OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
QIShLOQ XOʻJALIK OʻSIMLIKLARINI ZARARKUNANDALAR, KASALLIKLAR VA BEGONA OʻTLARDAN HIMOYA QILISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 9-noyabrdagi OʻRQ-877-sonli “Oʻsimliklarni himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan 2024-yil 11-fevraldan oʻz kuchini yoʻqotadi.
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi qishloq xoʻjalik oʻsimliklarini zararkunandalar, kasalliklar va begona oʻtlardan himoya qilishni taʼminlash, oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining inson sogʻligʻiga, atrof tabiiy muhitga zararli taʼsirining oldini olish bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Oʻsimliklarni himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik
Oʻsimliklarni himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi munosabatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasining qonunchiligi bilan ham tartibga solinadi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining oʻsimliklarni himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
begona oʻtlar — biologik va ekologik jihatdan madaniy oʻsimliklar orasida oʻsib koʻpayishga moslashgan, hosilni hamda mahsulot sifatini pasaytiruvchi yovvoyi yoki yarim xonaki oʻsimliklar;
zararkunandalar — qishloq xoʻjalik oʻsimliklariga va ularning hosiliga zarar yetkazadigan jonivorlar va hasharotlar;
pestitsidlar — oʻsimlik zararkunandalari, kasalliklari va begona oʻtlarga qarshi kurashda ishlatiladigan kimyoviy moddalar, shuningdek qishloq xoʻjalik oʻsimliklari rivojining regulyatorlari va defoliantlari;
fitosanitariya nazorati — zararli organizmlar va ular tabiiy kushandalarining tarqalishi, shuningdek ularning rivojlanish surʼati va zararlilik darajasini kuzatib borish hamda aniqlash;
oʻsimliklarni himoya qilish vositalari — oʻsimliklarni himoya qilish uchun ishlatiladigan kimyoviy va biologik vositalar;
oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini qoʻllash reglamenti — oʻsimliklarni himoya qilish vositasi sifatida qoʻllaniladigan har bir kimyoviy yoki biologik vositadan foydalanishda rioya etilishi shart boʻlgan talablar (usullar, davriylik, muddatlar, normalar va boshqalar);
oʻsimliklarni himoya qilishning biologik vositalari — oʻsimlik zararkunandalari, kasalliklariga va begona oʻtlarga qarshi kurashda ishlatiladigan tabiiy organizmlarga aynan oʻxshash biologik moddalar, sunʼiy ravishda yaratilgan mavjudotlar, genetik yetishtirilgan oʻsimlik yoki boshqa organizm.
4-modda. Oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi davlat boshqaruvi va nazorati
Oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi davlat boshqaruvi va nazorati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi maxsus vakolat bergan organ (bundan buyon — maxsus vakolatli organ deb yuritiladi), Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va boshqa davlat boshqaruvi organlari tomonidan qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
(4-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 26-apreldagi OʻRQ-685-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2021-y., 03/21/685/0373-son)
5-modda. Maxsus vakolatli organning vakolatlari
Maxsus vakolatli organ:
oʻsimliklarni himoya qilishning samarali, ekologik jihatdan xavfsiz va kam zaharli vositalarini qoʻllash hisobiga qishloq xoʻjalik ekinlari hosildorligini oshirish va ularning hosilini saqlab qolishga qaratilgan oʻsimliklarni himoya qilish vositalaridan foydalanishning yagona siyosatini amalga oshiradi;
oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish sinovlari natijalari yuzasidan xulosa beradi;
oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini qoʻllash reglamentlari va qoidalarini ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligida oʻsimlik zararkunandalari, kasalliklariga va begona oʻtlarga qarshi foydalanish uchun ruxsat etilgan kimyoviy va biologik himoya vositalari, defoliantlar hamda oʻsimliklarni oʻsishini boshqaruvchi vositalar roʻyxatini yuritadi hamda vaqti-vaqti bilan eʼlon qilib boradi;
oʻsimliklarni himoya qilishda Qoʻllanilishi taqiqlangan hamda cheklangan faol va nofaol ingrediyentlar reyestrini yuritadi;
oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini ishlab chiqarish va ulardan foydalanish, ularni qoʻllash reglamentlariga rioya etish, oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining inson sogʻligʻi va atrof muhitga taʼsirini aniqlash bilan bogʻliq davlat boshqaruvi organlarining faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
Oʻzbekiston Respublikasi korxonalarida ishlab chiqariladigan va import boʻyicha olib kelinayotgan oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining sifati ustidan nazoratni uyushtiradi, ulardan foydalanishga doir xulosalar beradi, agar inson sogʻligʻi va atrof muhitga nomaqbul taʼsir koʻrsatayotgani aniqlansa, ulardan foydalanishni toʻxtatib qoʻyadi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
