengashida qabul qilingan muvofiqlashtirilgan tarif siyosatini amalga oshirish zarurligini tan oldilar.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar o‘z mamlakatlari o‘rtasidagi temir yo‘llarda yuklar va yo‘lovchilar tashishni mazkur Bitimni imzolash paytida amalda bo‘lgan normativ hujjatlar asosida amalga oshirishga kelishdilar.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar zarur hollarda tegishli bitim tuzgan holda ushbu yo‘nalishlarda qo‘shimcha tranzit yuk oqimlarini jalb etish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasidan Turkmaniston hududi bo‘ylab va Turkmanistondan O‘zbekiston Respublikasi hududi bo‘ylab temir yo‘l transporti orqali yuk va yo‘lovchilarni tranzit tashishda tarif siyosatini ishlab chiqishda o‘z harakatlarini muvofiqlashtirishga kelishdilar.
2-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar tashilgan yuklar uchun to‘lovni quyidagicha amalga oshirishga kelishib oldilar:
O‘zbekiston Respublikasidan Turkmaniston orqali O‘zbekistonga yuboriladigan tranzit yuklar uchun yuk jo‘natuvchi “O‘zbekiston temir yo‘llari” DATK bilan tuzilgan shartnomaga ega bo‘lgan ekspeditor orqali;
Turkmanistondan O‘zbekiston Respublikasi orqali Turkmanistonga yuboriladigan yuklar uchun — yuk o‘tadigan butun masofa uchun Turkmaniston Davlat temir yo‘llari orqali.
3-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar yangi bitimlar va shartnomalar tuzilgunga qadar yo‘lovchilar va yuklarni temir yo‘l transportida xalqaro tashish to‘g‘risidagi Bitimda va mazkur Bitimni imzolash davrida amalda bo‘lgan boshqa shartnomalarda o‘z ishtirokini saqlab qoladilar.
4-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ularning ichki qonunlariga muvofiq berilgan harakatdagi sostav va lokomotivlarni boshqarish to‘g‘risidagi guvohnomalarni va boshqa hujjatlarni, yuk tashish va transport-ekspeditsiya faoliyatining boshqa turlarini amalga oshirish uchun litsenziyalarni o‘z hududlarida o‘zaro tan oladilar.
5-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar:
o‘z hududlarida mavjud temir yo‘llar Ustavi, temir yo‘l transporti ishini tartibga soluvchi qoidalar, nizomlar, yo‘riqnomalar, standartlar, texnikaviy shartlar va boshqa normativ hujjatlar amal qilishiga;
temir yo‘l transporti boshqaruvining tegishli organlariga hamkorlik qilish, ilmiy-texnikaviy axborotni va hamkorlikni yanada rivojlantirishga yordam beruvchi boshqa axborotni ayirboshlash bo‘yicha muzokaralar olib borish huquqini berishga;
o‘zaro asosda tomonlar manfaatiga tegishli bo‘lgan va temir yo‘l transporti ishini tartibga soluvchi amaldagi normativ hujjatlarni o‘zgartirishga va yangilarini joriy etishga kelishdilar.
6-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oziq-ovqat mahsulotlari, don, neft mahsulotlari va boshqa yuklar uzluksiz keltirilishi va olib chiqib ketilishi maqsadida O‘zbekiston Respublikasiga va Turkmanistonga tegishli bo‘lgan o‘z vagonlari va ijaraga olingan vagonlar o‘z vaqtida qaytarilishini ta’minlaydilar.
7-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar temir yo‘l xodimlariga ikkinchi davlat hududida bo‘lgan paytlarida o‘z xizmat vazifalarini bajarishda yordam berish, to‘satdan kasal bo‘lgan yoki jarohat olganlari taqdirda tekin tibbiy yordam ko‘rsatish majburiyatini o‘z zimmalariga oladilar.
8-modda
Mazkur Bitimning alohida moddalarini talqin qilish va bajarish bilan bog‘liq holda paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha nizoli masalalar muzokaralar olib borish va maslahatlashish yo‘li bilan hal etiladi.
9-modda
Ahdlashuvchi Tomonlarning mazkur Bitim bajarilishi uchun javob beruvchi vakolatli organlari quyidagilar hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasidan — “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksionerlik kompaniyasi.
Turkmanistondan — Turkmaniston davlat temir yo‘li.
10-modda
Mazkur Bitim noaniq muddatga tuzilgan va imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
Ahdlashuvchi Tomonlarning istalgan biri Bitimning amal qilishini to‘xtatish yoki uni rad etish mo‘ljallangan sanadan kamida uch oy oldin bu haqda ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonni yozma ravishda xabardor qilgan holda mazkur Bitimning amal qilishini to‘xtatishga yoki uni rad etishga haqlidir.
1996-yil 16-yanvarda, Chorjo‘y shahrida, o‘zbek, turkman va rus tillarida ikki nusxada tuzildi. Matnlarda farqlar kelib chiqqan taqdirda rus tilidagi matn asos qilib olinadi.
(imzolar)