O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI FAN VA TEXNIKA DAVLAT KOMITETI (O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI FTDK)NI TAShKIL QILISh TO‘G‘RISIDA
Ushbu Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 20-fevral PF-3029-sonli “Ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni bilan o‘z kuchini yo‘qotdi.
Fan va texnika sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishda respublikaning ilmiy quvvatidan samarali foydalanish, fan va ishlab chiqarishning hamkorlik vositasini shakllantirish, patent-litsenziya va ilmiy axborot faoliyatini takomillashtirish, xalqaro ilmiy texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida va O‘zbekiston fan-texnika jamoatchilikning takliflarini e’tiborga olib:
1. Iqtisodiyot komiteti va unga qarashli ilmiy tashkilotlar negizida hamda ular soni va mablag‘lari hisobiga O‘zbekiston Respublikasining Fan va texnika davlat komiteti (O‘zbekiston Respublikasi FTDK) tashkil qilinsin.
FTDK huzurida respublika fan-texnika va patent-litsenziya axboroti markazi (O‘zFTPA) tashkil qilinsin.
2. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat komitetining bosh vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari qilib belgilansin:
fan-texnika taraqqiyotining respublika uchun ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, fan va texnikani rag‘batlantirish vositalarini ishlab chiqish asosida fan-texnika sohasidagi davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish;
katta ilmiy-texnikaviy dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, istiqbolli yechimlar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy etishni tashkil qilish yuzasidan ilmiy-tadqiqot hamda loyiha-konstruktorlik tashkilotlari, korxonalar, birlashmalar faoliyatining muvofiqlashtirilishini ta’minlash, fanning ishlab chiqarish bilan aloqasini mustahkamlash;
fan va texnika sohasi tarmoqlari majmuini, fan bilan ishlab chiqarishning ilg‘or hamkorlik shakllarini tashkil etish va rivojlantirish, yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlashni takomillashtirish;
respublikaning xalqaro ilmiy-texnikaviy hamkorlikda qatnashishi ustuvor yo‘llari va asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqish, chet mamlakatlar, ilmiy va o‘quv markazlari hamda boshqa tashkilotlar bilan fan, texnika sohasida va kadrlar tayyorlashda aloqalarni muvofiqlashtirish va ularni kengaytirishga ko‘maklashish;
fan va texnikaning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy-texnikaviy loyihalar va dasturlarni davlat ekspertizasidan o‘tkazishni tashkil qilish va shu ishlarni amalga oshirish, fan va texnika yutuqlari joriy etilishini, xalq xo‘jaligi tarmoqlarini ilmiy-texnikaviy darajasini nazorat qilish;
fan va texnika sohasida mualliflik huquqlari muhofaza qilinishini, kashfiyotlar, ixtirolar, sanoat namunalari va tovar belgilaridan O‘zbekiston Respublikasida samarali foydalanishni ta’minlaydigan tizimni vujudga keltirish;
patent-litsenziya ishlarini tashkil qilish va muvofiqlashtirish, respublika patent jamg‘armasini tuzish, patentlash masalalarida korxonalar va tashkilotlarga maslahatlar hamda uslubiy yordam berish;
axborot tizimlari va axborot bozorini shakllantirish yuzasidan respublikada o‘tkazilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish, Vatanimizdagi va chet ellardagi ilm-fan, texnika hamda texnologiyalarning eng yaxshi yutuqlari to‘g‘risida boshqaruv organlarini, korxonalar, ilmiy va o‘quv tashkilotlarini axborot bilan ta’minlash.
3. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasining Fan va texnika davlat komiteti o‘z huquq, doirasida qabul qilgan qarorlar kimga bo‘ysunishdan va mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar, korxonalar, ilmiy tashkilotlar va muassasalar uchun majburiydir.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta ichida O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat komitetining faoliyatini tashkil etish masalalariga doir qarorni qabul qilishi, Komitet tuzilmasini va uning haqidagi Nizomni tasdiqlashi zarur.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 18-fevral,
PF-345-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 4-son, 199-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 3-son, 48-modda)