(5-moddaning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
6-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi:
oʻsimliklarni himoya qilishning davlat dasturlarini roʻyobga chiqaradi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga boshqa mamlakatlardan oʻsimliklarning karantinli va oʻta xavfli zararkunandalari, kasalliklari hamda begona oʻtlar kirib kelishi xavfining oldini olish va unga barham berish choralarini koʻradi;
oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini, yangi texnika va texnologiya jarayonlari hamda ulardan foydalanish usullarini yaratish, sinash va joriy etishga doir ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va loyihalash ishlarini muvofiqlashtiradi;
oʻsimliklarni himoya qilish boʻyicha mutaxassislar tayyorlanishi, qayta tayyorgarlikdan oʻtkazilishi va malakasi oshirilishini taʼminlaydi;
kimyoviy, biologik va boshqa preparatlarni qoʻllash boʻyicha uslubiy koʻrsatmalar, tavsiyanomalar ishlab chiqadi va ularni tasdiqlaydi;
oʻsimliklarni himoya qilish vositalaridan samarali foydalanishni, shuningdek ularni tashish, saqlash qoidalari va qoʻllash reglamentlariga rioya etilishini uyushtiradi;
qishloq xoʻjaligi oʻsimliklarini himoya qilishning kimyoviy va biologik vositalariga boʻlgan, favqulodda vaziyat hollari uchun esa kimyoviy vositalarning zaxiralarini shakllantirishga boʻlgan ehtiyojini aniqlaydi;
oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini qoʻllashning sifati ustidan nazorat olib boradi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
(6-moddaning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
7-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi vakolatlari
(7-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 26-apreldagi OʻRQ-685-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2021-y., 03/21/685/0373-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati:
(7-moddaning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 26-apreldagi OʻRQ-685-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2021-y., 03/21/685/0373-son)
oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini ishlab chiqarish, saqlash, realizatsiya qilish, tashish, ulardan foydalanish, ularni zararsizlantirish, utilizatsiya qilish va koʻmib tashlash normalari, qoidalari hamda normativlariga rioya etilishi ustidan sanitariya-gigiyena nazoratini amalga oshiradi;
toksikologik-gigiyenik jihatdan baho berish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar tashkil etadi va oʻtkazadi, pestitsidlarning oziq-ovqat mahsulotlaridagi, ishlab chiqarish va atrof muhit obyektlaridagi gigiyenik normativlari hamda reglamentlarini ishlab chiqadi;
oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining davlat sanitariya-gigiyena ekspertizasini oʻtkazadi;
oʻsimliklarni himoya qilish vositalari bilan bevosita ishlaydigan shaxslarning dastlabki va vaqti-vaqti bilan tibbiy koʻriklardan oʻtishini, pestitsidlar bilan zaharlangan bemorlarga tashxis qoʻyilishini tashkil etadi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
(7-moddaning oltinchi xatboshisi Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
8-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi vakolatlari
(8-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrdagi OʻRQ-446-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 978-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi:
(8-moddaning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrdagi OʻRQ-446-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 978-modda)
roʻyxatga olish uchun taqdim etiladigan oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining atrof tabiiy muhitga koʻrsatadigan taʼsiriga baho beradi;
oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining davlat ekologik ekspertizasini oʻtkazadi;
oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining yaroqsizlarini, chiqindilarni va idishlarni koʻmib tashlash jarayonida ishtirok etadi;
(8-moddaning birinchi qismi toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 11-dekabrdagi OʻRQ-381-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 50-son, 588-modda)
oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini, boshqa kimyoviy moddalar va dorilarni ishlab chiqarish, tashish, saqlash, qoʻllash, zararsizlantirish, utilizatsiya qilish, yoʻq qilib tashlash va koʻmib tashlashda atrof muhitni muhofaza qilish talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
(8-moddaning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
9-modda. Davlat fitosanitariya nazorati
Davlat fitosanitariya nazorati Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining oʻsimliklarni himoya qilish xizmati tomonidan amalga oshiriladi.
