O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ozarboyjon Respublikasi Hukumati o‘rtasida
Bitim
Sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Ozarboyjon Respublikasi Hukumati, keyingi o‘rinlarda Tomonlar deb ataladi,
har ikkala davlat xalqlari o‘rtasidagi an’anaviy munosabatlarni hisobga olib,
Tomonlarning sog‘liqni saqlash sohasidagi o‘zaro foydali va teng huquqli hamkorlikdan manfaatdorligini e’tiborga olib,
quyidagilar to‘g‘risida ahdlashdilar:
1-modda
Tomonlar sog‘liqni saqlash va tibbiyot sanoati sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirishga ko‘maklashadilar.
2-modda
Tomonlar quyidagi sohalarda o‘zaro foydali hamkorlikni rivojlantiradilar:
birinchi va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish;
ona va bola salomatligini muhofaza qilish;
profilaktik tibbiyot va atrof muhit muhofazasi;
farmatsiya va tibbiyot texnikasi;
favqulodda vaziyatlarda paydo bo‘ladigan tibbiy-sanitariya oqibatlari oldini olish va tugatish;
operativ axborot ayirboshlash;
Tomonlar hududida o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishiga qarshi epidemiologik nazorat o‘tkazish.
3-modda
Tomonlar bemorlarning ahvoli og‘ir bo‘lgan hollarda — tekin, bemorlarni rejali usul bilan davolashda tijorat asosida tibbiy yordam ko‘rsatadilar.
4-modda
Tomonlardan har biri sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirishda, tibbiyot organlari va muassasalari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni tashkil etishda, shuningdek mutaxassislar ayirboshlashda, konferensiyalar, simpoziumlar va seminarlar o‘tkazishda o‘zaro yordam ko‘rsatadilar.
5-modda
Tomonlar dorivor vositalar, tibbiyot jihozlari va texnikasi ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxonalar tashkil etilishiga, shuningdek ularning ro‘yxatdan o‘tkazilishiga va o‘zaro yetkazib berilishiga ko‘maklashadilar.
6-modda
Tomonlar favqulodda vaziyatlarda shoshilinch tekin davolash-maslahat yordami ko‘rsatadilar.
7-modda
Sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikning aniq shakllari va shartlari Tomonlar davlat boshqaruvining tegishli organlari o‘rtasida tuziladigan alohida bitimlar bilan tartibga solinadi.
8-modda
Tomonlar zaruriyat bo‘lsa mazkur Bitimni amalga oshirish va o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida tavsiyalar tayyorlash uchun qo‘shma komissiya tashkil etishlari mumkin.
9-modda
Mazkur Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi, besh yil davomida amal qiladi va, agar Tomonlardan hech biri tegishli muddat tamom bo‘lguniga qadar uning amal qilishini to‘xtatish haqidagi o‘z niyati haqida kamida olti oy oldin ikkinchi Tomonni yozma ravishda xabardor qilmasa, keyingi besh yillik davrlarga o‘z-o‘zidan uzaytiriladi.
1996-yil 27-mayda Baku shahrida har biri o‘zbek, ozarboyjon va rus tillarida bo‘lgan ikki nusxada tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga egadir.
Mazkur Bitimning qoidalarini talqin qilish maqsadida rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)