O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining
Qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI I. A. KARIMOVNING AXBOROTI TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. A. Karimovning respublika Hukumati o‘tkazayotgan ichki va tashqi siyosatning asosiy yo‘nalishlari, iqtisodiy va ijtimoiy ahvol, mavjud obyektiv qiyinchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi axborotini tinglab, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi o‘tkazib kelayotgan ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni har taraflama mustahkamlashga, ko‘p millatli respublika barcha aholisining teng huquqliligi va xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan ishlar asosan ma’qullansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga O‘zbekistonning chinakam mustaqilligiga erishish, uning xalqaro obru-e’tiborini yanada oshirish yuzasidan belgilangan chora-tadbirlarni bundan buyon ham izchilik bilan amalga oshirib boraverish taklif etilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995-yil 31-avgustdagi 119-I-son qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1995-y., 9-son, 194-modda)
3. O‘zbekiston Respublikasi Hukumati:
— O‘zbekiston Respublikasi qonunlari ijrosini yanada to‘laroq ta’minlash yuzasidan normativ hujjatlar ishlab chiqish va qabul qilishni jadallashtirsin. Respublika iqtisodiyotining bozor munosabatlariga kirishi bilan bog‘liq masalalarga, shuningdek yangicha sharoitda aholini ijtimoiy jihatdan himoya qilish siyosatini sabot bilan amalga oshirish zarurligiga e’tibor bersin;
— davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishning 1992-1993-yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi qabul qilingunga qadar “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida”gi Qonun amalga kiritilganidan keyin tuzilgan mulkchilik shaklini hamda davlat mol-mulkining egalarini o‘zgartirish haqidagi shartnomalarni (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining qarorida qayd etilgan hollar bundan mustasnodir) haqiqiy emas, deb topsin;
O‘zbekiston Respublikasini Qo‘shilmaslik harakatiga a’zolikka qabul qilish iltimosi bilan murojaat etsin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Raisi Sh. YO‘LDOShEV
Toshkent sh.,
1992-yil 2-iyul,
613-XII-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1, 2 va 3-ilovalar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995-yil 31-avgustdagi 119-I-son qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1995-y., 9-son, 194-modda)
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 9-son, 325-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 9-son, 194-modda)