10-modda. Yuridik va jismoniy shaxslarning oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi majburiyatlari
Yuridik va jismoniy shaxslar oʻsimliklarni himoya qilish sohasida:
zararkunandalar, kasalliklar va begona oʻtlarning keng rivojlanishi hamda tarqalishining oldini olish maqsadida qishloq xoʻjaligi yerlarini muntazam ravishda nazarlaridan oʻtkazishlari va himoyalash tadbirlarini amalga oshirishlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi oʻsimliklarni himoya qilish xizmatining talabiga binoan oʻz hududlaridagi yerlar, oʻsimliklar va saqlanayotgan qishloq xoʻjalik mahsulotlarining fitosanitariya holatiga, shuningdek ularni himoya qilish tadbirlarining amalga oshirilishi va oʻsimliklarni himoya qilish vositalaridan foydalanilishiga doir maʼlumotni taqdim etishlari;
odamlar va jonivorlarning xavfsizligini taʼminlashlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining oʻsimliklarni himoya qilish xizmatini xavfli fitosanitariya oqibatlariga olib kelishi mumkin boʻlgan vaziyatlardan xabardor qilishlari;
oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini olib kirish, saqlash, tashish, realizatsiya qilish va ulardan foydalanish yuzasidan belgilangan qoidalar hamda tartibga rioya etishlari, mazkur vositalar qishloq xoʻjalik mahsulotlari va atrof muhitni ifloslantirishiga yoʻl qoʻymasliklari shart.
Yuridik va jismoniy shaxslar zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
(10-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
11-modda. Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish
Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan yoki boshqa mamlakatlardan olib kelinadigan oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olinishi shart.
Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish maxsus vakolatli organ tomonidan roʻyxatga olish sinovlarining natijalari asosida amalga oshiriladi.
Oʻsimliklarni himoya qilish vositalari besh yil muddatga roʻyxatga olinadi.
Belgilangan tartibda roʻyxatga olinmagan oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini ishlab chiqarish, olib kelish, realizatsiya qilish va qoʻllash taqiqlanadi.
12-modda. Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish sinovlari
Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish sinovlari ularni qoʻllash reglamentlarini ishlab chiqish va asoslash uchun oʻtkazilib:
oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini qoʻllash samaradorligini aniqlashni;
oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining inson sogʻligʻiga salbiy taʼsirining qay darajada xavfliligini baholashni va gigiyena normativlarini, sanitariya normalari hamda qoidalarini ishlab chiqishni;
oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini qoʻllashga ekologik jihatdan baho berishni oʻz ichiga oladi.
Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish toʻgʻrisida talabnoma bergan yuridik va jismoniy shaxslar roʻyxatga olish sinovlarini oʻtkazish uchun oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining texnik hujjatlari va namunalarini taqdim etishlari shart.
Roʻyxatga olish sinovlarini oʻtkazish muddati ikki yildan oshmasligi lozim.
13-modda. Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish sinovlarining natijalariga doir xulosa
Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish sinovlarining natijalariga doir xulosa maxsus vakolatli organ tomonidan tayyorlanadi.
Roʻyxatga olish sinovlari natijalariga doir xulosa tayyorlash muddati olti oydan oshmasligi lozim.
Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish toʻgʻrisida talabnoma bergan, shuningdek ularni yaratgan shaxslar oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish sinovlari natijalariga doir xulosa tayyorlanishida qatnashishga haqli emaslar.
Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish sinovlari natijalariga doir xulosa ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
14-modda. Roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi guvohnoma
Maxsus vakolatli organning oʻsimliklarni himoya qilish vositasini roʻyxatga olish haqidagi qarori roʻyxatga olganlik toʻgʻrisida guvohnoma berish va vositani Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligida oʻsimlik zararkunandalari, kasalliklariga va begona oʻtlarga qarshi foydalanish uchun ruxsat etilgan kimyoviy va biologik himoya vositalari, defoliantlar hamda oʻsimliklarni oʻsishini boshqaruvchi vositalar roʻyxatiga kiritish uchun asos hisoblanadi.
Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining roʻyxatga olinganligi haqidagi roʻyxatga olinganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaning shakli Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
15-modda. Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini qayta roʻyxatga olish
Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini qayta roʻyxatga olish belgilangan tartibda maxsus vakolatli organ tomonidan tegishli ariza asosida amalga oshiriladi.
