O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
BELGIYA QIROLLIGI FUQAROLARI UCHUN VIZA TARTIBOTLARINI SODDALASHTIRISH TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-oktabrdagi 662-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi bilan Belgiya Qirolligi o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnik va madaniy hamkorlikni yanada faollashtirish, ishbilarmonlik va turistik maqsadlarda O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyurayotgan Belgiya Qirolligi fuqarolari uchun vizalarni rasmiylashtirish tartibotlarini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
ishbilarmonlik maqsadlarida O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyurayotgan Belgiya Qirolligi fuqarolari uchun bir yil muddatga ko‘p martalik vizalarni, O‘zbekiston Respublikasidagi taklif qilayotgan yuridik shaxsning O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qilishiga doir talabni bekor qilgan holda O‘zbekiston Respublikasining xorijiy muassasalarida 2 ish kunida rasmiylashtirsin;
turist sifatida O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyurayotgan Belgiya Qirolligi fuqarolari uchun 1 oygacha bo‘lgan muddatga ko‘p martalik vizalarni, turistik tashkilotlarning turistik vaucherlarini taqdim etish zarurligiga doir talabni bekor qilgan holda 2 ish kunida rasmiylashtirsin.
(1-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-apreldagi 207-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 15-son, 257-modda)
2. O‘zbekiston Respublikasining manfaatdor vazirliklari va idoralari o‘z idoraviy hujjatlarini mazkur qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 27-fevral,
108-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2003-y., 4-son, 41-modda; 2017-y., 15-son, 257-modda)