Oʻsimliklarni himoya qilish vositalari yangi muddatga qayta roʻyxatga olinganda ular qayta roʻyxatga olish muddati davomida maxsus vakolatli organning ruxsati bilangina qoʻllanilishi mumkin.
16-modda. Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olganlik va qayta roʻyxatga olganlik uchun haq toʻlash
Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olganlik va qayta roʻyxatga olganlik uchun toʻlanadigan haq miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
17-modda. Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining roʻyxatga olinganligini bekor qilish
Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olganlik quyidagi hollarda bekor qilinishi mumkin:
qoʻllanilayotgan vositalar tarkibida aralashmalar boʻlsa yoki ularning tarkibi roʻyxatga olingan tarkibdan farq qilsa;
roʻyxatga olingan oʻsimliklarni himoya qilish vositalari qoʻllanilganda fuqarolar sogʻligʻiga, atrof muhitga yoki foydali entomofaglarga zarar yetkazilishi ehtimoli toʻgʻrisida yangi ilmiy jihatdan tasdiqlangan maʼlumotlar mavjud boʻlsa.
Roʻyxatga olingan oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining nomaqbul xossalari, biologik jihatdan samaradorligi past ekanligi aniqlangan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining xulosasi asosida maxsus vakolatli organ ularning roʻyxatga olinganligini bekor qiladi.
(17-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 26-apreldagi OʻRQ-685-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2021-y., 03/21/685/0373-son)
18-modda. Taqiqlangan faol va nofaol ingrediyentlarni hisobga olish
Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining qoʻllanilishi taqiqlangan yoki cheklangan faol va nofaol ingrediyentlarini maxsus vakolatli organ Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda aniqlaydi va Qoʻllanilishi taqiqlangan va cheklangan faol hamda nofaol ingrediyentlar reyestriga kiritadi.
(18-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 26-apreldagi OʻRQ-685-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2021-y., 03/21/685/0373-son)
19-modda. Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini tajriba tarzida qoʻllash
Oʻsimliklarni himoya qilish yuzasidan roʻyxatga olinmagan oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini qoʻllagan tarzda shoshilinch choralar koʻrish talab qilinadigan vaziyatlar yuzaga kelgan hollarda bunday vositalarni bir yilgacha muddatda tajriba tarzida qoʻllashga yoʻl qoʻyiladi.
Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini tajriba tarzida qoʻllash uchun ruxsatnoma maxsus vakolatli organ tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan kelishilgan holda beriladi.
(19-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 26-apreldagi OʻRQ-685-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2021-y., 03/21/685/0373-son)
Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini tajriba tarzida qoʻllash uchun ruxsatnoma berishda maxsus vakolatli organ tajriba rahbarini, shuningdek uni oʻtkazish qoidalari va shartlarini belgilaydi.
Tajriba tarzida qoʻllash muddati tugaganidan keyin tajriba rahbari maxsus vakolatli organga tajriba natijalari toʻgʻrisida hisobot, shuningdek oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining qoldiqlari, tajriba oʻtkazishda foydalanilgan priborlar va moslamalarning turgan joyi haqida hisobot taqdim etadi.
20-modda. Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini standartlash, sertifikatlash va markirovkalash
Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini standartlash, sertifikatlash va markirovkalash qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(20-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
21-modda. Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini realizatsiya qilish, olib kirish va olib chiqish
Muvofiqlik sertifikatiga ega boʻlgan, roʻyxatga olingan va Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligida oʻsimlik zararkunandalari, kasalliklariga va begona oʻtlarga qarshi foydalanish uchun ruxsat etilgan kimyoviy va biologik himoya vositalari, defoliantlar hamda oʻsimliklarni oʻsishini boshqaruvchi vositalar roʻyxatiga kiritilgan oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini realizatsiya qilish, olib kirish va olib chiqishga yoʻl qoʻyiladi.
22-modda. Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini qoʻllash
Oʻsimliklarni himoya qilish vositalari fitosanitariya, sanitariya va ekologiya vaziyatini hisobga olgan holda qonunchilikda belgilangan tartibda qoʻllaniladi.
(22-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
23-modda. Oʻsimliklarni himoya qilish vositalari bilan ishlayotgandagi ehtiyot choralari toʻgʻrisidagi maʼlumot
Isteʼmolchilarni oʻsimliklarni himoya qilish vositalari bilan ishlayotgandagi ehtiyot choralari toʻgʻrisidagi maʼlumot bilan taʼminlash maqsadida yuridik yoki jismoniy shaxslar oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini tashish, qoʻllash va saqlashga doir maʼlumot hamda ogohlantiruvchi markirovkasi boʻlgan idish yorligʻini taqdim etishlari shart.
Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini tashish, qoʻllash va saqlash toʻgʻrisidagi tavsiyanomalarning shakli va ularni tasdiqlash tartibiga hamda idish yorligʻiga nisbatan qoʻyiladigan talablar maxsus vakolatli organ tomonidan belgilanadi.
24-modda. Kimyoviy moddalar, biologik vositalar va materiallarni saqlash, qoʻllash, zararsizlantirish, yoʻq qilib yuborish, utilizatsiya qilish, tashish va koʻmib tashlashga doir talablar
Yuridik va jismoniy shaxslar kimyoviy moddalar, biologik vositalar va materiallarni saqlash, qoʻllash, zararsizlantirish, utilizatsiya qilish, tashish va koʻmib tashlash chogʻida fuqarolarning sanitariya-epidemiologiya jihatidan bexatarligini taʼminlovchi sanitariya-gigiyena normalari, qoidalari va normativlariga, hayvonat dunyosi va hayvonlarning yashash muhitini muhofaza qilish talablariga, oʻsimlik dunyosi obyektlari va ularning oʻsib koʻpayish muhitini muhofaza qilish talablariga rioya etishlari shart.
Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini faqat ularni saqlashga moʻljallangan maxsus omborxonalarda saqlashga ruxsat etiladi. Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini idishsiz saqlash taqiqlanadi.
Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini faqat maxsus moslangan transport vositalarida tashishga yoʻl qoʻyiladi.
Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini saqlash va tashish chogʻida odamlar sogʻligʻiga va atrof muhitga zarar yetkazilishini istisno etadigan talablarga rioya qilinishi zarur.
Yaroqsiz holga kelgan va (yoki) qoʻllanilishi taqiqlangan oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini, shuningdek ularning idishlarini zararsizlantirish, utilizatsiya qilish, yoʻq qilib yuborish va koʻmib tashlash qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(24-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Yaroqsiz holga kelgan va (yoki) qoʻllanilishi taqiqlangan oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini, shuningdek ularning idishlarini yoʻq qilib yuborish usullari oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining tayyorlovchilari tomonidan ishlab chiqiladi hamda maxsus vakolatli organ, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati va Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan kelishib olinadi.
(24-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 26-apreldagi OʻRQ-685-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2021-y., 03/21/685/0373-son)
25-modda. Ekologik xavf ehtimoli boʻlgan vaziyatlar
Oʻsimliklarni himoya qilish uchun qoʻllaniladigan oʻta toksik, kuchli taʼsir etuvchi zaharli, radioaktiv va boshqa moddalarni ishlab chiqarish, saqlash, tashish va ulardan foydalanishda ekologik xavfli vaziyatlar yuzaga kelishi ehtimoli paydo boʻlganda tegishli ishlab chiqarish obyektlari atrofida, transport magistrallari yoqalab qonunchilikka muvofiq alohida huquqiy rejim oʻrnatiladi.
(25-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
26-modda. Oʻzlariga berib qoʻyilgan yer uchastkalarida fuqarolarning oʻsimliklarni himoya qilish vositalaridan foydalanishi
Oʻzlariga berib qoʻyilgan yer uchastkalarida fuqarolar foydalanadigan oʻsimliklarni himoya qilish vositalari oddiy va ishlatish uchun xavfsiz boʻlishi lozim.
Oʻzlariga berib qoʻyilgan yer uchastkalarida fuqarolar foydalanishlariga ruxsat etilgan oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxati maxsus vakolatli organ tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati va Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
(26-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 26-apreldagi OʻRQ-685-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2021-y., 03/21/685/0373-son)
27-modda. Oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi nizolarni hal etish
Oʻsimliklarni himoya qilish sohasida yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(27-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
28-modda. Oʻsimliklarni himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Oʻsimliklarni himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikning buzilishida aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(28-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 31-avgust,
116-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-y., 7-8-son, 208-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 50-son, 588-modda; 2017-y., 37-son, 978-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son, 27.04.2021-y., 03/21/685/0373-son)